1 mlrd dollarlik noqonuniy aktivlar Qozog‘istonga qaytarildi
Olam
−
11 noyabr
5492Qozog‘istonda yana 525 milliard tenge (taxminan 1 mlrd dollar) noqonuniy aktivlar davlat daromadiga aylantirildi. Bu haqda mamlakat hukumati xabar berdi.
Qayd qilinishicha, Bosh vazir O‘ljas Bektenov raisligida noqonuniy aktivlarni qaytarish bo‘yicha komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Uning qaroriga ko‘ra, qo‘shimcha 525 milliard tenge davlat daromadiga aylantirilgan.
Bu mablag‘ga Ostona shahrida tayanch-harakat tizimida nuqsoni bo‘lgan bolalarni reabilitatsiya qilish markazi va Olmaota shahrida 400 o‘rinli alohida ehtiyojli kishilar uchun o‘quv markazi qurish ham rejalashtirilgan.
“Davlat rahbari ta’kidlaganidek, qaytarilgan barcha mablag‘lar qozog‘istonliklar manfaati uchun ishlashi kerak. Joriy yil boshidan beri komissiya umumiy qiymati 900 milliard tengedan ortiq aktivlarni qaytarish bo‘yicha kelishuvlarni tasdiqladi. Bu mablag‘lar hisobidan bir qator ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari qurilishi boshlab yuborildi”, dedi O‘ljas Bektenov.
Ma’lumot uchun, 2023 yil iyul oyida Prezident Qosim-Jomart To‘qayev “Noqonuniy yo‘l bilan olingan mulklarni davlatga qaytarish to‘g‘risida”gi qonunni imzolagan.
Eslatib o‘tamiz, avgust oyida Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning jiyani Qayrat Satibaldi ikki yil ichida davlatga 32,8 milliard tenge yoki 1,6 milliard dollardan ortiq noqonuniy sotib olingan aktivlarni qaytarib bergandi.
Muhammad Hodiyev
LiveBarchasi