Homiladorlik vaqtida koronavirus aniqlansa, bu davr davom ettiriladimi?
Intervyu
−
30 aprel 2020
25787COVID-19 koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan homilador ayolning tug‘ilgan farzandida ham virus aniqlangani haqida ko‘plab xabarlar tarqaldi. O‘zbekistonda ham koronavirus yuqtirgan homilador va tuqqan ayol sog‘aydi.
Homilador ayollar ushbu virusni yuqtirib olsa, yoki gumon qilinsa qanday yo‘l tutiladi? Qayerga murojaat qilish kerak? Ularning davolanish tartibi qanday bo‘ladi? Shu kabi savollarga Sog‘liqni saqlash vazirligi boshqarma boshlig‘i Barno Abdusamatova javob berdi.
– Homilador, tug‘ruqdagi va tuqqan ayollarga “COVID-19” koronavirus infeksiyasi tashxisini qo‘yish va davolashda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bilan birgalikda alohida milliy klinik qo‘llanma ishlab chiqqan. Shu asosida davolash ishlari olib boriladi. Hozirgi kunda mamlakatimiz bo‘yicha “COVID-19” infeksiyasi bilan kasallanganlar bilan muloqotda bo‘lgan homilador ayollar uchun 740 shifo-o‘ringa ega 14 ta tug‘ruk komplekslar, koronovirus infeksiyasi tasdiqlangan homilador ayollar uchun esa 360 shifo-o‘ringa ega bo‘lgan 13 ta tug‘ruk komplekslari yaratilgan.
Shu o‘rinda aytish kerakki, homilador ayollarda quruq yo‘tal, xaroratni ko‘tarilishi, nafas qisilishi, xolsizlik, ishtaxa yo‘qligi, mushakda og‘riq alomatlari paydo bo‘lganda uydan chiqmagan holda yashash manzillaridagi uchastka shifokoriga yoki ayollar maslaxatxonalariga murojaat qilishlari zarur. Karantin davrida homiladorlar shoshilinch holatlardan tashqari shifokorlar maslahatlashuvlarini masofaviy aloqa (telefon, videoaloqa va boshqalar). orqali o‘tkazishlari tavsiya etiladi.
– Shu o‘rinda, ko‘pchilikdai homilador ayolda koronavirus infeksiyasi aniqlansa va u muddatiga yetmagan bo‘lsa, homiladorlik davom ettiriladimi, degan savol tug‘ilishi tabiiy...
– Bilasizmi, bu, eng avvalo, ona ahvolining og‘irligi, homilaning yashab ketishi va sog‘lomligi kabi ko‘plab omillarga bog‘liq. Agar koronavirus infeksiyasi mavjud bo‘lgan homilador ayolning ahvoli og‘ir yoki o‘ta og‘ir deb baholanadigan bo‘lsa, unda diagnostik mezon va xalqaro tibbiy tavsiyalarga muvofiq, hayotiy ko‘rsatmalarga ko‘ra, homiladorlik muddatiga qaramay tug‘dirishni amalga oshirish kerak. Ammo hozirgi kunda koronavirus infeksiyasiga chalingan homilador ayollarda bu kasallik homila uchun jiddiy asoratlar xavfi yuqoriligi to‘g‘risida hech qanday dalillar mavjud emas.
SOVID-19 infeksiyasiga chalingan ayolda homiladorlik muddatiga yetgan bo‘lsa, tug‘ruq usulini tanlash akusherlik ko‘rsatmalari asosida individual amalga oshiriladi. JSST kesarcha kesishni faqatgina tibbiyot nuqtai nazaridan o‘rinli deb topilgandagina o‘tkazishni tavsiya etadi
– Aytingchi, ushbu infeksiya onadan bolaga o‘tadimi?
– Tug‘ruq murakkab jarayon. Ayrim yuqumli kasallikka chalingan onalarning farzandida onadagi infeksiyalar bo‘lmasligi mumkin. Ammo koronavirus butun dunyo shifokorlari uchun ham kutilmagan kasallik bo‘ldi. To‘g‘ri, koronavirus infeksiyasi mavjud bo‘lgan homilador ayoldan tug‘ilgan bolaga infeksiya o‘tadimi, degan savol har bir ayolning xayolidan o‘tishi tabiiy. Mutaxassislarning ma’lum qilishlaricha, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda koronovirus infeksiyasi o‘tgan holatlar nisbatan kam qayd etilgan, bordiyu ushbu infeksiya bolaga o‘tgan taqdirda ham barcha holatlar yengil shaklda kechgan.
Kasallangan homilador ayoldan tug‘ilgan chaqaloq, u tug‘ilgandan so‘ng 12-24 soat o‘tgach albatta koronavirus infeksiyasiga tekshiriladi. Natijalarni tasdiqlash uchun takroriy test 24 soatdan keyin amalga oshiriladi. Tekshiruv uchun biomaterial sifatida burun-xalqum yoki og‘iz-xalqumdan surtma olinadi.
– Koronavirus infeksiyasi mavjud bo‘lgan ona o‘z bolasini ko‘krak suti bilan oziqlantirishi mumkinmi?
– Hammamizga ma’lumki, ona suti turli kasalliklarni chaqiruvchi virus va mikroblarga qarshi kurashuvchi moddalarga boy bo‘ladi. Ya’ni, u bolada immunitet tizimining shakllanishida qatnashadi. Undagi immunoglobulinlar yangi tug‘ilgan chaqaloqni turli infeksiyalardan himoya qiladi, onadan bolaga immunitet o‘tishini ta’minlaydi. Shuning uchun ham, JSST koronavirus infeksiyasi mavjud bo‘lgan onaning salomatlik holatiga qarab emizishga ruxsat berilishini tavsiya etadi. Lekin, shuni esdan chiqarmaslik kerakki, virus onadan bolaga havo-tomchi hamda to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot yo‘li orqali o‘tishi mumkin. Shu bois, onalar chaqaloqlarni parvarishlash va emizish jarayonida niqobdan foydalanishlari, uni ishlatishdan oldin va keyin qo‘llarini yaxshilab yuvishlari hamda xonadagi barcha buyumlarni xlorli eritmalar bilan dezinfeksiyalab turishlari shart.
LiveBarchasi
AQSH dollarining rasmiy kursi pasaydi.
27 dekabr