Kasallikka chalinganlar oramizda, ular kim, qayerda, soni qancha bilmaymiz – Xayrulla Bozorov

Jamiyat

image

Namangan viloyatida koronavirusga chalingan bemorlarning 2 nafari og‘ir ahvolda. Bu haqda viloyat hokimi Xayrulla Bozorov telemurojaati vaqtida aytib o‘tdi.

“Viloyatda ilk holat 25 martda aniqlangan bo‘lsa, qisqa muddatda kasallanish holatlari 65taga yetdi. Bulardan 22 nafari erkaklar, 43tasi ayollar. 11 nafari 18 yoshgacha bo‘lganlar, 7 nafari 60 yoshdan oshganlar. Bu epidemiya yosh-u qarini ayamayapti. Kasallikka chalinganlar orasida 2 oylik chaqaloq ham borligi afsuslanarlidir.

Respublikamizda kasallikdan tuzalganlar soni 60 nafardan ortdi, ularning orasida 4 nafari namanganliklar. Shifokorlarimiz bemorlar tuzalishi uchun kurashmoqda”, deya ma’lumot bergan viloyat hokimi.

Xayrulla Bozorov Namanganda koronavirus tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun joriy etilgan cheklov buzilayotganini tanqid qildi.

“Targ‘ibot va tashviqot ishlariga qaramasdan, afsuski, juda ko‘pchilik bu kasallikning xavfini tushunib yetmayapti. Natijada bugungi kunda ko‘cha-ko‘ylarda to‘planib o‘tirish holatlari, zaruratsiz ikki-uch kishi yoki undan ham ko‘proq bo‘lib ko‘chada yurish holatlari, niqobsiz yurish holatlari uchramoqda.

Viloyatimizda kasallikka chalinish holatlariga qarasak, bir bemor 38 kishiga virus yuqtirgani, yoki boshqa holatda virusga chalingan bir kishi 19 mart kuni bir oilada o‘tkazilgan to‘y marosimiga borib, bu marosimda 18 kishiga virus yuqtirgani, jumladan, yangi kelin-kuyovga ham virus yuqtirgani fuqarolarimizga xulosa qilish uchun misol bo‘lmayaptimi?”, deydi Xayrulla Bozorov.

Xayrulla Bozorov o‘z murojaatida so‘nggi uch kunda aniqlangan bemorlarning 6 nafari kasallikni qayerda yuqtirganini bilmasligini aytib o‘tgan. Shuningdek, ba’zi fuqarolar xastalikni oddiy shamollash deb o‘ylab, uyida o‘zi davolanishga urinayotganini qo‘shimcha qilgan.

“Fuqarolarimizni bugungi kunda joriy qilingan karantin tartib-qoidalariga rioya etish haqida ogohlantirmoqchiman. Eng muhimi, har bir inson bu kasallik qanchalik xavfliligini his qilishi kerak. 

Hamma bilishi kerakki, virusga chalingan bir kishi bir necha kun davomida jamoat joylarida erkin harakatlanishda davom etsa, 200 kishidan 400 kishigacha virus yuqtirishi mumkin.

Shu kungacha Namangan viloyatida kasallanganlar kimligi, ular qayerda va qachon virus yuqtirgani, qolaversa, ular bilan aloqada bo‘lganlar bizga ma’lum edi va biz ularni tezkorlik bilan tibbiyot muassasalariga joylashtirib, vaqtida tibbiy yordamlar ko‘rsatib kelayotgandik.

Lekin oxirgi uch kun ichida bu kasallikni yuqtirish manbasi aniq bo‘lmagan 6 bemor aniqlandi. Afsuski, bu fuqarolarimiz qachon, qayerda va kimdan yuqtirishganini bilishmaydi.

Ikkinchidan, ming afsuski, ayrim fuqarolarimiz uylarida isitmalab, buni oddiy shamollash deb o‘ylab, uy sharoitida o‘zlarini davolashga urinishmoqda. Natijada ular oila a’zolariga, qolaversa, ahvoli og‘irlashganida yetib kelgan Tez tibbiy yordam xodimlariga yuqtirishmoqda.

Oxirgi uch-to‘rt kun ichida to‘rtta shunday holat aniqlangan, ularning uchtasi Namangan shahrida, bittasi Uchqo‘rg‘on tumanida yuz bergan. Ular bir necha kunlab, o‘n kunlab uylarida isitmalab yotishlari, o‘z vaqtida shifokorlarga murojaat etmaganliklari bugun ushbu kasallikning yuqish xavfini oshirib yubormoqda. Mazkur 4 nafar fuqaroning ikki nafari og‘ir ahvolda, bugun tongdan ular sun’iy nafas oldiradigan apparatlarga ulangan.

Agar ushbu fuqarolarimiz o‘z vaqtida shifokorlarga murojaat qilishganida o‘z vaqtida aniq diagnoz qo‘yilardi, yaqin qarindoshlariga yuqtirilmas edi. Bugun ularning har biri orqasidan 200tadan mingtagacha odamni karantinga olishga hojat bo‘lmas edi.

Yuqoridagi ikki sababdan xulosa qilib aytmoqchimanki, koronavirus kasalligiga chalinganlar oramizda yuribdi. Lekin ular kimligini, qayerdaligini, ularning soni qanchaligini, afsuski, biz bilmaymiz. Mana shu vaziyat bugungi kunda xalqimiz uchun eng katta tahdid bo‘lib qolmoqda.

Immuniteti kuchli yoshlar kasallikka chalingan bo‘lsa ham, unda kasallik alomatlari sezilmaydi. Lekin ular o‘zi bilmagan holda kasallik yuqtiruvchi bo‘lib qolishadi. Bu og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin”, deydi Bozorov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtga kelib, koronavirusga chalinganlar 896 nafarga yetdi. Bugungacha kasallanganlarning 66 nafari davolangan, 4 nafari vafot etgan.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

158

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing