Prezident QQSni soliq to‘lovchiga qaytarish mexanizmini ishlab chiqish kerakligini aytdi
Jamiyat
−
05 iyul 2019
7344Ma’lumki, joriy yilning 1 yanvaridan boshlab O‘zbekistonda yangi soliq islohotlari amal qila boshladi. Unga ko‘ra, yillik byudjeti 1 milliard so‘mdan oshgan tadbirkorlar 20% qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashi belgilandi.
Joriy yil 27 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Bu yangi soliq islohotlarining o‘ta muhim ikkinchi bosqichidir.
Farmonga muvofiq, shu paytgacha qo‘llanilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab bekor qilinadi. Bundan asosiy maqsad – ichki bozorda barcha tadbirkorlar uchun bir xil sharoit yaratish, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish.
Bugun, 5 iyul O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan birinchi yarim yillikda davlat byudjetiga tushumlar natijadorligini tahlil qilish va yangi vazifalarni belgilash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida o‘tkazildi.
Yig‘ilishda bu o‘zgarishlarning mazmun-mohiyatini aholi va tadbirkorlarga chuqur tushuntirish bo‘yicha Bosh vazir rahbarligida tuzilgan Ishchi guruh shtabi va uning hududiy tuzilmalari ishini yanada jonlantirish vazifasi qo‘yildi. Qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tadigan tadbirkorlik sub’ektlari va fermer xo‘jaliklari bilan manzilli ish tashkil qilib, ularning buxgalteriyasini yuritishga amaliy yordam berish zarurligi ta’kidlandi.
Prezident tadbirkorlardan soliq majburiyatini to‘liq bajarishni talab qilish bilan birga, ularning manfaatlarini himoyalash ham kerakligini qayd etdi.
Masalan, hozirda tadbirkorlar xomashyoni qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lagan holda sotib oladi. Undan tayyor mahsulot ishlab chiqarib, sotganidan keyingina xomashyo narxidagi qo‘shilgan qiymat solig‘ini kamaytiradi. Bungacha tadbirkor o‘z aylanma mablag‘laridan vaqtincha foydalana olmayapti.
Shu bois davlat rahbari mutasaddilarga qo‘shilgan qiymat solig‘ini bir yo‘la hisobga olish va uni soliq to‘lovchiga qaytarish mexanizmini joriy etish bo‘yicha topshiriq berdi.
LiveBarchasi