1 fevraldan nimalar o‘zgaradi?
Jamiyat
−
27 yanvar 39102 6 daqiqa
O‘zbekistonda 2025 yil 1 fevraldan e’tiboran qonunchilikda bir qancha o‘zgarishlar amalga oshadi. QALAMPIR.UZ ushbu o‘zgarishlar ro‘yxatini bir yerga jamladi.
Poyezd chiptalarining narxi oshadi
2025 yil 1 fevral sanasidan boshlab O‘zbekistonda yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlarning VIP, Biznes toifadagi chipta narxlari 25 foizga, ekonom toifadagi chipta narxlari 20 foizga hamda tezyurar yo‘lovchi poyezdlar “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” poyezdlarning chipta narxlari 30 foizga qimmatlaydi.
Shunday qilib, “Afrosiyob” uchun chiptalar narxi:
Toshkent – Samarqand:
- Ekonom – 294 ming so‘m;
- Biznes – 450 ming so‘m;
- VIP – 619 ming so‘m.
Toshkent – Qarshi:
- Ekonom – 406 ming so‘m;
- Biznes – 634 ming so‘m;
- VIP – 854 ming so‘m.
Toshkent – Buxoro:
- Ekonom – 484 ming so‘m;
- Biznes – 751 ming so‘m;
- VIP – 994 ming so‘m.
Narxlar temiryo‘l infratuzilmasi xarajatlari, elektr, yoqilg‘i va transport xarajatlarini qoplash, yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarni xarid qilish va yo‘lovchi vagonlari parkini yangilash, vokzallar faoliyatini zamonaviy talablariga muvofiq olib borish va yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida oshirilmoqda.
Shuningdek, mahalliy yo‘nalishdagi (yotoqli) yo‘lovchi poyezdlarning chipta narxi 10,5 foizga oshadi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning ta’kidlashicha, buning evaziga yo‘lovchi vagonlar parki yangilanadi, temiryo‘l vokzallari faoliyati yangicha zamonaviy talablarga muvofiq olib boradi va yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatiladi.
Kambag‘al oilalarning ishsiz a’zolarini kasbga o‘qitish uchun stipendiya to‘lanadi
Prezidentning joriy yil 17 yanvar kuni qabul qilingan “2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq:
- 2025 yil 1 fevraldan kasblarga o‘qitish maqsadida ajratiladigan stipendiyalar nogironligi bo‘lgan shaxslarga, shuningdek, muddati 3 oydan ko‘p davom etadigan o‘quv kurslariga qabul qilingan Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalarning ishsiz a’zolariga to‘lanadi.
- 2025 yil 1 maygacha ishsiz aholini, shu jumladan, ustuvor ravishda kambag‘al oilalar a’zolarini kasb-hunarga o‘qitish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha vaucher tizimi joriy qilinadi.
Mazkur tizim 2025 yil 1 fevraldan Samarqand viloyati va Toshkent shahrida sinovdan o‘tkaziladi.
Mahallalarda kambag‘al oila a’zolarining ishlash ishtiyoqini va tashabbuskorligini oshirishga qaratilgan “Farovon hayotga ilk qadam”, “Ishonch” loyihalari va “Ma’rifat orqali kambag‘allikni qisqartirish” dasturi amalga oshiriladi.
Bog‘chalarda davomat avtomatlashtiriladi
2025 yil 1 fevraldan Toshkent shahrida sinov tariqasida, 2025 yil 1 iyuldan esa barcha davlat MTTlarida “Bolalar bog‘chasi” axborot tizimi orqali xodimlar va tarbiyalanuvchilarning elektron davomati, ish vaqti, tarbiyalanuvchilarning oziq-ovqat xarajatlarini hisobga olish joriy etiladi.
Bo‘sh ish o‘rinlarini hisobga olish, bolalarni navbatga qo‘yish va MTTga joylashtirish uchun yo‘llanmalarni shakllantirish Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining aynan ushbu axborot tizimida amalga oshiriladi.
“Bolalar bog‘chasi” axborot tizimiga xizmat ko‘rsatish, uni qo‘llab-quvvatlash va takomillashtirishni “UZINFOCOM” MCHJ tizim operatori amalga oshiradi, bunda ko‘rsatilgan xizmatlar uchun ota-onalar badalining 2 foizi yo‘naltiriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi joriy yildan boshlab xodimlar va bolalarning davomatini shaxsni biometrik identifikatsiya qilish texnologiyasi orqali nazoratga olishni yo‘lga qo‘yish uchun bolalar bog‘chalarini planshetlar va boshqa uskunalar bilan ta’minlash uchun davlat byudjetidan kamida 50 milliard so‘m ajratadi.
Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarining soni oshadi
1 fevraldan davlat muassasalari, mehmonxonalar, biznes-markazlar, savdo va umumiy ovqatlanish ob’ektlari, xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llari infratuzilmasi ob’ektlari loyihalarida to‘xtash joylarining kamida 5 foizi elektromobillarni quvvatlash stansiyalari bilan jihozlanishi kerak.
Shuningdek, ko‘p qavatli uylar yaqinida, shu jumladan, ularga yaqin joylashgan to‘xtash joylarida maksimal quvvati 22 kVt bo‘lgan stansiyalarni o‘rnatish rejalashtirilmoqda.
Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini o‘rnatish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlandi:
- avtoto‘xtash joylari, ijtimoiy ob’ektlar va davlat muassasalarida;
- savdo va biznes-markazlar, umumiy ovqatlanish korxonalari, mehmonxonalar va ko‘p qavatli uylar yonida;
- avtoyoqilg‘i quyish shoxobchalarida.
- yakka tartibdagi va ko‘p kvartirali uy-joylar hududida, shu jumladan, ko‘p kvartirali uy-joylar avtoturargohlarida eng yuqori quvvati 22 kvt bo‘lgan stansiyalar o‘rnatiladi. Tadbirkorlar mavjud ko‘p kvartirali uy joylarning faqat avtoturargohlarida stansiyalar o‘rnatishi mumkin bo‘ladi.
“Onalar uyi” xizmati yo‘lga qo‘yiladi
1 fevraldan boshlab Mehribonlik uylarida onalar, jumladan, og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan va yaqin qarindoshlari yordamisiz qolgan homilador ayollar uchun “Onalar uyi” xizmati joriy etilmoqda.
Xususan, og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan onalar va ularning farzandlari (4 yoshgacha) ijtimoiy shartnoma asosida 1 yilgacha bo‘lgan muddatga vaqtinchalik boshpana bilan ta’minlanadi, “Inson” ijtimoiy xizmat ko‘rsatish markazlari esa ularning kasb-hunar o‘rganishiga ko‘maklashadi.
Shuningdek, 2025 yil 1 martdan boshlab davlat ijtimoiy himoyasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kam ta’minlangan oilalar reyestriga kiritilgan rasman ish bilan band bo‘lgan yolg‘iz onalarga (otalarga) bola (bolalar) uch yoshga to‘lgunga qadar maktabgacha ta’lim xizmatlaridan foydalanish uchun har bir bola uchun 1,5 baravarigacha moddiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Bundan tashqari, agar bolalar egizak bo‘lsa, egizaklarning har biriga moddiy yordam ajratiladi.
Shu bilan birga, oila tipidagi mehribonlik uylarini tashkil etish uchun to‘liq oila (er va xotin) bo‘lishi talabi bekor qilinadi. Ularni 30 yoshga to‘lgan O‘zbekiston fuqarolari ham yaratishga ruxsat etiladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar oila qaramog‘iga (homiylik tarbiyasiga) faqat qarindoshlariga beriladi.
“Inson” markazlari muqobil joylashtirish shakllariga muvofiq joylashtirilgan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning qonuniy vakillari hisoblanadi (bolani vasiylik, homiylik va farzandlikka olish bundan mustasno). “Inson” markazlari ota-onadan yoki ota-onalik huquqidan mahrum bo‘lgan shaxslardan bolaning sog‘lig‘ini tiklash va reabilitatsiya qilish uchun qo‘shimcha xarajatlarni undirish to‘g‘risida sudga murojaat qilganda davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi.
Ishsiz aholini maqsadli o‘qitish boshlanadi
2025 yil 17 yanvarda “2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan 2025 yilda aholini daromad keltiruvchi mehnat bilan ta’minlash dasturi tasdiqlandi. Bunga quyidagilar kiradi:
- Aholini daromad keltiradigan ish bilan ta’minlash bo‘yicha jamlanma maqsadli ko‘rsatkichlar;
- tijorat banklari tomonidan aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlik faoliyatiga jalb etishning maqsadli ko‘rsatkichlari;
- ishsiz aholini kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘rgatish bo‘yicha jamlanma maqsadli ko‘rsatkichlar;
- Aholini qashshoqlikdan chiqarishning maqsadli ko‘rsatkichlari;
- Yangi yondashuvlar asosida aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni jalb qilish va aholini qashshoqlikdan chiqarish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining Malaka markazlarida 2025 yil 1 fevraldan boshlab Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ish beruvchilarning buyurtmalari va tijorat banklari mijozlarining ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, ishsiz aholini mehnat bozorida talab qilinadigan kasblarga manzilli tayyorlash tizimi joriy etilmoqda.