1 millionta test bor, ammo... Yusupaliyev SESlarda koronavirusga test olinmayotganiga izoh berdi

Jamiyat

O‘zbekistonning 1 millionta koronavirus test zaxirasi mavjud va doimiy to‘ldirib boriladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev ma’lum qildi.

Bahodir Yusupaliyev “O‘zbekiston 24” telekanalidagi jonli muloqot vaqtida tez tibbiy yordamga qo‘ng‘iroq qilib tushib bo‘lmayotgani, SESlarda koronavirusga test olinmayotgani haqidagi xabarlarga javob berdi. U mamlakatda koronavirus tarqalishi avj olgani sababli sog‘liqni saqlash tizimiga bosim ortib ketganini va kuniga 500 ga yaqin bemor aniqlanayotganini aytib o‘tdi.

“Haqiqatan ham bugungi kunda sog‘liqni saqlash tizimiga “nagruzka” juda yuqori bo‘lyapti. Sababi kuniga 450-470 nafar bemor aniqlanmoqda. Bu birinchidan.

Ikkinchidan, chet eldan fuqarolarimiz kelyapti, ularni albatta qabul qilishimiz kerak. Davlat rahbari bu masalaga alohida e’tibor qaratganlar. Kelganlar karantin zonalariga joylashtirilmoqda. Karantin majmualarida albatta testlarni o‘tkazamiz. Shifoxonalarda davolanayotgan bemorlardan bir necha marta test olamiz, bugungi kunda maxsus shifoxonalarda besh mingga yaqin bemor davolanmoqda”, dedi Yusupaliyev.

Uning ta’kidlashicha, hozirda kuniga 25 mingtagacha test o‘tkazilyapti. Bu vaziyat barqaror bo‘lgan davrga nisbatan 2 barobar ko‘p. Testlar o‘tkazishni ko‘paytirish uchun qo‘shimcha PZR laboratoriyalar ham tashkil qilingan.

“Respublika bo‘yicha kuniga 20, 22, 25 minggacha testlar o‘tkazyapmiz. Endi buni o‘tgan davr bilan solishtiramiz: ilgari kuniga 8-10 mingta test o‘tkazgan bo‘lsak, hozirga 2 barobar ko‘p test o‘tkazyapmiz. Bu ham sog‘liqni saqlash tizimiga katta yuklama tushayotganidan dalolat beradi.

Bu natijaga erishish uchun qo‘shimcha 45 ta PZR (polimerat zanjirli reaksiya) laboratoriyalari sotib olindi va joylarga yetkazildi”, deydi SSV mas’uli.

Shundan so‘ng, vazir o‘rinbosari mamlakatda koronavirus testlari qolmagani haqidagi gap-so‘zlarni inkor qildi. U mamlakatda 1 millionta test borligini aytib o‘tdi.

“Hozir O‘zbekistonda testlar yetarli emasligi haqida har xil gaplar yuribdi. Testlar bor. Bugun zaxiramizda 1 millionta test bor va jarayon davom etadi. Zaxira doimiy yangilanib boradi. Sog‘liqni saqlash tizimi, agentlik bu borada ishlarni tashkil qilyapti.

To‘g‘ri, ayrim muammolar bo‘lishi mumkin. Kamchiliklar yo‘q emas. Misol uchun, Toshkent shahrining o‘zida 5 ta joyda test sinovlarini olish masalasi qo‘yilgan edi. Lekin bugungi kunda kasallanish holatlari o‘sishini inobatga olib biz hozir har bitta tumanning o‘zida testlarni olish masalasini qo‘yganmiz va bu ishlar amalga oshirilyapti”, deya olib borilgan ishlar haqida ma’lumot berdi Bahodir Yusupaliyev.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

322

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing