12 davlat Rossiyaning “soya floti”ga qarshi kurashish uchun birgalikda ishlaydi

Olam

image

Yevropaning o‘n ikki davlati – Germaniya, Buyuk Britaniya, Polsha, Niderlandiya, beshta Shimoliy Yevropa davlati va Boltiqbo‘yining uchta davlati – Rossiya G7 tomonidan belgilangan narx chegarasini chetlab o‘tib, neft eksport qiladigan soya flotiga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi. Bu haqda kecha, 16 dekabr kuni Estoniya hukumati saytida chop etilgan qo‘shma bayonotda aytiladi.

Estoniya Bosh vaziri Kristen Mixalning fikricha, Rossiyaning soya floti Yevropa xavfsizligi, iqtisodiyoti va atrof-muhitiga tahdid solmoqda.

“Soyada ishlashni tanlaganlar oqibatlarga tayyor bo‘lishlari kerak. Biz Rossiyaning soya flotini ushlab turish va sanksiyalarni chetlab o‘tishga urinishlarning oldini olish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan choralarni ko‘ryapmiz”, dedi Mixal.

Tallinda bo‘lib o‘tgan Qo‘shma ekspeditsiya kuchlari davlat rahbarlarining yig‘ilishida qabul qilingan bayonotda, xususan, olti davlat – Buyuk Britaniya, Daniya, Shvetsiya, Polsha, Finlyandiya va Estoniya endi La-Mansh, Daniya bo‘g‘ozlari va Finlyandiya ko‘rfazi orqali sayohat qiladigan shubhali kemalarning sug‘urta hujjatlarini tekshirishi belgilangan. To‘plangan ma’lumotlar, shu jumladan so‘rovlarga javob berishdan bosh tortgan kemalar xalqaro hamkorlar bilan birgalikda tahlil qilinadi.

Ushbu chora-tadbirlar yordamida o‘n ikki mamlakat nafaqat Rossiya Federatsiyasining Ukrainada urush olib borishiga imkon beruvchi energiya eksportidan tushadigan daromadini cheklashni, balki mintaqaning ekologik xavfsizligini oshirishni ham kutmoqda. Ekologlar “neft floti”ning 200 ga yaqin tankeri eskirganligini va ular foydalanishdan chiqarilishi kerakligini aniqladi. Ular so‘nggi yillarda bir nechta neftning to‘kilishiga sabab bo‘lgan.

Kecha, 16 dekabr kuni Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Tashqi ishlar vazirlari Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushi uchun Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 15-paketini tasdiqladi. Boshqa narsalar qatorida, Rossiya Federatsiyasining soya flotiga kiruvchi uchinchi davlatlarning 52 ta kemasiga nisbatan cheklovlar joriy etildi. Bu bilan Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostidagi kemalarning umumiy soni 79 taga yetdi. Ularga Yevropa Ittifoqi portlariga kirish va Yevropa kompaniyalaridan xizmatlar olish taqiqlangan.

Yevropa Ittifoqi, shuningdek, dengiz orqali neft xomashyosi va neft mahsulotlarini tashish uchun mas’ul bo‘lgan Rossiyaning mudofaa va yuk tashish kompaniyalariga qarshi ham sanksiyalar kiritdi. Bundan tashqari, noyabr oyida Buyuk Britaniya hukumati Rossiyaning soya floti tarkibiga kiruvchi yana 30 ta kemani sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi va shu bilan ularning sonini 73 tagacha kengaytirdi.

Narxlar chegarasi G7 mamlakatlari tomonidan 2022 yil dekabrida Yevropa Ittifoqi neft embargosi bilan bir vaqtda Rossiya neftining boshqa bozorlarda bir barrel uchun 60 dollardan yuqori narxlarda sotilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun joriy qilingan. G‘arb sug‘urta kompaniyalariga, agar ular belgilangan chegaradan yuqori narxda sotish uchun neft olib ketayotgan bo‘lsa, tankerlarni sug‘urta qilishlari taqiqlanadi. Ushbu cheklovlarni chetlab o‘tish uchun Rossiya Federatsiyasi soya flotini yaratdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Evropa Ittifoqi soya floti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing