Oqibatini bila turib, yaxshi gap bilan buni yashirayotgan shifokorga o‘xshagim kelmayapti – Allamjonov

Jamiyat

Yangi turdagi koronavirus COVID-19 ortidan kuzatiladigan iqtisodiy inqiroz ko‘plab sohalar qatorida ommaviy axborot vositalarini ham chetlab o‘tmaydi. Bugun O‘zbekistonda 2 mingdan ortiq gazeta-jurnallari, telekanalar va radiolar, internet nashrlar faoliyat yuritmoqda. Xo‘sh, ularning taqdiri qanday kechadi? Inqiroz OAVga qanday ta’sir qiladi. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komiljon Allamjonov va QALAMPIR.UZ o‘rtasida o‘tgan onlayn-muloqotda ushbu savollar ko‘tarildi. 

“Bizning tahlillarimiz shuki, pandemiya juda ko‘plab kutilmagan darajadagi iqtisodiy  inqirozlarni boshlab bersa, buning OAVga ham ta’siri katta bo‘ladi. Fikrimcha, matbuot ham og‘ir jarayonlar va og‘ir davrga kirib kelmoqda. Gazeta nashrlariga keladigan bo‘lsak, qo‘pol qilib aytgim kelmayapti, ammo men ularning kelajagini ko‘rmayapman. Bu inqirozlar boshlanmagan taqdirda ham gazetalar allaqachon o‘tmishga aylangandi.

Bir vaqtlar CD-disklarni O‘zbekistonda ishlab chiqarish bilan qiziqqan edim. Shunda bir odam “O‘zbekistonda CD-disklarni ishlab chiqaruvchi zavodni ochish kerak emas, chunki endi fleshkalar paydo bo‘ldi, "vaqti kelib CD-disklar yo‘q bo‘lib ketadi”, degan edi. Xuddi shu nuqtai nazardan internet maydoni kengaygani sari bosma ommaviy axborot vositalarining kelajagi ham kamayib bormoqda. Albatta, bu gaplarim ushbu nashrlarda faoliyat yuritayotgan hamkasblarimizga og‘ir botishi, dilini og‘ritishi mumkin. Bu uchun men uzr so‘rayman. Lekin, hozir holatni to‘g‘ri prognoz qilib, to‘g‘ri moslasha olish juda muhim. Hozir men kasallik ertaga nimaga olib kelishini bila turib, yaxshi gap bilan buni yashirayotgan shifokorga o‘xshagim kelmayapti. Tashxisni aniq qo‘yaylik. Gazetaning umri qisqa”, deydi Allamjonov.

U so‘zida davom etarkan, gazeta o‘qimasligini, oxirgi marta qachon gazeta o‘qiganini eslolmasligini aytadi. Allamjonov, hatto, televizor ham ko‘rmaydi.

Komiljon Alllamjonovni o‘zbek jurnalistikasining darg‘alari, matbuot sohasida ko‘p yillik tajribaga ega ustoz jurnalistlar gazetalar haqida bildirgan fikri uchun ayblashlari mumkin. Xo‘sh, bunga Allamjonov qanday qaraydi? 

“Ayblashadimi, dod-voy qilishadimi, boshlarini devorga urishadimi, nima deyishsa ham haqiqat shu. Undan yuz o‘gira olmaymiz. Mana, oddiy statistika. Hatto, gazeta chop etadigan mashinalarni ishlab chiqaradigan korxonalar ham allaqachon gazeta mashinalarini ishlab chiqarishni to‘xtatish harakatiga o‘tishgan. Germaniyada “Heidelberg” kompaniyasiga bordik. Ularning taxmini shu: gazeta kelajakda yo‘q bo‘lib ketadi. Bo‘lsa ham juda tor doiradagi auditoriya uchun bo‘lishi mumkin. Gazetaning qog‘oz ko‘rinishi bo‘lmaydi. 

Ular hozir og‘ir ahvolda, qanday yordam berish mumkin degan savollar ko‘p ko‘tariladi. Odamlarimizda axborotni olishning ikki xil yo‘li bor. Internet orqali yoki matbuot shoxobchasiga borib, gazeta olish. Pandemiya shu darajada saboq bo‘lyaptiki, raqamlashtirish masalasi kun tartibiga chiqdi. Mana hozir gazetalarni qanday qilib olib kelasiz? Hammamiz karantindamiz, gazeta olib borish ham, matbuot do‘koniga chiqish ham mumkinmas. Karantin qancha davom etishi esa noma’lum. Lekin veb-saytlar, blogerlar ishlayapti. Gazetalarimizning ahvoli yaxshi emas, juda lanj ahvolda. Ular tezda internetga moslashmasa, bu ketishda qiyin bo‘ladi”. 


Maqola muallifi

Teglar

Komiljon Allamjonov

Baholaganlar

283

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing