1 avgustdan davlat bog‘chalari ochiladi
Jamiyat
−
14 iyun 2020
7992Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining tarbiyalanuvchilarni qabul qilishga puxta tayyorlash, shu jumladan, sanitariya-gigiyenik qoidalar va xavfsizlik choralarini to‘liq ta’minlash maqsadida ularning faoliyatiga joriy yilning 1 avgustidan boshlab ruxsat beriladi.
Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari binolari doimiy ravishda dezinfeksiya qilinadi, ularga kirish-chiqish joylari pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion “to‘shaklar” bilan jihozlanadi.
Xodimlar tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqopdan foydalanadi va ijtimoiy masofani saqlaydi.
Tana harorati 37*S va undan yuqori bo‘lgan yoki infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan xodim va tarbiyalanuvchilar mashg‘ulotlarga kiritilmaydi.
“Shu bilan birgalikda, 2020 yil 15 iyundan boshlab “yashil” va “sariq” hududlarda nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatiga ruxsat berilgan bo‘lib, bunda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida mashg‘ulotlarni 15 kishidan ortiq bo‘lmagan guruhlarda tashkil etish to‘g‘risidagi cheklov bekor qilindi”, deyiladi xabarda.
Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilar o‘rtasida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan karantin cheklovlariga qat’iy rioya etilishi bo‘yicha mas’uliyat maktabgacha ta’lim tashkiloti ma’muriyati hamda tarbiyalanuvchilarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar zimmasiga birdek yuklatiladi.