11 oyda “tez yordam” necha marta aldangani ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
15 dekabr 2021
8874Joriy yilning 11 oyi davomida O‘zbekistonda tez tibbiy yordam xizmatiga 6 mingdan ortiq yolg‘on chaqirib kelib tushgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 1 yanvaridan 1 dekabriga qadar “Tez yordam” xizmatiga mamlakati bo‘yicha jami 6301 ta yolg‘on chaqiriq kelib tushgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga qiyoslaganda qariyb 1800 ta kam.
Tahlillar natijasiga ko‘ra, eng ko‘p yolg‘on chaqiriqlar kelib tushgan hududlar ro‘yxati boshida 1317 ta ko‘rsatkich bilan Toshkent viloyati turibdi. Keyingi o‘rinni Farg‘ona viloyati egallagan – 942 ta yolg‘on chaqiriq.
Shuningdek, “Tez yordam”ga poytaxtdan 894 ta, Qashqadaryodan 874 ta hamda Navoiy viloyatidan 842 ta yolg‘on chaqiriq kelib tushgan.
"Bir og‘riqli masala: oramizda “isitmam ko‘tarilmadimikan?”, “qon bosimimni o‘lchatay-chi”, “ukolimni qildirib olsammikan?” degan vajlar bilan ham “Tez yordam”ga murojaat qiluvchilar ko‘p.
Vaholanki, tez tibbiy yordam xodimlari bemorni davolamaydi, balki yuzaga kelgan holat bo‘yicha shoshilinch va tez tibbiy yordam ko‘rsatadi, ya’ni faqat simptomatik davo choralarini ko‘radi.
Qolaversa, yolg‘on chaqiriqlar tez tibbiy yordam xodimlariga ikki barobar ko‘p tashvish keltiradi. Ya’ni qilingan murojaatning haqiqatan ham yolg‘on ekanligini isbotlash zarur. Buning uchun chaqiriqda ko‘rsatilgan manzilni aniqlash, kunning qaysi vaqti bo‘lishidan qat’i nazar surishtiruv o‘tkazish va shundan so‘ng uni hujjatlashtirish kerak", deyiladi vazirlik xabarida.
LiveBarchasi