“Oyog‘im qaltirar edi”. Fuqarolar ustozlarini qanday eslashadi?

Tahlil

−

Reklama
0:00

1 oktyabr qaysi soha vakillariga bag‘ishlangan kun ekanini ko‘pchilik yaxshi biladi. Bugun biz har yili takrorlanadigan “ustozlarni qadrlash, e’zozlash” haqida gapirmoqchi emasmiz. Har holda o‘qituvchi va murabbiylar faqat bir kungina hurmatda bo‘lmasligi kerakligini ko‘pchilik tushungan. To‘g‘ri, maktablarda hamon janjallar, hurmatsizlik holatlari ham kuzatilib turibdi. Ammo hozir ular haqida emas, o‘zbekistonliklarning ustozlar bilan bog‘liq xotiralarini esga olmoqchimiz. Qalampir.uz jamoasi fuqarolar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi.

“Eng qattiqqo‘l o‘qituvchingiz kim bo‘lgan?” degan savolga javob hammada turlicha. Biroq o‘xshashliklar ham yo‘q emas. Biz mikrofon tutgan yo‘lovchilarning ayrimlari ko‘proq aniq fanlardan dars bergan ustozlarini esladi.

“Matematika o‘qituvchisi bo‘lgan. Ismini ayta olmayman, chunki hozir ham qo‘rqaman (kuladi). Ochig‘i, yoshlikda kamdan-kam dars qilardik. O‘sha paytda rosa urardilar. Shuning uchun qochib, ularning darslariga kirmasdik”, deydi suhbatdoshlardan biri.

Yana bir yo‘lovchi esa “Shohimqulov Komil ustoz eng qattiqqo‘l bo‘lganlar, kimyo fanidan dars berardi. Juda qo‘rqardik. Hatto sinf rahbarimiz ham zir qaltirab turardilar”, deya maktab paytini esladi.

Maktabni bitirganiga uch yil bo‘lgan qiz esa, qattiqqo‘lliklar ba’zida o‘ziga xos jazo bilan tugaganini aytdi.

“Qattiqqo‘l ustozlarimiz ko‘p bo‘lgan. Ona tili ustozimiz rosa ko‘p urishardi. Darsda jim o‘tirmaganimizda, aytganlarini qilmaganimizda mel otgan paytlari ham bo‘lgan (kuladi)”, deydi u.

Keyingi savolimiz esa “O‘qituvchilaringizning qaysi tanbehi yoki gaplari yodingizda qolgan?” bo‘ldi. Javoblar qatorida esa ko‘pchilik “menga ham shunday deyishgan” deb o‘ylashi mumkin bo‘lgan mashhur gaplar ham bor.

“Menga eng ko‘p “sen odam bo‘lmaysan” deyishgan, lekin Xudoga shukur, mana, ishlab yuribmiz, hammasi joyida. Ustozlarga rahmatlarim bor. Institutga kirdik shu o‘qituvchilarimiz orqasidan”, deydi so‘rovnoma ishtirokchilaridan biri.

Yana bir fuqaro esa, ustozlarining o‘gitlari bugun hayotida sodir bo‘layotganini tushunganini aytdi.

“Boshida qanday boshlasang, oxirida ham shunday tugatasan degan gapi bor edi, birinchi sinf muallimimizning. Hozir ham shuni kuzatib yuribman, hayot shunday ketyapti. Qanday boshlasak, oxirigacha shunday ketadi. “Vaqt tez o‘tib ketadi, bilmay qolasizlar” derdilar. Rostdan ham vaqt tez o‘tib ketar ekan. Katta bo‘lib, tushunib yetyapmiz sekin-sekin”, deydi u.

Mikrofon ko‘tarib, Toshkent ko‘chalari bo‘ylab yurarkanmiz, biz duch kelgan fuqarolarga “Agar imkon bo‘lganida qaysi ustozingizning darsiga kirgan bo‘lar edingiz?” degan navbatdagi savolni berdik.

“Birinchi bo‘lib matematika, algebra faniga kirgan bo‘lardim”, deydi bu savolga birinchi bo‘lib javob bergan yo‘lovchi.

“Chunki, o‘zim aniq fanlarni yaxshi ko‘raman. O‘zimizning sinf rahbarimiz, ona tili va adabiyot o‘qituvchimizning darslariga ham albatta kirgan bo‘lardim. Juda yaxshi edilar, qattiqqo‘l emasdilar. Ba’zi joyda qattiqqo‘l ham bo‘lganlar, lekin baribir muomalalari boshqacha edi. Bizga bergan tarbiyalari zo‘r bo‘lgan, yaxshi o‘qituvchi”, deya fikrini tugatdi u.

Navbatdagi suhbatdoshimiz ona tili ustozini hammadan ustun ko‘rishini bildirdi.

“Ona tili o‘qituvchimning darsiga kirar edim faqat. Sababi, menga tilimni, o‘z ona tilimni ular o‘rgatgan. Barcha fanlar, masalan, tarix bo‘ladimi, matematika bo‘ladimi, kimyo bo‘ladimi ularni o‘rganish uchun yozish va o‘qishni bilish kerak. O‘sha yozishni, o‘qishni o‘rgatganligi uchun ona tili ustozimga hurmatim boshqacha”, deydi u.

Batafsil YouTube sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.

Muxlisa Oripova


Maqola muallifi

avatar

.

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing