Fotoreportaj: Donald va Melaniya Tramp Ikkinchi jahon urushi qurbonlariga hurmat bajo keltirdi
Olam
−
09 may 2020
9184AQSH Prezidenti Donald Tramp birinchi xonim Melaniya bilan Vashingtondagi Ikkinchi jahon urushi yodgorligiga gulchambar qo‘yib, urush qurbonlariga hurmat bajo keltirdi. Marosim amerika telekanallari orqali jonli efirga uzatildi.
Marosimda Pentagon rahbari Mark Esper ham ishtirok etdi. Tramp rafiqasi bilan masofadan turib urush qatnashchilari bilan suhbatlashdi. Marosimga yig‘ilganlarning deyari barchasi niqobsiz bo‘lgan. Faqatgina jurnalistlar va Maxfiy xizmat agentlari niqob taqqan.
Marosim vaqtida Oq uy sohibi nutq so‘zlamadi va jurnalistlarning savollariga ham javob bermadi. Tramp OAV vakillari bilan salomlashib, so‘ng o‘z limuzini tomon yurib ketdi.
Keyinroq jurnalistlar Prezident matbuot kotibi Keyli Makinenidan Tramp nega niqob taqmaganini so‘rashganda, u davlat rahbari muntazam ravishda test topshirayotgani va urush qatnashchilari ham koronavirusdan himoyalanganini ma’lum qildi.
“Urush qatnashchilari o‘z tanlovlarini qilib, shunday muhim kunda o‘zlarining bosh qo‘mondonlari oldida turishni afzal ko‘rdilar. Sizga shuni aytishim mumkinki, Prezident urush qatnashchilari va amerika fuqarolarining xavfsizligini birinchi o‘ringa qo‘yadi”, dedi Makineni.
Avvalroq Oq uy Yevropada 8 may kuni Ikkinchi jahon urushidagi g‘alaba munosabati bilan nishonlanadigan G‘alaba kuni bo‘yicha bayonotini e’lon qilgandi. AQSH Prezidentiga ko‘ra, Yevropada fashizmni yo‘q qilish kampaniyasi ozodlikning bahosi to‘g‘risidagi qayg‘uli eslatma hisoblanadi.
LiveBarchasi