100 yoshli Kissinjer kutilmaganda Xitoyga bordi

Olam

image

Bugun, 19 iyul kuni AQSH sobiq davlat kotibi Genri Kissinjer Pekinda Xitoy Kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasi tashqi ishlar komissiyasi devonxonasi rahbari Van I bilan ko‘rishdi. Uchrashuvda Van I Qo‘shma Shtatlar Xitoyga nisbatan siyosatida "Kissinjer uslubidagi diplomatik donolikka" muhtoj ekanini aytdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi. 

Qayd etilishicha, Vashington hozirda 100 yoshni qarshilagan Genri Kissinjerning Xitoyga tashrifidan xabardor ekanini aytgan bo‘lsada, u AQSH hukumati nomidan ish tutmayapti.

Uchrashuvda Van I Kissinjerni "eski do‘st" deb atagan va uni ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni mustahkamlashda "beqiyos rol" o‘ynagani uchun maqtagan.

"AQSHning Xitoyga nisbatan siyosati Kissinjer uslubidagi diplomatik donolikni va Nikson uslubidagi siyosiy jasoratni talab qiladi", deya Van Ining uchrashuvdagi so‘zlaridan iqtibos keltirgan Xitoy Tashqi ishlar vazirligi.

Aytish joizki, Xitoy-AQSH aloqalarini bir qator muammolar, xususan, Xitoyning Rossiya bilan hamkorligi, Tayvanga qiladigan hududiy da’vosi va AQSHning ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha savdoni cheklashga qaratilgan chaqiriqlari keskinlashtiradi.

Van I Kissinjerga Xitoyni isloh qilishga urinish, uni o‘rab olish va ushlab turish imkonsiz ekanini aytgan. Tayvan masalasida agar Qo‘shma Shtatlar orol atrofida barqarorlikka umid qilsa, "Tayvan mustaqilligi bo‘yicha separatistik harakatlar"dan uzoqlashishi kerakligini ta’kidlagan.

Kecha, 18 iyul kuni Kissinjer Xitoy Mudofaa vaziri Li Shanfu bilan ham uchrashgan.

Qayd etish joizki, joriy yilning mart oyida lavozimga tayinlangan Li Shanfu 2017 yilda Rossiyadan qurol sotib olgani uchun AQSH sanksiyalari ostida qolmoqda. Xitoy esa muzokaralarni osonlashtirish uchun sanksiyalarni olib tashlashni xohlaydi.

Ma’lumot uchun, Genri Kissinjer prezidentlar Richard Nikson va Jerald Ford ma’muriyatlarida AQSH davlat kotibi va milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishlagan. U o‘tgan asrning yetmishinchi yillarida Vashington va Pekin o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirishda muhim rol o‘ynagan va lavozimidan ketganidan so‘ng ham Xitoyga muntazam tarzda borib turgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSHning yuqori martabali amaldorlari, jumladan, Davlat kotibi Entoni Blinken va Moliya vaziri Janet Yellen ikki qudratli davlat o‘rtasidagi aloqalarni barqarorlashtirish maqsadida Xitoyga borgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Xitoy Kissinjer

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing