TIV Rossiya-Qozog‘iston chegarasida to‘plangan o‘zbekistonliklar haqida ma’lumot berdi

Jamiyat

image

Rossiya-Qozog‘iston chegarasi “Mashtakovo” nazorat-o‘tkazish punkti yaqinida 300 ga yaqin O‘zbekiston fuqarolari to‘plangan. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistonning Rossiya va Qozog‘istondagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari bergan ma’lumotga ko‘ra, xabar berdi.

Mazkur masala O‘zbekistonning Moskva va Nur-Sulton shaharlaridagi elchixonalari, Qozon va Aqtau shaharlaridagi bosh konsulxonalari tomonidan nazoratga olingan, Rossiya va Qozog‘istonning vakolatli organlari bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Bildirilishicha, TIV Operativ shtabi ushbu vaziyat to‘g‘risida ma’lumotni har tomonlama ko‘rib chiqish uchun Respublika maxsus komissiyasiga yubordi. Maxsus komissiya qarori to‘g‘risida alohida ma’lumot beriladi.

“Faqat 25 maydan buyon Rossiyaning turli shaharlaridan 8 ta charter reysi tashkillashtirilganini eslatib o‘tamiz. Hozirgi paytda Maxsus komissiya tomonidan Rossiyaning turli hududlaridan hamyurtlarimizni olib kelish uchun qo‘shimcha charter reyslarini amalga oshirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Shu munosabat bilan Rossiya hududida bo‘lib turgan fuqarolarimizdan “Mashtakovo” nazorat-o‘tkazish punkti yoki boshqa Rossiya-Qozog‘iston davlatlararo chegarasini kesib o‘tish punktlariga borishga urinmasliklarini, hozirda bo‘lib turgan joylarida qolishlarini va barcha karantin choralariga qat’iy rioya qilishlarini so‘raymiz. Rossiyaning turli hududlaridagi shaharlariga charter reyslari tashkil qilish ustida ishlar davom etadi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, xorijdagi o‘zbekistonliklarni qaytarish uchun 1-7 iyun kunlari 9 ta charter reys amalga oshirish belgilangandi. 26 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yig‘ilish vaqtida keyingi 10 kunda xorijdagi 10,5 ming o‘zbekistonlik ortga qaytishi kutilayotganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

TIV o'zbekistonlik charter reys

Baholaganlar

154

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing