Haqiqiy ahvolni bilishimiz uchun kuniga qancha odam test topshirayotgani ochiq aytilishi kerak – Shayxov
Intervyu
−
31 iyul 2020
19768QALAMPIR.UZ internet nashri rahbari Qamariddin Shayxov ayni vaqtda koronavirus xastaligidan davolanmoqda. Xususiy tibbiyot muassasalarida o‘tkazilgan tahlil natijalari jurnalistda pnevmoniya mavjudligini ko‘rsatdi. Ayni vaqtda uy sharoitida davolanayotgan Qamariddin Shayxov “Amerika ovozi”ga intervyu berdi. U mamlakatdagi mavjud vaziyat haqida gapirarkan, Sog‘liqni saqlash vazirligidan koronavirus bo‘yicha raqamlarni aniq-tiniq taqdim etishni so‘radi.
“Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan koronavirus testi natijalari bo‘yicha e’lon qilinayotgan kundalik raqamlar davlat tibbiyot muassasalarida olinayotgan tahlillar bilan bog‘liqmi yoki xususiy klinikalardagi testlar ham bu raqamlar ichidan o‘rin olganmi? O‘zingizga ma’lum, allaqachon O‘zbekistonda xususiy klinikalarga koronavirus testini o‘tkazishga ruxsat berilgan. Va ko‘rsatilayotgan natijalarning qay biri takroriy emas? Chunki takroriy test topshirayotganlar talaygina. Men o‘zim shifoxonaga kirguncha va chiqayotganda davlat tibbiyot muassasasi tomonidan olinadigan tahlilni topshirdim. Bundan tashqari, xususiy klinikada ham test topshirdim. Javoblar farqli edi. Xo‘sh, bu testlarning hammasi ro‘yxatga olinganmi? Olingan bo‘lsa bu ro‘yxat qay asosda shakllantirilyapti? Bu savol meni bir jurnalist sifatida qiynayapti. Ammo bu savolga hali ham aniq javob ololganim yo‘q. Bu savol ochiq qolyapti. Kim uning hisob-kitobini qilyapti?”
Ayni vaqtda rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar 23 558 kishini tashkil etmoqda. Ularning 137 nafari vafot etgan, 13 680 kishi sog‘aygan. O‘zbekistonda kunlik kasallik aniqlanish holatlari 600 dan oshmoqda. Shayxovning fikricha, haqiqiy kasallar soni bundan bir necha baravar ko‘p bo‘lishi mumkin. Boisi bir kunda qancha test o‘tkazilayotgani yuzasidan ochiq ma’lumotlar yo‘q. Test qancha kam o‘tkazilsa, natijasi ham shuncha kam bo‘ladi.
“Boshqa tarafdan qarasak, O‘zbekistonda haqiqatan ham kuniga 500-600 ta yangi kasal aniqlanyaptimi? Balki xususiy klinikalardagi holatlarni ham qo‘shsak, 1 500 ta aniqlanayotgandir. Balki ularniki umuman ro‘yxatga olinmayotgandir. Yoki aksincha. Hozircha bu savolga hech kim javob bergani yo‘q.
Koronavirusni o‘tkazib yuborganlarda zotiljam aniqlanayotgan holatlar ham bor. Ayrim odamlar koronavirusga test topshira olmayapti, ahvoli og‘irlashgandan keyin MSKTdan o‘tyapti. 40, 10, 15, 50 foiz va ayrim hollarda undanda yuqori darajada zotiljam tashxisi qo‘yilyapti. Bular koronavirus bo‘ldi deganimi yo bo‘lmadi deganimi? Bu bo‘yicha ham javob yo‘q.
Yana testga to‘xtaladigan bo‘lsak: AQSHda, Qozog‘istonda yoki boshqa davlatda holat kuchayib boryapti deyishyapti. Qani aytingchi, bu yaxshimi? Bu testning ko‘p o‘tkazilayotganidan dalolatmi? Yoki o‘sha mamlakatda Sog‘liqni saqlash tizimi inqirozga botib borayotganidan dalolatmi? Agar kuniga mingta test o‘tkazsangiz, undan 500 tasida koronavirus aniqlansa, natija kamdek ko‘rinaveradi. Lekin kuniga 1 million test o‘tkazilib, uning 500 mingida koronavirus aniqlansa, ko‘payib ketibdi deb vahima qilinadi. Yo‘q, bu testning ko‘p o‘tkazilayotganidan, bu o‘sha yerda test tizimi izchil shaklda ishlayotganidan dalolat emasmi? O‘zim shu xastalikka chalinib, uch marta test topshirganimdan keyin ham menga zotiljam tashxisi qo‘yilgach, mana shu savollar meni qiynayapti. O‘zbekistondagi haqiqiy vaziyatni bilishimiz uchun har kuni qancha odam test topshirayotgani ochiq aytilishi kerak”, deydi Shayxov.
Ushbu intervyuning to‘liq talqinini ushbu manzilda tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi