O‘zbekistondagi qamoqxonalarning ahvoli qanday?
Jamiyat
−
15 mart
12329Har kuni turli mavzular muhokama qilinadi. Lekin jurnalistlar doim ham ochiqlanmaydigan, sir tutiladigan hujjatlarni topish, kirish qiyin bo‘lgan muassasalardan reportajlar tayyorlashni istaydi. Nafaqat O‘zbekistonda, balki ko‘plab mamlakatlarda xavfsizlik nuqtai nazaridan kirish mushkul bo‘lgan yopiq muassasalar bor. Masalan, ulardan biri jazoni ijro etish koloniyalari. Ya’ni qamoqxonalar. 2022 yilning noyabr oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Respublikada 54 ta jazoni ijro etish koloniyasi bor. Ularning 18 tasi yopiq turdagi, 25 tasi manzil koloniya va 11 tasi tergov hibsxonalari hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston qamoqxonalarida 26 mingdan ziyod mahkum saqlanmoqda.
Jazoni ijro etish departamentida bo‘lgan QALAMPIR.UZ jurnalistlari sizni mahkumlarning qanday tartib va sharoitda saqlanishi, jazavaga tushganda qaysi xonaga olib kirilishi, ichki tartibni buzganlar saqlanadigan izolyator xonasi bilan tanishtiradi. JIED boshlig‘ining axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘rinbosari Jasurbek Toshmatovning ma’lum qilishicha, bugungi kunda 2 ta koloniyaga to‘liq kuzatuv kameralari o‘rnatilgan.
“Bu kameralarni kuzatish orqali real vaqt ichida mahkumni nazorat qila olamiz. Kuzatuv davomida nafaqat mahkumning tartibga bo‘ysunishi, balki xodimlarning to‘g‘ri xizmat o‘tashini ham ko‘rishimiz mumkin. Jazoni ijro etish tizimida 2021 yilgacha 2000 ta, 2021 yildan keyin hozirgi kungacha 6500 dan ortiq kameralar o‘rnatilgan.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyatidagi 5-son tergov hibsxonasi va Farg‘ona viloyatidagi 10-son tergov hibsxonasidagi hujralarning ichigacha kamera qo‘yilgan”, deydi JIED boshlig‘ining axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘rinbosari Jasurbek Toshmatov.
Toshmatovning qo‘shimcha qilishicha, kuzatuv kameralari orqali nafaqat mahkumning jazo o‘tash tartibi balki, xodimning ishini qanchalik to‘g‘ri bajarayotgani ham nazorat qilinadi. Shuningdek, kameralardan nafaqat koloniyaning ichi, balki tashqi tomonlari, minoradan atrofni kuzatayotgan askarning holatini ko‘rish, ularning uyg‘oqlik darajasini ham kuzatish mumkin.
“Kameralar minoralar va undagi askarning holatini ham ko‘rsatadi. Agar askarlarning uxlab qolish holati kuzatilsa, kamerada qizil chiziq paydo bo‘ladi va bundan askar harakatsiz holga kelganini bilish mumkin. Departamentdan kuzatayotgan nazoratchilar “askar uxlama” deb komanda ham bera oladi”, deydi JIED boshlig‘i o‘rinbosari.
Shu vaqtgacha qamoqda jazo o‘tayotgan va jazavaga tushgan mahkumlarga “tinchlantirish ko‘ylagi” (rubashka) qo‘llanilgani haqida bilsangiz kerak. IIV tinchlantirishning bu uslubidan 2022 yilda voz kechdi va koloniyalarda alohida tinchlantiruvchi maxsus xonalar tashkil qilindi. Xo‘sh, bu xona qanday ko‘rinishda?
“Oldinlari narkotik modda iste’mol qilgan, ichkilikka ruju qo‘ygan shaxslar qamalganda "lomkasi" kelib qolgan vaqtda tinchlantiruvchi kiyim kiydirilar edi. Hozir bu kiyimdan voz kechildi va yumshoq qoplamali xona qilindi. Mahkumning jazavasi tutganda, u shu xonaga olib kiriladi. Unga zarar yetmaydi. Bu xona ham to‘liq kuzatiladi”, deydi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari.
Kuzatuv kameralarini O‘zbekistondagi barcha qamoqxonalarga o‘rnatilishini aytgan departament rahbarining o‘rinbosari koloniyada saqlanayotgan mahkumlarning kameralarni sindirish holatlari ham kuzatilganini yashirmadi.
“Albatta, bunday holatlarni istisno qilish mumkin emas. Mahkumlar muassasaga kelganida ularning har biri Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘i bilan tanishtiriladi. Jazoni o‘tash tartiblari tushuntiriladi. Kamerani sindirib yuborgan mahkumlar ham bor. Bu holatlarda kamerani yangidan qo‘yish xarajatlari mahkumning ota-onasi tomonidan qoplanadi”, deydi Toshmatov.
Tergov hibsxonasi yoki qamoqxona bo‘ladimi, ahamiyatsiz, barcha yopiq turdagi muassasalar to‘liq kameralashtirilishi kerak. Bu mahkumning ham, xodimning ham xavfsizligi uchun juda muhim. Afsuski, bugungi kunda jazoni ijro etish koloniyalari to‘liq kameralashtirilmagan. Buning asosiy sababi esa mablag‘.
“Kameralarni o‘rnatish mablag‘ga borib taqaladi. Har bir kamera o‘rtacha 3 mln so‘m turadi. Bugungi kunda 9114 ta kamera kerak bo‘larkan. Agar o‘rtacha 3 mlndan hisoblaganda, bizga 24 mlrd so‘m mablag‘ talab etiladi. 2023 yilning o‘zida 2830 ta kamera o‘rnatildi. Bugungi kunda 2 ta tergov hibsxonasi to‘liq kameralashtirilgan. Sababi aynan shu hibsxonalardan murojaatlar ko‘proq kelib tushdi. Bugungi kunda 1728 ta hujra bor. Bu shuncha kamera bor degani. Barchasi kamera nazoratida bo‘ladi. Umumiy qilib aytganda, jazoni ijro etish muassasasidagi inson harakatlanishi mumkin bo‘lgan barcha hududlar kamera bilan qamrab olingan.
“2030 strategiyasi”ning 84-maqsadiga asosan hujralarning ichlarini ham kameralashtirish ishlari ketyapti. Yuqorida aytilganidek, Qashqadaryo va Farg‘onadagi bittadan JIEKlar to‘liq kameralashtirilgan.
Kamera nazorati nafaqat JIED tomonidan, balki har bir koloniyadagi nazoratchi, mintaqadagi xodimlar tomonidan ham kuzatib boriladi. Bizning asosiy maqsadimiz xizmat o‘tayotgan xodim xizmatini yo‘riqnomaga, qonunga asosan to‘g‘ri o‘tashi. Uning ongiga men doim kuzatuv ostidaman, xizmatni to‘g‘ri o‘tay, degan signalni yuborish”, deydi u.
Muhimi, jinoyatchi qilgan aybiga yarasha jazo olsin. Jazoni ijro etish muassasalariga kirganlarning o‘ligi chiqmasin, muhimi jinoyatchi bo‘lsa ham ularning belgilangan huquqlari buzilmasin. Kameralar barcha koloniyalarga o‘rnatilsin va ishlasinki, kimdir tazyiq bo‘lganini aytganda, kameralarning ko‘zi ko‘r bo‘lib, ishlamay, bu yozuvlar qayd qilinmagani aytilmasin.
LiveBarchasi