1 oyda mingga yaqin afg‘onistonlik Tojikistondan deportatsiya qilindi – XMT

Olam

image

O‘tgan bir oy ichida Tojikistondan qariyb 1000 nafar Afg‘oniston fuqarosi majburan deportatsiya qilingan. Bu haqda Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 17 iyulidan 10 avgustigacha Tojikiston-Afg‘oniston chegarasidagi “Panji Poyon – Sherxon Bandar” nazorat-o‘tkazish punkti orqali jami 1647 kishi Afg‘onistonga qaytgan, shulardan 976 nafari majburan chiqarib yuborilgan. Qolganlari esa qarindoshlarini ko‘rish yoki boshqa shaxsiy sabablar bilan ixtiyoriy ravishda Afg‘onistonga o‘tgan.

Bildirilishicha, deportatsiya jarayonining kuchayishi Tojikiston hukumati afg‘onistonliklarga nisbatan choralarni qat’iylashtirgani bilan bir vaqtda yuz bergan. Joriy yilning 7 avgust kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Tojikiston Ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda deportatsiya jarayonini tasdiqlab, bu shaxslar mahalliy qonunlarni buzganini bildirgan. Rasmiylar bunga hujjatlarning yo‘qligi, mamlakatni tranzit hudud sifatida ishlatish, noqonuniy faoliyatda ishtirok etish va qochqinlik maqomini olishda noto‘g‘ri ma’lumot berish kabi sabablarni ko‘rsatmoqda.

Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozir ham Tojikistonda 10 mingdan ortiq Afg‘oniston fuqarosi yashamoqda. Ularning ko‘pi deportatsiyadan qo‘rqib, yashirinishga majbur. Xalqaro tashkilotlar bir necha bor Tojikiston hukumatini qochqinlar huquqlarini hurmat qilishga va qaytayotganlar xavfsizligiga tahdid soladigan ommaviy deportatsiyalardan voz kechishga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikistondagi afg‘on muhojirlariga mamlakatni tark etish uchun 15 kunlik muddat berilgani xabar qilingan edi. Shundan so‘ng asosan Dushanbe, Vahdat va Rudakiy tumanida keng ko‘lamli qo‘lga olish va deportatsiyalar boshlangan. Ko‘plab afg‘onlar ish joylarida ushlab ketilgan. Oilalari esa ularning qayerga olib ketilganidan doim ham xabardor qilinmayapti.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tojikiston qochqin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing