Otabek Umarov Habibning O‘zbekistonga kelishiga boshchilik qilmoqda
Jamiyat
−
14 Oktabr 2019
10953Avvalroq, UFC bo‘yicha jahon chempioni Habib Nurmuhamedov shu yilning 23 noyabr kuni O‘zbekistonga kelayotgani haqida xabar bergan edik. Sportchining mamlakatga navbatdagi tashrifiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kenja kuyovi – Prezident xavfsizlik xizmati raisining birinchi o‘rinbosari – Triatlon federatsiyasi raisi Otabek Umarov boshchilik qilmoqda.
Otabek Umarov ijtimoiy tarmoqrlardagi sahifasi orqali Habib Nurmuhamedovning O‘zbekistonga tashrifi va o‘tkazilishi kutilayotgan tadbirlar, qolaversa, O‘zbekistonda o‘tadigan MMA bo‘yicha birinchi turnir haqida ma’lum qildi.
“Menga MMA sport turi haqida juda ko‘p yozishadi. Insonda g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq va ishonchni oshiradigan hamda turli yo‘nalishlardagi sportchilarni birlashtiruvchi ushbu sport turini rivojlantirish haqida takliflar berishadi.⠀
Bu yo‘nalishda ancha ishlarni amalga oshirdik. Buning samaralaridan biri sifatida tez kunlarda o‘tkazilishi kutilayotgan GFC turnirini misol qilishimiz mumkin. Bu O‘zbekistonda MMA bo‘yicha birinchi turnirdir. ⠀
⠀
Shou doirasida O‘zbekistondan yetti nafar, Nurmuhamedov zalidan esa olti nafar sportchilar chiqish qiladi.⠀Hamda ushbu turnir doirasida 23 noyabr kuni taniqli sportchi Habib bilan uchrashuv tashkil etayotganimizni ma’lum qilamiz. Uni yuqori darajada tashkil etish uchun imkon qadar harakat qilamiz.⠀
Siz ham ushbu uchrashuvni tashkil etishda ishtirok etishingiz mumkin. Buning uchun ushbu post ostida Habib bilan uchrashishga Siz munosib deb bilgan, professional sportda yutuqlarga ega bo‘lgan do‘st va tanishlaringiz haqida yozib qoldiring.⠀
Bu kun kimningdir hayotida yorqin iz qoldirib katta g‘alabaga yo‘l ochishi mumkin”, deb yozadi Otabek Umarov.
Eslatib o‘tamiz, Habib Nurmuhamedov O‘zbekistonga ilk bor joriy yilning may oyida tashrif buyurgan edi.