136 o‘zbekistonlik Qirg‘izistonga kiritilmadi
Olam
−
11 yanvar 2024
11952Qirg‘izistonga kirish qoidalariga rioya qilinmagani uchun 136 nafar O‘zbekiston fuqarosi qirg‘iz-o‘zbek chegarasidan o‘tkazilmagan. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmati vakili Melis Pamirovga tayanib, “24.kg” nashri yozmoqda.
Qayd etilishicha, mamlakatga kirishni rad etish to‘g‘risidagi qarorlar qonunbuzarlik emas. O‘zbekiston fuqarolari respublikada 60 kun davomida hech qanday to‘siqlarsiz qolishlari mumkin, shundan so‘ng ular viza olish uchun ariza topshirishlari kerak.
Qozog‘iston fuqarolari uchun yangilangan qoidalar esa 2024 yil sentyabridan kuchga kiradi. 60 kundan keyin ular Davlat ro‘yxatga olish xizmatida ro‘yxatdan o‘tishlari kerak.
Tashqi ishlar vazirligi Konsullik boshqarmasi uchinchi kotibi Azamat Kalisbekov xorijiy fuqarolarning bo‘lish tartibiga oid yangi nizomga o‘xshash qoidalar boshqa mamlakatlarda ham keng tarqalganligini bildirgan.
“Asosiy maqsad – xorijliklarning Qirg‘iziston hududida tegishli hujjatlarsiz cheksiz qolishiga chek qo‘yish. Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasida kiritilmagan fuqarolar chiqish va kirish muddatlarini o‘zgartirmoqchi bo‘lgan. Endi bunday bo‘lmaydi. Ular qat’iy qoidalarga ko‘ra, tashrif maqsadini ko‘rsatishi va ruxsatnoma olishi kerak”, deydi Tashqi ishlar vazirligi vakili.
Raqamli rivojlanish vazirligi huzuridagi Aholini ro‘yxatga olish departamenti migratsiya bo‘limi bosh mutaxassisi Gulbarchin Turduboyeva xorijlik fuqarolarni ro‘yxatga olish tizimi o‘tgan yilga nisbatan o‘zgarmaganini qo‘shimcha qilgan.
“Chet ellik fuqaro ro‘yxatdan o‘tayotganda yashash maqsadini ko‘rsatishi va ish beruvchi bilan kelishuvini ko‘rsatishi kerak. Shunda u chiqish va kirishda muammoga duch kelmaydi. Agar siz mamlakatga vizasiz kirish huquqiga ega bo‘lmasangiz, boshqa davlatda bo‘lganingizda ham elektron vizaga murojaat qilishingiz mumkin”, deydi u.
2023 yil oktyabr oyida chet el fuqarolarining Qirg‘izistonda bo‘lish qoidalari yangilangan edi. Agar chet el fuqarosi mamlakatda 60 kun davomida ro‘yxatdan o‘tmasdan qolsa, u viza uchun ariza topshirishi yoki shu vaqt ichida mamlakatni tark etishi kerak. 60 kunlik muddatni to‘ldirib, Qirg‘izistondan chiqib ketgan fuqarolarga yana 60 kundan keyin kirishga ruxsat beriladi.
Qirg‘izistonga 90 kungacha vizasiz tashrif buyurishi mumkin bo‘lgan fuqarolar uchun muddatlar “90/180” tamoyili bo‘yicha hisoblanadi.
LiveBarchasi