Turkiya va Gretsiya mojarosiga Merkel aralashdi
Olam
−
04 Sentabr 2020
5727Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Germaniya kansleri Angela Merkel bilan videokonferensiya muzokaralari o‘tkazdi. Bu haqda Turkiya Prezidenti ma’muriyati xabar bermoqda.
Tomonlar Sharqiy O‘rta Yer dengizi voqealari, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarga e’tibor qaratgan holda mintaqaviy mavzularni muhokama qilgan.
Muzokaralar chog‘ida Erdo‘g‘an Anqara Sharqiy O‘rta Yer dengizida Turkiya va Kiprning turk hamjamiyati huquqlarini himoya qiladigan va barcha qirg‘oq davlatlari uchun foydali bo‘lgan adolatli kelishuv tarafdori ekanligini aytgan. Shu bilan birga, davlat rahbari Gretsiya, Kiprning yunon tomoni va ularni qo‘llab-quvvatlovchi mamlakatlar muammoni hal qilishga to‘sqinlik qiladigan va keskinlikni kuchayishiga hissa qo‘shadigan qadamlar qo‘yayotganini ta’kidladi.
Prezident Erdo‘g‘an, ayrim davlatlarning Gretsiyaning xudbin va adolatsiz pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlashiga yo‘l qo‘yilmasligini aytib, xalqaro huquqni e’tiborsiz qoldiradigan harakatlar oldida Turkiya o‘z huquqlari va manfaatlarini doimo himoya qilishini ta’kidladi.
Turkiya rahbari Anqara Germaniya kanslerining Gretsiya va uni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlarning Sharqiy O‘rta Yer dengizdagi mintaqaviy tinchlikka zarar yetkazadigan qadamlari tufayli yuzaga kelgan muammoni hal qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarini mamnuniyat bilan qabul qilishini aytgan.
Joriy yilning 9 iyun kuni Gretsiya va Italiya Ion dengizidagi ikki mamlakat o‘rtasida eksklyuziv iqtisodiy zonalarni delimitatsiya qilish to‘g‘risida bitim imzoladilar. 6 avgust kuni Gretsiya va Misr Tashqi ishlar vazirlari O‘rta Yer dengizidagi zonalarni belgilash to‘g‘risidagi bitimni imzoladilar. Ushbu ikki kelishuv allaqachon Gretsiya Parlamenti tomonidan tasdiqlangan. Shuningdek, Afina kelajakda Kipr, Liviya va iloji bo‘lsa, Turkiya bilan ham shu kabi shartnomalarni tuzishni rejalashtirmoqda. 26 avgust kuni Gretsiya Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis Parlamentda "zudlik bilan qonun loyihasining kiritilishi bilan Gretsiya Ion dengizida o‘z hududiy suvlarini g‘arbga qarab 6 dan 12 dengiz miligacha kengaytiradi", deb e’lon qildi. Mitsotakisning so‘zlariga ko‘ra, bu Yunonistonning Ionian orollaridan Peloponnesdagi Tenaron burniga qadar bo‘lgan hududga tegishli. Bosh vazirning qo‘shimcha qilishicha, Tashqi ishlar vaziri Nikos Dendias allaqachon Italiya va Albaniyadagi hamkasblariga Gretsiyaning qarori to‘g‘risida xabar bergan.
Turkiya vitse-prezidenti Fuat Oktay 29 avgust kuni Gretsiya Egey dengizidagi hududiy suvlarini 12 dengiz miligacha kengaytirsa, urush bilan tahdid qildi. Anqara, shuningdek, Yunoniston-Misr kelishuvini tan olmasligini va seysmik tadqiqotlar olib boradigan harbiy kemalar guruhi bilan birga “Oruch Reis” tadqiqot kemasini Kastelorizodan Yunonistonning offshor rafidan jo‘natganini aytdi. O‘z navbatida, Gretsiya o‘z qurolli kuchlarini shay holatga keltirdi va o‘z suveren huquqlarini himoya qilishini e’lon qildi.