1 iyundan “yashil” va “sariq” toifadagi hududlarda ichki turizm tiklanadi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi

Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi, jamoat tashkilotlari va turizm sohasi sub’ektlarining belgilangan sanitariya-gigiyena me’yorlari va talablariga qat’iy rioya etgan holda 2020 yilning 1 iyunidan “yashil” va “sariq” toifadagi hududlarda ichki turizmni qayta yo‘lga qo‘yish bilan birgalikda yondosh tashkilotlarning (turoperatorlar, turagentliklar, joylashtirish vositalari, madaniyat va madaniy meros ob’ektlari hamda boshqalar) faoliyatini boshlash;

fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasiga kirishga ruxsat etiladigan mamlakatlar ro‘yxatini belgilab olgan holda tashqi turizmni bosqichma-bosqich qayta tiklashga doir takliflari ma’qullandi. Turoperatorlar, turagentlar, shuningdek joylashtirish vositalari uchun 2020 yil 1 iyundan 31 dekabriga qadar foyda solig‘i stavkasi belgilangan stavkaga nisbatan 50 foizga kamaytiriladi; 

2020 va 2021 yil yakunlari bo‘yicha zararlarni O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksida nazarda tutilgan miqdor bilan cheklamagan tarzda o‘tkazish huquqi beriladi; 

2021 yil 1 yanvargacha bo‘lgan davrda turistik (mehmonxona) yig‘imini hisoblash va to‘lash to‘xtatiladi. 

Joylashtirish vositalariga alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun mahalliy yig‘imni to‘lashni 2021 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatga soliq organlarini xabardor qilish va keyinchalik ularni 12 oy mobaynida teng qismlarda to‘lash asosida foizsiz kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) huquqi taqdim etiladi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) mablag‘lari hisobidan:

a) 2020 yil 1 iyundan 31 dekabriga qadar bo‘lgan davrda quyidagilarga Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasi tomonidan belgilanadigan mezonlar asosida 12 oy muddatga bir martalik maqsadli foizsiz ssudalar ajratish shaklida:

- turoperatorlarga 2019 yildagi o‘rtacha oylik ish haqi fondining uch baravaridan oshmaydigan miqdorda;

- joylashtirish vositalariga har bir yotoq o‘rni uchun bazaviy  hisoblashning besh baravari miqdorida; 

b) Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini tashkil etish tartibiga muvofiq turizm sohasidagi “startap” loyihalar va innovatsion biznes g‘oyalarni, shu jumladan birinchi navbatda turistlar uchun qulayliklar yaratishga yo‘naltirilgan axborot dasturlari va xizmatlarini umumiy 1,5 milliard so‘m miqdorida qisman subsidiyalash orqali; 

v) 2020 yil 1 iyundan 2021 yil 31 dekabrga qadar bo‘lgan davrda respublika hududlarida (Toshkent shahri bundan mustasno) xorijiy oshxona yoki alohida yo‘nalish bo‘yicha ixtisoslashgan tematik ovqatlanish shoxobchalari, ovqat va oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish, shuningdek, suvenir mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha xizmatlarni tashkil etish bo‘yicha loyiha tashabbuskorlariga loyiha qiymatining 30 foizi, lekin har bir loyiha uchun 100 million so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda grantlar ajratish orqali; 

g)  2020 yil 1 iyundan 2021 yil 31 dekabrga qadar bo‘lgan davrda yangi turizm mahsulotlari va yo‘nalishlarini ishlab chiqish va targ‘ib qilishga gidlar uchun 5 million so‘m, turoperatorlar uchun 10 million so‘m miqdorida grantlar ajratish orqali qo‘shimcha ko‘mak ko‘rsatiladi. 

Davlat tomonidan quyidagi qo‘shimcha ko‘mak ko‘rsatiladi: 

a) Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyidagilarni subsidiyalash: 

joylashtirish vositalarini qurish uchun tijorat banklari tomonidan avval berilgan kreditlar bo‘yicha 2020 yil 1 martdan 1 iyungacha bo‘lgan davrda turizm sohasi sub’ektlarining foiz xarajatlari; 

joylashtirish vositalarini qurish uchun turizm sohasi sub’ektlariga avval berilgan kreditlar bo‘yicha 2020 yil 1 iyundan 2022 yil 1 yanvargacha bo‘lgan davrda foiz xarajatlarining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, biroq 10 foizlik punktdan ortiq bo‘lmagan qismi; 

yangi sanitariya-gigiyena talablariga muvofiqlashtirish uchun turizm sohasi sub’ektlariga beriladigan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, biroq 10 foizlik punktdan ortiq bo‘lmagan qismi; 

aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun turizm sohasi sub’ektlariga beriladigan 1 milliard so‘mgacha miqdordagi kreditlar bo‘yicha 2020 yil 1 iyundan 31 dekabrga qadar bo‘lgan davrda foiz xarajatlarining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, biroq 10 foizlik punktdan ortiq bo‘lmagan qismi; 

b) 2020 yil 1 iyundan 2021 yil 31 dekabrga qadar joylashtirish bo‘yicha xizmatlar (mehmonxona xizmatlari) narxining 10 foizi miqdorida joylashtirish vositalarini subsidiyalash; 

v) Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari – turoperatorlar va turagentlarga tashqi turizmni qayta tiklash boshlangan kundan e’tiboran kirib keluvchi xorijiy turistlarning umumiy soni 500 ming nafarga yetgunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5781-son Farmoniga muvofiq kompensatsiya qilinadigan charter reyslar orqali olib kelinganlardan tashqari O‘zbekiston Respublikasiga olib kelingan va xizmat ko‘rsatilgan har bir xorijiy turist uchun 15 AQSH dollari miqdorida, ularning respublika hududida kamida besh sutka bo‘lishi sharti bilan  rag‘batlantiruvchi subsidiyalar ajratish; 

g) Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan kirish turizmi qayta boshlangan kundan e’tiboran 2020 yil 31 dekabriga qadar kamida 10 kishidan iborat xorijiy turistik guruhlar uchun O‘zbekiston Respublikasida tur tashkil etish va ularning joylashtirish vositalarida kamida besh kecha tunab qolishi sharti bilan turoperatorlarning avia va temir yo‘l chiptalari bo‘yicha xarajatlari 30 foizi miqdorida qisman subsidiyalash; 

d) 2021 yil 1 iyunga qadar Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan mehmonxonalarga toifa olish yoki oshirish uchun renovatsiya, rekonstruksiya hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha xarajatlarni olingan toifani kelgusi 3 yil davomida saqlash sharti bilan quyidagi miqdorda qoplash: 

3 yulduzli toifadagi mehmonxonalarning har bir xonasi uchun 5 million so‘m; 

4 yulduzli toifadagi mehmonxonalarning har bir xonasi uchun 10 million so‘m; 

5 yulduzli toifadagi mehmonxonalarning har bir xonasi uchun 15 million so‘m. 

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tasarrufidagi texnikum va kollejlarga 2020 yilda o‘qishga qabul qilingan barcha tinglovchilarni o‘qitish, istisno tariqasida, davlat granti asosida amalga oshiriladi. 

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi va Markaziy bankining 2020 yil 1 oktyabrdan boshlab oldin olingan kreditlarning asosiy qarzi to‘lovini 18 oydan 24 oygacha uzaytirish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi. 

2022 yil 1 yanvarga qadar yuridik shaxslar belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan dezinfeksiya ishlarini olib borish uchun jihozlar, texnikalar, ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun aloqasiz boshqariladigan (sensorli) jihozlar, shuningdek, hidsiz dezinfeksiyalovchi vositalar uchun bojxona to‘lovlarini to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar va qo‘shilgan qiymat solig‘idan tashqari) ozod etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

turizm

Baholaganlar

76

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing