15 million dollar o‘zimizda qoldi, ferroqotishmalar “O‘zmetkombinat”da chiqarilyapti

Biznes

image

Hayotimiz davomida temirga ko‘p duch kelamiz. Butun umrimiz u bilan yonma-yon o‘tadi, desak ham bo‘ladi. Ammo mana shu temir qanday paydo bo‘lishini bilamizmi?
 

Biz ham bilmas edik. Toki Bekoboddagi "O‘zmetkombinat"ga bormagunimizga qadar.


"O‘zmetkombinat" 1944 yili Bekobod shahrida bunyod etilgan. Kombinat metall eritishga ixtisoslashtirilgan bo‘lib shu kunga qadar ko‘plab ishlab chiqarish turlari bilan shug‘ullanadi. Ammo bir muammo — temir ishlab chiqarish uchun juda zarur bo‘lgan ferrosilitsiy va ferrosilikomarganets qotishmalari shu vaqtga qadar xorijdan import qilinar edi. Ushbu qotishmalarsiz 10 200 kishi mehnat qiladigan "O‘zmetkombinat" faoliyatini tasavvur etib bo‘lmaydi.

Shuning uchun yiliga 15 million AQSH dollari miqdorida valyuta import uchun sarflab kelingan. O‘zbekistonda ushbu mahsulotni tayyorlash va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish imkoni bo‘lgani holda, valyuta evaziga chetdan olib kelinishi iqtisodiy jihatdan ham, ijtimoiy jihatdan ham to‘g‘ri emas edi. Boz ustiga yurtimizdagi birgina Kokpotas konida 98 yilga yetadigan zaxira borligi aniqlangan ham edi.

Mana shu zahirani tayyor mahsulotga aylantirish ishlari 2018 yilda jadal boshlandi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki ferrosilitsiy ishlab chiqarish uchun Koreyaning eksport-import banki mablag‘lari sindikatini yaratish orqali qayta moliyalashtiruvchi bank sifatida tanlab olindi. Mazkur loyiha bir yilda 15 ming tonna ferrosilitsiy ishlab chiqarish imkonini berardi. O‘zmilliybank Koreyaning Eksimbanki jalb qilgan sarmoya hisobidan moliyalashtirishni yo‘lga qo‘ydi. Loyixaning umumiy hisobi 36 mln dollarni tashkil etdi. Kredit mablag‘lari to‘liq o‘zlashtirildi. Texnikalarni yetkazib berish yakunlanib, mutahassislarni o‘qitish ham amalga oshirildi. Ob’ektni ekspulatatsiya qilish 2018 yilning 30 avgustidan boshlandi. Bugungi kunda loyixa doirasida 6,48 million AQSH dollari hisobida kelishuvga erishilgan. Kredit muddati 5 yil, bu muddat 1 yillik imtiyozni ham o‘z ichiga oladi.


Ammo bu hali ishning yarmi edi, xolos. Ferrosilitsiy bilan birgalikda ferrosilikomargansiy ham ishlab chiqarish zarur edi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan O‘zmilliybank loyihalashtirish bo‘yicha Koreyaning eksport-import bankini qayta moliyalashtiruvchi bank sifatida tanlab olindi. Koreyaning Eksimbankidan olingan kredit hisobidan, O‘zmilliybank tomonidan qayta moliyalashtirish miqdori 5,7 mln dollarni tashkil etadi. Loyixaning umumiy summasi 23,8 mln dollarni tashkil etib, bir yilda 10 ming tonna mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etish ko‘zda tutilgan.


Kredit mablag‘lari to‘liq o‘zlashtirildi va uning muddati 1 yillik imtiyozli vaqt bilan birga 5 yilni tashkil etdi. Texnikalar yetkazib berish yakunlanib, mutahassislarni o‘qitish ham amalga oshirildi. Ob’ektni ekspulatatsiya qilish 2018 yilning 7 dekabri boshlandi. Shu tariqa ish to‘liq yo‘lga qo‘yildi.

Ayni vaqtda Milliy bank ko‘magida tashkil etilgan ferroqotishmalar ishlab chiqarish sexida 290 kishi ish bilan ta’minlangan. "O‘zmetkombinat" esa chetdan ferroqotishmalar import qilishni batamom to‘xtatgan. Ish 3 smenada olib borilmoqda. Ishchilarning maoshi ham shunga yarasha 3,5 million so‘mdan tortib 6,5 million so‘mgacha tashkil etadi.

Ish vaqti 8 soat bo‘lib, nizomga ko‘ra har bir soatda 10 daqiqa dam olinadi. Mehnat ta’tili vaqtida ishchilarga oromgohlarda dam olish uchun yo‘llanma taqdim etish yo‘lga qo‘yilgan.


Milliy bank ko‘magida tashkil etilgan ferroqotishmalar sexi to‘liq rentabel bo‘lib, hatto ishlab chiqarish jarayonida paydo bo‘ladigan mikrokremnezyom changi ham pullanadi. Ushbu xom-ashyo yuqori sifatli sement va bruschatkalar tayyorlashda qo‘l keladi. Afsuski hozircha yurtimizdagi sement ishlab chiqaradigan yirik korxonalar mikrokremnezyomga qiziqish bildirganicha yo‘q. Faqat xususiy sexlar sotib olmoqda. Ammo Rossiya va Qozog‘istondan qiziqish ancha yuqori va "O‘zmetkombinat"ning ferroqotishmalar sexi bilan shartnomalar imzolanmoqda.

Milliy bank va "O‘zmetkombinat" o‘rtasidagi hamkorlik davom etmoqda.

Reklama huquqi asosida


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

O'zmilliybank O'zmetkombinat

Baholaganlar

34

Reyting

3.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing