Imon Yulduz Usmonovaga onasining ko‘ylaklarini kiyib chiqqanini eslatib qo‘ydi
Jamiyat
−
28 iyun 2019
42885Avvalroq, O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovani o‘g‘rilikda ayblagani, xizmatini qilib pulini ololmay yurganlarini eslab, uni qo‘llab-quvvatlayotgan san’atkorlarni yaxshilab o‘ylab olishga chaqirgani haqida xabar bergan edik.
Xonandaning videomurojaatidan keyin Gulnora Karimovaning qizi Imon ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Usmonovaning onasi va bobosiga atab qo‘shiq aytgani uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, Yulduz Usmonova O‘zbekistonda taqiqda bo‘lgan kezlarda Gulnora Karimovaning dastagi evaziga qizi Nilufar Usmonova bilan “Asrlar sadosi” saxnasida chiqish qilganini eslatib o‘tdi. Imon Karimova Yulduz Usmonovaga yo‘llagan maktubida shunday deyiladi:
“Hurmatli Yulduz opa
Siz Turkiyada quvg‘inda yurgan paytlaringizda va siz sevgan “Xalqlar do‘stligi” saroyida konsert bera olmagan kunlaringizda onam sizni qo‘llab-quvvatlaganida, joningizga oro kirganligini eslaganingiz uchun men va akam nomidan rahmat aytaman. Ya’ni, shu davr, Hukumat idoralari tomonidan sizga nisbatan keskin taqiqlar bo‘lishiga qaramay, “Asrlar sadosi” sahnasida qizingiz Nilufar bilan chiqqaningizni ham eslaymiz. Va siz o‘sha yerda taqiqlarga qaramay onamning yordami bilan O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, ya’ni bobomizga atab, jon dildan, yaxshi ko‘rib “Xech kimga bermaymiz seni O‘zbekiston” qo‘shig‘ini ijro etgan edingiz. O‘tgan yili “Xalqlar do‘stligi” saroyida bergan konsertingizda onamning “Guli” kolleksiyasidan libos so‘rab, olib turgan edingiz va ushbu libosda sahnaga chiqqaningizdan ham faxrlanamiz.
Shuningdek, biz sizdan shaxsan onam uchun yozib va kuylagan taniqli “Gulisan” qo‘shig‘ingiz uchun ham rahmat deymiz.
Lekin biz hozir ochiqchasiga, shaffoflarcha tan olib aytamizki, siz xalqimizning eng g‘ururli san’atkorisiz va sizdan boshqalar o‘rnak oladi. Sizga Alloh barcha qilgan yaxshiliklaringizga yarasha ajrini bersin”.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonda Yulduz Usmonovaga 2006 yilda qo‘yilgan taqiqlarga qaramay, Gulnora Karimova xonanda bilan munosabatlarini uzmagan. Aksincha, 2011 yilning 12 dekabr kuni Yulduz Usmonova 48 yoshni qarshilashi munosabati bilan Toshkentdagi "Charog‘on" restoranida tantanali kecha uyushtirgan edi. O‘sha tadbirda Gulnora Karimovaning Yulduz Usmonovaga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirilganini kechada qatnashgan yuzlab mehmonlar yaxshi eslaydi.