Birinchi xonim chiqindilarsiz hayot qurmoqchi

Olam

Dunyo mamlakatlari rahbarlarining turmush o‘rtoqlari yoki farzandlari turli xayriya tashkilotlariga rahbarlik qilib keladi. Kimdir madaniyat va san’atni rivojlantirish, an’analarni tiklash yo‘lida faoliyat olib boradi. Yana kimdir sportga boshchilik qiladi. Nogironligi mavjud aholi, ayniqsa, og‘ir xastaliklarga chalingan bolalarni o‘z himoyasiga olgan jamg‘armalarga rahbarlik qilayotgan birinchi xonimlar ham talay. Turkiya Respublikasining Birinchi xonimi Emina Erdo‘g‘an esa chiqindilarni qayta ishlash, odamlarda chiqindini to‘g‘ri tashlash madaniyatini yuksaltirish va dunyoni zaharlanishdan qutqarish yo‘lidagi loyihaga qo‘l urdi. 

“Men bog‘chasi bor uyda ulg‘aydim. Tabiatning go‘zalligiga shohid bo‘ldim. Bog‘imizdagi daraxtlar yerga to‘kilgan mevalar tuproqqa qorishib, o‘g‘it bo‘lardi. Ehtiyojimizdan ortgan mevalarni esa qo‘shnilarga ulashardik. Sabzavotlarni eskitmay, saqlab qo‘yardik. Qarasam, mening yoshimdagi ko‘plar uchun an’anaga aylangan bu odatlar hozir ancha o‘zgardi. 

Yoshlarimizning hayotida esa qayta ishlangan mahsulotlarning o‘rnini hech narsa bosmayapti. Holbuki, tabiatni muhofaza qilish uchun avval uni tanishimiz kerak. Dunyo uchun bir yaxshilik qilishimiz kerak”, deydi Emina Erdo‘g‘an. 

Birinchi xonim tashabbusi bilan Turkiyada “Nol chiqindi” loyihasi boshlandi. Bu loyiha orqali avvalo dunyoni chiqindilardan tozalash, buning ortidan esa ularni to‘plab, qayta ishlash maqsad qilindi. Chiqindilardan sanoat uchun xom ashyo tayyorlanadi. Qayta ishlash imkoni bo‘lmaganlari esa energetika sohasiga yo‘naltiriladi. Ushbu loyihani amalga oshirish avval davlat tashkilotlaridan boshlandi. 

Ilk qadam Turkiya Respublikasi Prezidenti saroyida tashlandi. Saroyga maxsus chiqindi qutilari o‘rnatildi. Plastik chiqindilar uchun, qog‘oz chiqindilar, qolaversa, oziq-ovqat qoldiqlari uchun alohida qutilar hozirlandi. Keyin bu amaliyot boshqa tashkilotlarda ham amalga oshirildi. Ayni vaqtda mamlakatdagi 21 mingdan ortiq tashkilotda “Nol chiqindi” loyihasining maxsus chiqindi qutilari mavjud. 

Joriy yilning yoz oylarida boshlangan bu safarlarbarlik mamlakatning dengizlarida g‘avvoslar orqali davom ettirildi. Yangi loyiha “Nol chiqindi moviy” deya nom oldi. Ayni vaqtda jamoatchilikning ko‘magi bilan dengizlarning kirlanishiga qarshi harakat davom etmoqda. Emina Erdo‘g‘an o‘zi rahbarlik qilayotgan loyiha haqida gapirarkan, shunday deydi: 

“Rassomlar, shoirlarga ilhom bergan tabiatning yo‘q bo‘lib borayotganini o‘ylashning o‘zi yuragimizni og‘ritadi. O‘ylaymanki, ko‘m-ko‘k musaffo osmon, zumrad singari yashil dengiz va toza havoga to‘la ormonlari bilan yanada go‘zal dunyoni kelajak avlodlarga meros qilib qoldiramiz”.


Maqola muallifi

Teglar

Emina Erdo'g'an

Baholaganlar

64

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing