Emina Erdo‘g‘an Trampning xotiniga G‘azodagi vaziyat bo‘yicha xat yo‘lladi
Olam
−
23 avgust 4788 3 daqiqa
Turkiyaning birinchi xonimi, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning rafiqasi Emina Erdo‘g‘an AQSH Prezidenti Donald Trampning rafiqasi Melaniya Trampga maktub yo‘llab, undan G‘azodagi gumanitar inqirozga ham xuddi Ukrainadagi urushga bo‘lgani kabi e’tibor qaratishni so‘radi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Anadolu” xabar berdi.
.jpg)
O‘z maktubida Emina Erdo‘g‘an Melaniya Trampga hurmatini bildirib, undan olti yil avval Vashingtondagi Oq uyda bo‘lib o‘tgan samimiy suhbat va iliq kutib olishni hanuz eslab qolganini ta’kidlagan. Shuningdek, u Melaniya Trampning yaqinda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga yo‘llagan xatini AQSH birinchi xonimining joriy voqealarga nisbatan sezgirligi sifatida qayd etgan.
“Siz maktubingizda bolalarning mehr-muhabbat va xavfsizlikda ulg‘ayish huquqi umumiy va rad etib bo‘lmaydigan qadriyat ekanini ta’kidlagansiz. Bu huquq na geografiya, na irq, na etnik kelib chiqish, na diniy guruh, na ideologiyaga bog‘liq emas. Bu huquqdan mahrum qilingan mazlumlarni qo‘llab-quvvatlash esa avvalo insoniyat oldidagi ulkan mas’uliyatdir. Sizning Ukraina urushi oqibatida vayron bo‘lgan hayotlar, ajralgan oilalar va yetim qolgan bolalarga ko‘rsatgan e’tiboringiz qalblarga umid baxsh etdi”, deya yozgan Erdo‘g‘anning ayoli.
Erdo‘g‘an Melaniya Trampdan Ukrainadagi urushda halok bo‘lgan 648 bola uchun ko‘rsatgan e’tiborini G‘azodagi vaziyatga ham qaratishini so‘rab, so‘nggi ikki yil ichida bu yerda 62 ming begunoh tinch aholi, jumladan 18 ming bola shafqatsizlarcha o‘ldirilganini eslatgan.
U G‘azoni “misli ko‘rilmagan shafqatsizlik va zamonaviy tarixning eng og‘riqli genotsid sahnasi” deb atagan.
“Har 45 daqiqada bir bola halok bo‘layotgan G‘azoda BMT Bolalar jamg‘armasi yer ustidagi makonni “do‘zax”, yer ostidagisini esa “bolalar qabristoni” deb ta’riflamoqda. Urushlarda noma’lum askar atamasi ishlatilgani kabi, bir kun kelib bu ibora bolalarga nisbatan ishlatilishini tasavvur qilarmidingiz?” deya yozgan Emina Erdo‘g‘an.
Erdo‘g‘an maktubida urush ruhiyati butunlay ezgan va kulishni unutib qo‘ygan bolalar mikrofonlarga o‘limni xohlashlarini aytayotgani, ularning qalblarida esa chidab bo‘lmas urush og‘irligi aks etayotganini ta’kidlagan.
U G‘azo tarixida yetim bolalarning bevosita boshidan kechirgan qo‘rquv va iztiroblari o‘chmas iz qoldirganini eslatib, nafaqat ukrainalik, balki falastinlik bolalar ham xuddi shunday quvonch, erkinlik va munosib kelajak huquqiga ega ekanini qayd etgan.
“Agar siz Isroil Bosh vaziriga G‘azodagi gumanitar inqirozni tugatishga chaqiruvchi maktub yo‘llasangiz, bu nihoyatda muhim qadam bo‘ladi. Bugun dunyo uyg‘onish davrini boshdan kechirmoqda, Falastinni tan olish umumiy iroda sifatida shakllanmoqda. Men ishonamanki, sizning G‘azo himoyasidagi murojaatingiz ham falastinlik xalq oldidagi tarixiy mas’uliyatning ifodasi bo‘ladi”, degan Turkiyaning birinchi xonimi.
Shuningdek, u dunyoning turli hududlaridagi bolalarning hayoti turlicha qadrlanishiga qarshi birlashishga chaqirgan va xalqaro huquq me’yorlarini hamda umuminsoniy qadriyatlarni himoya qilishda birdamlik zarurligini ta’kidlagan.
“Ona, ayol va inson sifatida men sizning maktubingizdagi his-tuyg‘ularingizni chuqur anglayman va sizning G‘azoda tinchlik va osoyishtalikni orzu qilayotgan bolalarga ham xuddi shunday umid bag‘ishlashingizni istayman. Balki 18 ming 885 bolani, jumladan 335 marta o‘qqa tutilgan olti yoshli Hind Rajabni endi qaytarib bo‘lmas. Ammo bizda hali ko‘proq bolalarni asrab qolish imkoniyati bor”, deya o‘z maktubini yakunlagan Emina Erdo‘g‘an.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an G‘azo sektoridagi inqiroz bo‘yicha G‘arb mamlakatlarining sustkash pozitsiyasi xalqaro hamjamiyatga bo‘lgan ishonchni yemirayotganini aytgandi. Erdo‘g‘anning qo‘shimcha qilishicha, Turkiya G‘azo masalasida boshidan buyon qat’iy pozitsiyada turib, oziq-ovqat, dori va tibbiy yordam yetkazib bermoqda, yaradorlarni davolash uchun qabul qilmoqda.
Live
Barchasi