Eron Prezidenti halok bo‘ldi
Tahlil
−
20 may
7579Ozarbayjondan Eronga vertolyotda qaytayotgan Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy, Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Sharqiy Ozarbayjon viloyati gubernatori Malik Rahmati va Tabriz imomi Muhammad Ali Ale Hoshem va ekipaj a’zolari vafot etdi.
Gap shundaki, Raisiy 19 may kuni ertalab Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan birga ikki davlat tomonidan Araks daryosida qurilgan uchinchi to‘g‘onning ochilish marosimida qatnashgan.
Marosimda qatnashib, ortga qaytayotganda Ibrohim Raisiy bo‘lgan vertolyot “qiyin qo‘nishni” amalga oshirishi oqibatida halokatga uchragan.
Dastlab mahalliy OAV Ibrohim Raisiyning halokatga uchragan vertolyoti 2 soat o‘tib ham topilmaganini e’lon qildi. Xabarlarga ko‘ra, vertolyot qulagan joyni topishga bir necha soat vaqt ketgan. Sharqiy Ozarbayjon viloyati armiyasi qo‘mondonligi voqea joyidan ekipaj a’zolaridan birining mobil telefonidan signal kelib tushganini ma’lum qilib, hodisa Eron poytaxti Tehrondan 600 kilometr shimoli-g‘arbda, Ozarbayjon bilan chegarada joylashgan Jo‘lfa shahri yaqinida sodir bo‘lganini aytdi.
Oradan vaqt o‘tib, IRNA nashri vertolyot Varzegan umumiy hududida halokatga uchragani va voqea joyiga Sharqiy Ozarbayjon, Ardabil va Zanjon viloyatlarining tezkor javob guruhlari yetib borganini ma’lum qildi. Shuningdek, Iroq 20 kishidan iborat 4 qutqaruv guruhi, Turkiya 32 nafar qutqaruvchi va 6 ta maxsus texnika, Rossiya 2 ta vertolyot va 50 nafar qutqaruvchini Eron Prezidenti Ibrohim Raisiyni qidirishga yordam berish uchun yuborgan.
Tarmoqlarda eronliklar Prezident, Tashqi ishlar vaziri va ularga hamroh bo‘lgan boshqa rasmiylarning sog‘lig‘ini so‘rab ibodat qilgani aks etgan videolar e’lon qilindi. Shuningdek, Eronning oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy favqulodda vaziyatdan keyingi birinchi bayonotini berib, Eron xalqi xavotir olmasligini aytib, mamlakat hukumati faoliyatida hech qanday to‘xtalishlar bo‘lmasligini bildirdi.
“Alloh muhtaram Prezidentimiz Raisiy va uning safdoshlarini Eron xalqi bag‘riga sog‘-omon qaytarishiga umid qilaylik”, deya ma’lum qildi Xomanaiy.
Bu orada vertolyot halokatga uchrashidan bir soat oldin bortda olingan kadrlar e’lon qilindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, video Raisiy Ilhom Aliyev bilan o‘tkazilgan uchrashuvdan Tehronga qaytayotgan vaqtda olingan.
Eron Prezidentini kuzatib, noxush xabarni olgan Ilhom Aliyev zudlik bilan munosabat bildirdi. Ozarbayjon Prezidenti Eronga qo‘shni, do‘st va qardosh davlat sifatida har tomonlama yordam berishga tayyor ekanini ma’lum qilgan.
“Bugun Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy bilan uchrashganimizdan so‘ng, oliy delegatsiyani olib ketayotgan vertolyotning Eronga favqulodda qo‘nganligi haqidagi xabar bizni jiddiy xavotirga soldi. Buyuk Allohdan Prezident Ibrohim Raisiy va unga hamroh bo‘lgan delegatsiyani duo qilib qolamiz. Ozarbayjon Respublikasi qo‘shni, do‘st va qardosh davlat sifatida har tomonlama yordam berishga tayyor”, deb yozdi Ilhom Aliyev.
Dastlab Eron tomoni Prezident Raisiyning ahvoli yaxshi ekanini bildirgandi. Biroq bugun, 20 may kuni Eron Qizil yarim oy jamiyati rahbari Pir Husayn Kolivand Ibrohim Raisiy vertolyotining barcha yo‘lovchilari va ekipaj a’zolari halok bo‘lganini ma’lum qildi.
“Halokatga uchragan vertolyotning joylashuvi aniqlangach, vertolyot yo‘lovchilarining tiriklik belgilari topilmadi", deydi u IRIB telekanali efirida.
Ibrohim Raisiy va hukumat vakillarining vafot etgani rasman e’lon qilinganidan keyin, Eronning amaldagi vitse-prezidenti Muhammad Moxber vaqtinchalik Eron Prezidenti bo‘ladi.
Mahalliy matbuotning yozishicha, Eron Konstitutsiyasining 131-moddasiga ko‘ra, Prezident vafot etgan taqdirda uning vakolatlari birinchi vitse-prezidentga o‘tadi. 2021 yildan buyon bu lavozimni Muhammad Moxber egallab keladi. Prezidentlik vakolatlari unga keyingi ikki oy davomida o‘tadi. Yangi prezidentlik saylovlari 50 kun ichida bo‘lib o‘tishi kerakligi belgilangan.
Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tamiz, Ibrohim Raisiy 2021 yilda bo‘lib o‘tgan prezident saylovida g‘alabaga erishib, 3 yildan buyon mamlakatni boshqarib kelayotgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eron shimolida yuz bergan fojia oqibatida Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy va unga hamrohlik qilgan shaxslarning vafot etgani munosabati bilan ushbu mamlakat Oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyga hamdardlik bildirdi.
O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlikni, o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan Ibrohim Raisiyning yorqin xotirasi xalqlarimiz qalblarida doimiy saqlanib qolishi ta’kidlangan.
Shavkat Mirziyoyev Eron xalqiga, marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etdi.
Shu o‘rinda, O‘zbekiston va Eron munosabatlariga to‘xtalsak.
O‘zbekiston Eron munosabatlarida Prezident Ibrohim Raisiyning o‘rni va ahamiyati katta edi. Ikki mamlakat yaqinlashuvi Raisiyning hukumati davriga to‘g‘ri keldi. Bu davrda ikki mamlakat rahbarlari rasmiy davlat tashriflarini amalga oshirish bilan birga xalqaro tashkilotlar doirasida uchrashuvlar ham o‘tkazgan.
Eron Prezidenti oxirgi marta 2023 yilning 9 noyabr kuni Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammiti doirasida poytaxt Toshkentga rafiqasi bilan kelgandi.
LiveBarchasi