1 iyundan nimalar o‘zgaradi?

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 2025 yil 1 iyundan e’tiboran qonunchilikda bir qancha o‘zgarishlar amalga oshadi. QALAMPIR.UZ ushbu o‘zgarishlar ro‘yxatining ayrimlarini bir yerga jamladi. 

Yana 3 ta davlat uchun vizasiz rejim joriy etiladi

2025 yil 1 iyundan Bahrayn Qirolligi, Quvayt Davlati va Ummon Sultonligi fuqarolari uchun O‘zbekiston hududiga kirgan kundan e’tiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilanadi. Bu 15 may kuni qabul qilingan “2025–2026 yillarda sayyohlar oqimini keskin ko‘paytirish va turistik xizmatlar ko‘lamini jadal kengaytirish orqali turizmning iqtisodiyotdagi o‘rni va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida belgilandi

Farmonda 2025 yil yakuniga qadar turizm sohasining asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

  • respublika hududlariga 15,8 mln nafar xorijiy turistlarning safarlarini tashkil etish, turizm xizmatlari eksportini 4 mlrd AQSH dollariga yetkazish;
  • ichki turizmni rivojlantirish hisobiga 40 mln ta mahalliy sayyohlarning hududlarga safarlarini tashkil etish, qo‘shimcha 378 ta turoperator faoliyatini yo‘lga qo‘yish.

2025 yil iyun oyidan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturini amalga oshirish uchun har oy 2-haftasining shanba va yakshanba kunlari “Oila va jamoa bilan sayohatga chiqish kuni” etib belgilanadi.

Endi yo‘llarda chiziqni bosganlik uchun kameralar jarima yozmaydi

Avtomobil yo‘llarida harakatlanish tartibini yanada takomillashtirish, haydovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish hamda ularni qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan Hukumat qarori qabul qilindi. 

Qarorga muvofiq, joriy yil 1 iyundan boshlab yo‘l chiziqlarini bosib qoidabuzarlik sodir etish holatlarini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etishga yo‘l qo‘yilmaydi. To‘xtash chizig‘i – “stop-liniya” (5.33 yo‘l belgisi) bundan mustasno.

Ya’ni, haydovchi chiziqni bosib olsa, bu qoidabuzarlik fotoradar yoki videokamera orqali qayd etilmaydi, demak, avtomatik ravishda jarima yozilmaydi. Lekin, YPX xodimi tomonidan aniqlanganda, qoidabuzarlik o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtiriladi.

Endi yo‘llar faqat kechasi ta’mirlanadi

1 iyundan boshlab shaharlar avtomobil yo‘llarida ta’mirlash yoki yo‘l chiziqlarini chizish bilan bog‘liq ishlarni soat 07:00 dan 21:00 ga qadar amalga oshirishga (dam olish kunlari, shuningdek, kechiktirib bo‘lmaydigan alohida holatlar bundan mustasno) yo‘l qo‘yilmaydi. 

Ta’mirlash va yo‘l chiziqlarini yangilash ishlari endi kunduzi emas, faqat kechasi – yo‘llardagi harakat kamaygan vaqtda amalga oshiriladi.

Haydovchilar uchun jarima ballari tizimi 1 iyundan kuchga kiradi

O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash tartibi joriy yil 1 iyundan kuchga kiradi. Bu O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 6 may kuni qabul qilingan “Yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida” qarorida belgilangan.

Qarorga muvofiq, jarima ballari haydovchilarga nisbatan faqat YPX xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan jarimalar asosida, avtomatlashtirilgan tartibda inson omilisiz E-jarima moduli orqali hisoblab boriladi.

Avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish moslamalari orqali aniqlangan qoidabuzarliklar uchun jarima ballari yozilmaydi. Bu masala kameralar qayd etgan qoidabuzarlik vaqtida avtomobil rulidagi shaxsni identifikatsiya qilish imkoniyati yaratilganidan keyin ko‘rib chiqiladi – Ichki ishlar vazirligi hukumatga bu borada xulosa kiritishi kerak.

Shuningdek, 12 oy mobaynida yo‘l harakati qoidalarini buzmagan haydovchilarga rag‘batlantirish tariqasida keyingi davrda qoidalarni birinchi marta buzganligi uchun birinchi jarima balli hisoblanmaydi.

Haydovchiga jarima balli yozilganidan keyin u 6 oy davomida boshqa qoidabuzarlik sodir etmasa, uning jarima ballaridan 2 jarima balli chegirib tashlanadi.

Haydovchining hisobidagi jarima ballari 12 oy ichida 12 ballga yetib qolsa, tegishli hujjatlar sudga inson omilisiz, avtomatik yuboriladi va haydovchi SMS orqali xabardor qilinadi. Sud bunday haydovchilarni 6 oydan 3 yilgacha muddatga haydovchilik guvohnomasidan mahrum etadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing