Ukraina rus generalini o‘z uyida yo‘q qildi
Tahlil
−
17 dekabr
11147Bugun, 17 dekabr kuni erta tongda Rossiya Federatsiyasining eng muhim va yirik generallaridan biri yo‘q qilindi. Rossiyaning Moskva shahridagi portlashda mamlakat Qurolli kuchlarining Radiatsiya, kimyoviy va biologik himoya qo‘shinlari boshlig‘i general-leytenant Igor Kirillov va uning haydovchisi halok bo‘ldi.
Tergov ma’lumotlari general Moskvaning Ryazanskiy tumanidagi turarjoy binosiga kiraverishda turgan skuterga o‘rnatilgan portlovchi qurilma ishga tushirilishi oqibatida vafot etganini ko‘rsatmoqda. Gap shundaki, qo‘lda yasalgan portlovchi moslama Moskvaning Ryazanskiy prospektidagi Kirillovning uyi yonida turgan skuterga o‘rnatilgan. Bugun ertalab general va uning yordamchisi o‘z uyiga kirishi arafasida skuter portlab ketgan. Portlovchi qurilma ma’lum miqdordagi trotil quvvatiga ega bo‘lgan, oqibatda uyning kirish eshigi va derazalari sinib ketgan, generalning xizmat mashinasi ham shikastlangan. Manbalar esa portlovchi qurilmadagi trotilning massasi borasida turlicha raqamlar taqdim qilmoqda. TASS axborot agentligining manbasiga ko‘ra, mazkur qurilma quvvati taxminan 300 gramm bo‘lsa, boshqa manbalar bu miqdorni 100 yoki 200 grammdan ortiq bo‘lgan deya taxmin qilmoqda.
Tergov qo‘mitasining Moskva shahri bo‘yicha Bosh tergov boshqarmasi ikki harbiy xizmatchining o‘ldirilishi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Voqea joyida tergovchilar, kriminologlar va tezkor xizmatlar ishlayotgani aytildi. Hozirda sodir etilgan jinoyatning barcha holatlarini aniqlashga qaratilgan tergov harakatlari va tezkor-qidiruv tadbirlari olib borilmoqda.
Ukraina tomoni general va uning yordamchisi halok bo‘lgan Moskvadagi portlash haqida hozircha rasman izoh berganicha yo‘q. Biroq Ukrainaning ayrim Telegram-kanallari rossiyalik general urushda kimyoviy qurollarni qo‘llash haqida shaxsan topshiriq bergani va buning ortidan harbiy jinoyatlarda gumonlanayotganini yozmoqda. Chunki ushbu voqeadan bir kun avval Ukraina xavfsizlik xizmati Kirillovni jinoiy ish bo‘yicha sirtdan gumonlanuvchi deb e’lon qilgan. Ukraina maxsus xizmati general mamlakatning sharqiy va janubiy qismlarida taqiqlangan kimyoviy qurollarning ommaviy qo‘llanishi uchun javobgar deb hisoblaydi. Xususan, Rossiya bosqiniga uchragan Ukrainaning janubiy va sharqiy hududlarida Kirillovning buyrug‘iga binoan, keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan beri 4800 dan ortiq kimyoviy qurollar qo‘llangani iddao qilinadi.
General-leytenant Kirillov bugun Mudofaa vazirligi brifingida ishtirok etishi kerak edi. General Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqini boshlanganidan so‘ng, muntazam ravishda jurnalistlar uchun brifinglarda nutq so‘zlab kelardi. Masalan, 2022 yilda u AQSHni Ukrainada chivinlar orqali tarqatiladigan viruslar tadqiq etiladigan biolaboratoriyalar yaratishda ayblagan. 2023 yilda esa AQSH raqib harbiy xizmatchilarni zaharlash uchun bunday chivinlarni dronlar orqali yetkazishni rejalashtirayotgani haqida gapirgandi. U shuningdek, Rossiyada parranda grippi bilan kasallanish darajasi ortganini Ukrainadan zararlangan qushlar migratsiyasi tufayli sodir bo‘lgani iddao qilingan bayonotlari bilan ommaga anchagina tanilgan. 54 yoshli Kirillov Rossiya Kimyoviy mudofaa harbiy akademiyasini tamomlagan. 2017 yilga qadar ushbu akademiyaga rahbarlik qilgan. 2017 yildan esa Radiatsiya, kimyoviy va biologik mudofaa kuchlari boshlig‘i etib tayinlangan.
Yuqorida ta’kidlanganidek, Kiyev holat yuzasidan rasmiy munosabat bermadi. Ammo hozircha faqatgina rasmiy munosabat bergani yo‘q, xolos. Chunki manbalar Ukraina xavfsizlik xizmati Rossiya generalini portlatib yuborilishida o‘z qo‘li borligini inkor qilmagani haqida xabar bermoqda. Xavfsizlik xizmatidagi manba bu portlatishni “maxsus operatsiya” deb atagan. Xususan, BBC bilan suhbatlashgan mazkur manba Rossiya qurolli kuchlarining radiatsiya, kimyoviy va biologik mudofaa kuchlari boshlig‘i general-leytenant Igor Kirillov Ukraina xavfsizlik xizmati tomonidan o‘tkazilgan maxsus operatsiya natijasida o‘ldirildi deya ma’lum qilgan.
“Kirillov harbiy jinoyatchi va butunlay qonuniy nishon edi. Chunki u Ukraina harbiylariga qarshi taqiqlangan kimyoviy qurolni qo‘llashni buyurgan. Ukrainaliklarni o‘ldiradigan har bir kishini shunday shafqatsiz oqibat kutmoqda”, degan nashr suhbatdoshi.
LiveBarchasi