Haydovchilar uchun jarima ballari tizimi 1 iyundan kuchga kiradi
Jamiyat
−
09 may 8360 2 daqiqa
O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash tartibi joriy yil 1 iyundan kuchga kiradi. Bu O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 6 may kuni qabul qilingan “Yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida” qarorida belgilangan.
Qarorga muvofiq, jarima ballari haydovchilarga nisbatan faqat YPX xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan jarimalar asosida, avtomatlashtirilgan tartibda inson omilisiz E-jarima moduli orqali hisoblab boriladi.
Avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish moslamalari orqali aniqlangan qoidabuzarliklar uchun jarima ballari yozilmaydi. Bu masala kameralar qayd etgan qoidabuzarlik vaqtida avtomobil rulidagi shaxsni identifikatsiya qilish imkoniyati yaratilganidan keyin ko‘rib chiqiladi – Ichki ishlar vazirligi hukumatga bu borada xulosa kiritishi kerak.



Shuningdek, 12 oy mobaynida yo‘l harakati qoidalarini buzmagan haydovchilarga rag‘batlantirish tariqasida keyingi davrda qoidalarni birinchi marta buzganligi uchun birinchi jarima balli hisoblanmaydi.
Haydovchiga jarima balli yozilganidan keyin u 6 oy davomida boshqa qoidabuzarlik sodir etmasa, uning jarima ballaridan 2 jarima balli chegirib tashlanadi.
Haydovchining hisobidagi jarima ballari 12 oy ichida 12 ballga yetib qolsa, tegishli hujjatlar sudga inson omilisiz, avtomatik yuboriladi va haydovchi SMS orqali xabardor qilinadi. Sud bunday haydovchilarni 6 oydan 3 yilgacha muddatga haydovchilik guvohnomasidan mahrum etadi.
Eslatib o‘tamiz, 20 mart kuni hukumatning yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholashga oid “Yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi e’lon qilingan. Qaror muhokamasi joriy yil 4 aprelgacha davom etishi, 1 maydan e’tiboran kuchga kirishi belgilangandi. Biroq Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati jarima ballarini hisoblash tartibi to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjat belgilangan tartibda ishlab chiqilayotgani, shu bois jarima ballari 1 may kunidan boshlab kuchga kirmasligini bildirdi. Endilikda hukumat qarori bilan bu tartib 1 iyundan kuchga kiradigan bo‘ldi.
Live
Barchasi