Hukumat Birinchi Prezidentning nabirasidan xavotirda. Vazir bayonot berdi
Olam
−
14 fevral 2020
14325Avvalroq, Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning nabirasi – Senat raisi Darig‘a Nazarboyevaning o‘g‘li Oysulton Nazarboyev Buyuk Britaniyadan siyosiy boshpana so‘ragani haqida xabar bergan edik.
Oysulton Nazarboyev ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali Rossiya va Qozog‘iston hukumatlari o‘rtasidagi yirik ko‘lamli korrupsiya va xalqdan o‘g‘irlangan milliardlab dollarlar haqidagi ma’lumotga ega ekani haqida yozgandi.
Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning nabirasi Oysultonning Facebook’dagi postlari muayyan shaxslarning ta’siri ostida yozilgan va bu mamlakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bosim o‘tkazish deb baholandi. Axborot va jamiyat taraqqiyoti vaziri Dauren Abayev shunday fikr bildirdi. Bu haqda “Kommersant’” xabar qildi.
“Men giyohvandlikdan davolanayotgan odamning gaplaridan iqtibos keltirish, u gaplarga asoslanib nimadir aytish va uni muhokama qilish odobdan emas, deb hisoblayman. Ushbu holatda uning ochiqcha gapirayotgani emas, balki sog‘lig‘i bilan bog‘liq vaziyat xavotir uyg‘otadi. Ishonch bilan aytishim mumkinki, siz aytayotgan postlar ma’lum kimsalar ta’siri ostida yozilgan”, deya ushbu vaziyatga izoh bergan vazir.
Abayev Nursulton Nazarboyevning nabirasi giyohvand moddalar iste’mol qilishga mukkasidan ketganini va shu sababli uning bu kabi fikrlarini jiddiy qabul qilishga asos yo‘qligini qayd etgan.
“Hozir yuz berayotgan hodisa – undan g‘araz maqsadlarda foydalanish va mamlakatimizga bosim o‘tkazish, iflos o‘yin”, degan vazir.
Oysulton Nazarboyev oliy darajadagi “ko‘p millionli korrupsiya” haqidagi ma’lumotlarni Britaniyaning “The Times” nashriga bergan intervyusida oshkor qilganini aytgan. Oysulton intervyuning qachon e’lon qilinishi haqida aniq ma’lumot bermagan. Bir oy avval Oysulton Facebook’dagi sahifasida Nursulton Nazarboyevning nabirasi emas, balki o‘g‘li ekani haqida post qoldirgandi.
Bir necha oy ilgari esa Oysulton Nazarboyev begona shaxsning mulki hisoblangan uyga bostirib kirgani va politsiyachi bilan mushtlashgani uchun London sudi tomonidan bir yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Sud qaroriga ko‘ra u ushbu muddat ichida giyohvand moddalarga qaramlikdan ham davolanishi belgilangandi.
Ma’lumot uchun, 29 yoshli Oysulton Nazarboyev — Qozog‘iston Birinchi Prezidentining to‘ng‘ich qizi Darig‘a Nazarboyeva va Rahat Aliyevning o‘g‘li. U Britaniyaning Sandxerst qirollik harbiy akademiyasini tamomlagan va Qozog‘iston bosh razvedka mudofaa boshqarmasiga ishga olingandi.
LiveBarchasi