Deputat IIVga: “Xatolarni yashirish emas, tan olish va to‘g‘rilash lozim!”

Jamiyat

image

Kecha, 23 sentyabr kuni O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining siyosiy fraksiyasi yig‘ilishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Ichki ishlar vazirligi tashabbusi bilan Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun loyihasi muxokama kilindi. Bu haqda Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev ma’lum qildi.

Deputatning yozishicha, mazkur Qonun loyihasida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 291-moddasiga o‘zgartirish kiritish taklif etilgan. Bunda, ushbu Kodeksning 54-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik, ya’ni “Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish” borasidagi ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etib harakatlanayotgan transport vositalarini vaqtincha ushlab turish maqsadida jarima maydoniga joylashtirish tartibini joriy etish taklif qilinmoqda.

“Bundan ko‘rinib turibdiki, amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks talablariga asosan fuqaro avtomobilini ushbu kodeksning 54-moddasi, ya’ni epidemiyaga qarshi kurash talabini buzganlik uchun jarima maydonchasida majburiy ushlab turish mumkin emas”, deya fikr bildirgan G‘aniyev.

IIV vakili bergan ma’lumotga ko‘ra mamlakatda karantin cheklovlari joriy etilgan muddat davomida 26 mingdan ortiq ushbu turdagi qoidabuzarliklar aniqlanib, transport vositalari jarima maydonlariga vaqtincha ushlab turish uchun olib kirilgan.

“Taklif etilayotgan qonun loyihasining maqsadidan kelib chiqadigan bo‘lsak, bugungi kunga qadar Ichki ishlar xodimlari tomonidan MJtKning 54-moddasi asosida 26 mingdan ortiq transport vositalari jarima maydonlariga noqonuniy tarzda olib kirilganligini anglatadimi? Karantin qoidalari buzilganda avtomashina jarima maydoniga qo‘yilishini qonuniy deb jar solgan IIV ushbu qonun loyihasi bilan endi bu holatlarni noto‘g‘ri ekanligini tan olmoqda?

Agar bunday bo‘lmasa, xo‘sh unda nima sababdan kodeksga o‘zgartirish kiritish taklifi ilgari surilmoqda? Bu shu kunga qadar amalga oshirilgan, lekin qonuniy asosga ega bo‘lmagan “xatoliklarni to‘g‘rilash” uchunmi? Nima uchun bu taklif avtomobillar harakatiga doir karantin cheklovlari bekor qilingan vaqtda ilgari surilmoqda?”, degan savolni o‘rtaga tashlagan deputat.

Ta’kidlash joizki, favqulodda holatlar davridagi tartib qoidalar va karantin talablariga bo‘ysunmagan fuqarolarga nisbatan o‘z vaqtida chora ko‘rishni ta’minlash orqali aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilishda shubhasiz kunu-tun, issiq va sovuqda vijdonan xizmat qilayotgan minglab vatanparvar, mard va halol Ichki ishlar organlari xodimlarining mehnati va o‘rni beqiyosdur. Ularga ham oson emas, deya deputat IIO xodimlari mehnatini e’tirof etgan.

“Modomiki, Ichki ishlar vazirligi mazkur Qonun loyihasida taklif etilayotgan o‘zgartishlar ularga o‘z xizmat vazifalarini bajarishlari uchun muhim hisoblab, qonun darajasida tegishli huquqiy asoslar yaratish zaruriyati bor deb bilishsa, albatta parlament ularni doim qo‘llab-quvvatlaydi.

Lekin qonun hujjatlari va ularning hayotga tatbiq etilishi o‘zaro mos bo‘lishi, birinchi navbatda, qonun ustuvorligi ta’minlanishi zarur deb hisoblayman! Shu bois, taklif qilinayotgan qonun loyihasi ma’qullanishidan oldin IIV ham o‘z xatosini tan olishi va bugungi kunga qadar MJtKning 54-moddasi asosida transport vositalarini jarima maydonlarida ushlab turish ortidan fuqarolar tomonidan to‘langan mablag‘larini qaytarishlari eng to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi!”, deya vazirlikni tanqid qilgan Doniyor G‘aniyev.


Maqola muallifi

Teglar

Doniyor G'aniev

Baholaganlar

188

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing