1,5 ming o‘zbekistonlik Sloveniyadan ish topishi mumkin
Jamiyat
−
23 may
5842Kasbiy va til talablariga javob beradigan 1500 dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi Sloveniyada rasman ish topishi mumkin. Bu haqda Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev kecha, 22 may kuni Lyublyanada “Sinchalak” blogiga bergan qisqa intervyusida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, 2025 yil holatiga ko‘ra Sloveniyada ishsizlik darajasi rekord darajadagi past ko‘rsatkichlarga yetgan — 3,2−3,5 foiz atrofida. Ish bilan bandlikning yuqori darajasi mahalliy mehnat bozorida mutaxassislar yetishmasligiga olib kelgan. Kadrlar taqchilligi ayniqsa qurilish, xizmat ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash, mehmonxona va restoran biznesi, ishlab chiqarish, ta’lim va axborot texnologiyalari sohalarida keskin sezilmoqda. Sloveniya rivojlangan Yevropa davlati bo‘lib, aholisi 2 milliondan sal ko‘proq. Aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot 35 ming yevroni tashkil etadi va rivojlanish nuqtai nazaridan mamlakat ko‘plab sohalarda ishchilarga ehtiyoj sezadi.
“Bu yerda Bandlik xizmati bilan birgalikda mehnat forumini o‘tkazdik. Unda 20 dan ortiq yirik ish beruvchilar ishtirok etdi. Ulardan 7 tasi bilan shartnoma tuzib, shu asosda bugungi kunda 1500 ta ish o‘rniga talab oldik. Daromad yuqori. Bu yerda eng kam ish haqi 1100 yevroni tashkil etadi va mutaxassislik va tilni bilishga qarab ish haqi tez o‘sadi”, dedi Musayev.
Migratsiya agentligi direktoriga ko‘ra, ayni damda Sloveniyadagi bo‘sh ish o‘rinlarini egallash uchun asosan Filippin va Nepal fuqarolari kelmoqda. Biroq ko‘pchilik Yevropa mehnat bozori talablariga javob bermaydi.
“Kelgusi oyda Sloveniyadan ishchi guruh O‘zbekistonga tashrif buyurib, mamlakatimizda yaratilgan imkoniyatlarni o‘rganadi. Shundan so‘ng biz Sloveniya uchun alohida tanlovlar e’lon qilamiz”, dedi Behzod Musayev.
Shuningdek, u ishga joylashish uchun ingliz va sloven (kamida B1 darajasida) bilish talab qilinishini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, 21 may kuni Mirziyoyev Sloveniya Prezidenti Natasha Pirs Musarning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Lyublyanaga borgandi. 22 may kuni esa Lyublyanadagi Kongress maydonida Prezident Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Qolaversa, Lyublyanadagi Prezident saroyida Shavkat Mirziyoyev va Sloveniya Prezidenti Natasha Pirs Musarning tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Shu bilan birga, Mirziyoyev Sloveniya Bosh vaziri Robert Golob bilan uchrashuv o‘tkazgandi.
LiveBarchasi