10 ta hududda bolalar-o‘smirlar ot sporti maktablari ochiladi
Jamiyat
−
19 fevral 2019
70462019-2020 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida bolalar-o‘smirlar ot sporti maktablari bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 18 fevral kuni imzolagan "O‘zbekiston Respublikasida yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida so‘z borgan.
Qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent, Xorazm viloyatlari, Toshkent shahri hokimliklari va Federatsiya bilan birgalikda:
ikki hafta muddatda aniq yer uchastkalari va bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari hududida bolalar-o‘smirlar ot sporti maktablarini tashkil etish, shuningdek, tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish maqsadida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida bolalar-o‘smirlar ot sporti maktablarini tashkil etish istagini bildirgan tadbirkorlik sub’ektlariga topshirish uchun ularning ro‘yxatini shakllantirishi lozim;
bir oy muddatda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida bolalar-o‘smirlar ot sporti maktablarini tashkil etish istagini bildirgan salohiyatli tadbirkorlik sub’ektlari, shu jumladan, xorijiy investorlarni aniqlaydi;
uch oy muddatda eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida yer uchastkalari va bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini tashabbuskorlarga tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun, shu jumladan, ularning bir qismida yoki alohida ajratilgan hududda bolalar-o‘smirlar ot sporti maktablarini tashkil etish bo‘yicha ijtimoiy majburiyatlarni belgilagan holda taqdim etilishini ta’minlaydi.
Belgilab qo‘yilyaptiki:
bolalar-o‘smirlar ot sporti maktablari birinchi navbatda ippodromlar hududida tashkil etiladi; bolalar-o‘smirlar ot sporti maktablarining qurilishi O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan kelishilgan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi;
bolalar-o‘smirlar ot sporti maktablarining moddiy-texnik bazasini dastlabki mustahkamlash, jumladan, texnika, anjomlar va boshqa zarur vositalar bilan ta’minlash tashabbuskorlar tomonidan amalga oshiriladi;
sport otlarini sotib olish bo‘yicha xarajatlar, shuningdek, bolalar-o‘smirlar ot sporti maktablarining moddiy-texnik bazasini keyinchalik mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar o‘rnatilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi;
mazkur qarorga muvofiq tashkil etilgan bolalar-o‘smirlar ot sporti maktablari O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining balansiga o‘tkaziladi;
bolalar-o‘smirlar ot sporti maktablarining joriy faoliyatini tashkil etish (ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, kommunal xizmatlar, sport otlariga ozuqa va dori-darmonlar sotib olish hamda boshqalar bo‘yicha xarajatlar) O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
bolalar-o‘smirlar ot sporti maktablari va sport yakka kurashlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablarining ot sporti bo‘linmalari faoliyatini tashkiliy-metodik ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan Federatsiya bilan birgalikda amalga oshiriladi.
LiveBarchasi