12 davlat Falastinning moliyaviy barqarorligi bo‘yicha koalitsiya tuzdi

Olam

image

Fransiya Yaponiya, Saudiya Arabistoni, Ispaniya va Buyuk Britaniya bilan birga jami 12 davlat Falastin ma’muriyatining moliyaviy barqarorligini ta’minlash uchun koalitsiya tuzdi. Bu haqda kecha, 26 sentyabr kuni Fransiya Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

“Belgiya, Daniya, Fransiya, Islandiya, Irlandiya, Yaponiya, Norvegiya, Saudiya Arabistoni, Sloveniya, Ispaniya, Shveysariya va Buyuk Britaniya Falastin ma’muriyatining moliyaviy barqarorligini ta’minlash bo‘yicha favqulodda koalitsiya tuzilganini e’lon qildi. Uning asosiy maqsadi Falastin ma’muriyati moliyasini barqarorlashtirish, uning boshqarish, asosiy xizmatlarni ko‘rsatish va xavfsizlikni ta’minlash imkoniyatini saqlab qolishdir”, deyiladi TIV bayonotida.

Qayd etilishicha, koalitsiya a’zolarining aksariyati allaqachon katta miqdorda moliyaviy hissa qo‘shgan va ma’muriyatni doimiy qo‘llab-quvvatlashga va’da bergan.

Falastin Bosh vaziri Muhammad Mustafo idorasi xabariga ko‘ra, Nyu-Yorkda Saudiya Arabistoni Falastin ma’muriyatiga 90 million dollar, Ispaniya 50 million dollar, Germaniya esa 30 million yevro ajratishini e’lon qilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 sentyabr kuni Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer Londonning Falastin davlatini tan olishini e’lon qilgandi. Avstraliya, Kanada va Portugaliya ham shunday bayonot berdi. Shuningdek, Fransiya, Belgiya va Lyuksemburg ham Falastinni tan oldi. Qator G‘arb davlatlarining Falastin davlatini tan olish haqidagi bayonotlari Isroil va AQSH tomonidan keskin rad etildi va qoralandi.

Keyinroq esa Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan Falastin muammosini tinch yo‘l bilan hal qilish va ikki davlat yechimini amalga oshirishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada Yevropa Ittifoqi Falastinni qo‘llab-quvvatlash va G‘azoni tiklash uchun donorlar guruhini tuzishini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Falastin koalitsiya moliyaviy barqarorlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing