25 yashar yigitning o‘limiga sabab bo‘lgan mudhish YTH tafsilotlari ochiqlandi

Intervyu

Joriy yilning o‘tgan 7 oyi davomida O‘zbekiston hududida 3012 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Shulardan 808 tasi o‘lim bilan tugagan. 2204 tasi esa tan jarohati bilan bog‘liq hodisalardir. 2019 yilning mos davrida ushbu ko‘rsatkich bu yilgidan 9,6 foizga ko‘proq bo‘lgan, ya’ni 3333 tani tashkil etgan.

Kundan kunga bu kabi yo‘l -transport hodisalari soni ortib bormoqda. Xabaringiz bor, joriy yilning 30 avgust kuni  Shayxontohur tumani, Furqat ko‘chasida joylashgan “Yalpiz” kafesi  qarshisida mudhish YTH sodir bo‘ldi. Unda “Ko‘prik ta’mirlash” boshqarmasi ishchisi 25 yashar Abdurasul Nabiyev jarohatlanib, voqea joyining o‘zida vafot etgan. Achinarlisi shundaki, joriy yilning 15 sentyabr kuni Abdurasul Nabiyev oila deb atalmish muqaddas qo‘rg‘onga qadam qo‘yishi kerak edi. Uning ortidan zor yig‘lab ota-onasi, akasi va singlisi, bo‘lajak rafiqasi qoldi. Aytilmagan yor-yorlar qoldi.

Biz ushbu YTH tafsilotlari, tergov jarayoning qanday ketayotgani haqida batafsil ma’lumot olish maqsadida Shayxontohur tumani 2-sonli Ichki ishlar bo‘limi, Tergov bo‘linmasi boshlig‘i Ulug‘bek Boltayev bilan suhbatlashdik.

Feruza Najmiddinova, jurnalist: — Joriy yilning 30 avgust kuni poytaxtda yuz bergan YTH haqida batafsil ma’lumot bersangiz


Ulug‘bek Boltayev, tergovchi: — Dilshod ismli haydovchi 29 avgust kuni tanishlari bilan birga kech soat 20:00-20:30 atrofida spirtli ichimlik iste’mol qiladi. Tanishlari uni uyiga olib kelishadi, lekin haydovchi o‘zini boshqa do‘stlari bilan uchrashish maqsadida xususiy korxonaga tegishli bo‘lgan Nexia-3 rusumli transport vositasini boshqarib ko‘chaga chiqqan. Furqat ko‘chasi bo‘ylab Nurafshon ko‘chasi tomondan Bunyodkor ko‘chasi tomonga katta tezlikda harakatlanib kelgan. Shu ko‘chada marhum Abdurasul Nabiyev Led monitorlarni o‘rnatish ustalariga yordam berish maqsadida yo‘lni to‘sgan holda, qo‘lida bo‘lgan miltillovchi tayoqcha yordamida, transport vositalari harakatini nazorat qilayotgan bo‘lgan.

Haydovchining so‘ziga ko‘ra, u shu vaqtda musiqani yoqish yoki tamaki tutishga chalg‘ib yo‘l nazoratni yo‘qotgan. Nazoratni yo‘qotgan haydovchi, temir to‘siqga borib urilgan. Temir to‘siq esa o‘z navbatida uchib borib, shu yerda bo‘lgan Abdurasul Nabiyevning bosh qismi va bo‘yin qismiga tegadi va u voqea joyida vafot etadi.

Haydovchi nima bo‘lganini anglay olmasdan, uzoq metr masofaga yurib borib, transport vositasini to‘xtagan. Tushib transport vositasini ko‘zdan kechirgan vaqtida, temir panjaraga borib urilganini anglaydi. Voqea joyida bo‘lgan guvohlar kelib piyodaga yordam berish maqsadida uni ko‘zdan kechirishgan vaqtda, haydovchi ham karaxt xolatda bo‘lgani va uni oldiga borib piyodani urgnini aytishganda esa, u piyodani urmaganini bir necha bor ta’kidlagan. Tabiiyki, voqea joyida piyoda vafot etgani sababli, YTHdan biroz vaqt o‘tib tez tibbiy yordam va IIB xodimlari kelib, voqea joyida tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishadi.

F.N.: — Haydovchi voqea yuz bergan joydan qochishga uringanmi?

U.B.: — Haydovchi va guvohlarning so‘zlariga asoslanib aytishim mumkinki, u qochishga urinmagan, avtotransport vositasi ham joyidan qo‘zg‘atilmagan. Haydovchini qochishga uringan deb ayta olmayman.

F.N.: — Fuqaro katta tezlikda harakatlanayotganini yuqorida ta’kidlab o‘tdingiz. Qanday tezlikda harakatlangani aniqlandimi?

U.B.: — Ayblanuvchining so‘zlaridan va guvohlarning ko‘rsatmasiga ko‘ra 90 -95 km soat tezlikda harakatlangan.

F.N.: — Haydovchi bergan intervyusida spirtli ichimlikni kam miqdorda iste’mol qilganini aytgan. Ekspertiza uning mastlik holatini qay darajada baholagan?

U.B.: — Albatta, norkologik dispanserda ekspertiza o‘tkazilgan vaqtda uning mastlik darajasi o‘rta darajada ekani aniqlangan.

F.N.: — YTH sodir bo‘lgandan bir sutka vaqt o‘tib ham voqea haqida rasmiy ma’lumot berilmadi. QALAMPIR.UZ’da shaxsiy manbalarimiz asosida tayyorlangan xabar chiqqanidan so‘ng, IIV YHXBB tomonidan rasmiy ma’lumot taqdim etildi. YHXBB bergan ilk xabarda haydovchiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida ma’lumotlar aytilmagandi. Mazkur voqea yuzasidan jinoyat ishi qachon qo‘zg‘atildi, tergovchi sifatida ish sizga qachon topshirildi?

U.B.: — Bemalol aytishim mumkinki, voqea 2020 yil 30 avgust kuni sodir bo‘lgan. Shu kunning o‘zida menga ish hujjatlari yetib kelgan va ushbu holat yuzasidan shu kunning o‘zidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirgi kunga qadar ham tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

F.N.: — Tergov harakatlari qanday o‘tkazilayotgani va qaysi guvohlar so‘roq qilingani haqida ma’lumot bersangiz.

U.B.: — Jinoyat ishi yuzasidan sud-transport trassologiya ekspertizasi, sud-avtotexnika va sud tibbiyot ekspertizalari tayinlangan. Bundan tashqari, voqeaga guvoh bo‘lganlar bilan ham navbatma-navbat so‘roq, tergov harakatlari amalga oshirilmoqda. Yana shuni aytib o‘tishim kerak, voqea sodir bo‘lgan kunning o‘zida daliliy ashyolar, izlar yo‘q qilinmasligi uchun transport vositasi jarima maydonchasiga olib borilgan.

F.N.: — Haydovchi o‘zining bergan intervyusida, marhumning ustida nur qaytaruvchi nimcha va qo‘lida miltillovchi tayoqchasi bo‘lmaganini aytgan. QALAMPIR.UZ’da yuqoridagilar marhumda bo‘lganini isbotlovchi dalillar bor. Marhum Abdurasul Nabiyev voqea sodir bo‘lishidan 20 daqiqa avval onasi va akasiga video yuborgan. Uning qo‘lida miltillovchi tayoq va nimchasi borligi shu videoda aks etgan.

U.B.: — Jinoyat kodeksiga asosan, o‘zining ayblilik darajasini isbotlash bo‘yniga qo‘yish mumkin emas. Bu jinoyat protsessual kodeksida ham belgilangan. QALAMPIR.UZda bor dalillar bizda ham mavjud. Bu videoni oila a’zolariga, voqeadan bir necha daqiqa oldin yo‘llagani rost.  O‘z-o‘zidan ko‘rish mumkinki uning ustida nur qaytaruvchi nimcha va qo‘lida miltillovchi tayoqchasi bo‘lgan. Videoni takror ko‘rishimiz natijasida aytishim mumkinki, miltillovchi tayoq yordamida transport vositalariga qayrilib olish yoki harakatlanish ishorasini qilgan. Haydovchining ko‘rsatmasida voqea sodir bo‘lishidan biroz muddat oldin yo‘lni o‘z nazoratidan chetda qoldirgani va mastligini aytib o‘tgan. Tabiiyki, piyodaning qo‘lidagi miltillovchi tayoqchani, mastligi va e’tiborsizligi oqibatida ko‘rmagan.

F.N.: — Йўл-transport hodisasini sodir etgan xaydovchi bilan tergov jarayonlari qanday olib borilyapti va u hozirgi vaqtda qayerda saqlanyapti?

U.B.: — Aytib o‘tish kerakki, xaydovchi o‘zini qilgan ishidan pushaymonligini bildirib o‘tdi. U bilan tegishli tartibda tergov harakatlarini olib boryapmiz. Shuningdek, Shayxontohur tumani Jinoyat ishlari bo‘yicha sudining ajrimiga binoan unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan


Maqola muallifi

Teglar

YTH tergov

Baholaganlar

434

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing