Rossiyadagi koloniyadan yana to‘rt mahkum qochib ketdi
Olam
−
28 Oktabr
9931Rossiyaning Baykalorti o‘lkasida joylashgan Nerchinsk shahridagi 1-sonli axloq tuzatish markazidan to‘rt nafar mahkum qochib ketdi. Bu haqda viloyat Jazoni ijro etish federal xizmati matbuot xizmati xabar berdi.
Olib borilgan tezkor tadbirlar davomida ulardan ikkitasi Chita va Amur viloyatida topilgan. Chitada qo‘lga olingan mahkumning ismi Rusin ekanligi qayd etilgan.
“Mahkumni ushlash vaqtida jismoniy kuch va maxsus vositalar ishlatilmadi. Hozirda mahkum Nerchinsk shahridagi axloq tuzatish markazining qoidabuzarlar joylashgan joyiga olib ketildi”, deyilgan boshqarma xabarida.
Ikkinchi mahkum – Chekrishev bo‘lib, u Amur viloyatidagi uyida ushlangan.
“Kelgusida majburiy mehnatga hukm qilinganlar ma’lumotlariga asoslanib, Jazoni ijro etish boshqarmasi xodimlari jazo turini o‘zgartirish uchun zarur hujjatlarni sudga yuboradi”, deya qo‘shimcha qilgan mintaqaviy Federal Jazoni ijro etish xizmati.
Baykalorti o‘lkasi Tergov qo‘mitasi tergov boshqarmasiga holat bo‘yicha Rossiya Jinoyat kodeksining 293-moddasi (Mansabdor shaxsning o‘z vazifalariga nisbatan vijdonsiz yoki ehtiyotsiz munosabatda bo‘lishi, beparvolik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, voqea yuzasidan tekshiruv o‘tkazish topshirilgan. Ushbu modda bilan aybli deb topilganlarga 7 yil qamoq jazosi berilishi mumkin.
“Tergov qo‘mitasi tergovchilari zaruriy o‘rganish ishlarini olib boradi. Nerchinskda joylashgan Axloq tuzatish markazi rahbariyati va xodimlari so‘roq qilinadi. Tergovchilar mahkumlarning yashash sharoitlarini tartibga soluvchi hujjatlarni va ularning muassasada qanday nazorat qilinganini o‘rganadi”, deyiladi idora matbuot xizmati xabarida.
“Baza" hamda ”Shot” Telegram-kanallarining yozishicha, qochib ketgan mahkumlar soni besh nafarni tashkil etadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ular qochishdan oldin tartibbuzarlar xonasida bo‘lgan va hech qanday qarshiliksiz muassasadan chiqib ketgan. Jazoni ijro etish markazida tunda soqchi bo‘lmagan, atigi bitta navbatchi ishlagan xolos.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Lipetsk viloyatida o‘zbekistonlik mahkumlar koloniyadan qochib ketgandi. Federal Jazoni ijro etish xizmati hududiy boshqarmasi koloniya hududini aylanib o‘tish chog‘ida tunnel topilgani, shundan so‘ng ular mahkumlar sonini sanashgani va olti kishi bedarak yo‘qolganini ma’lum qilgandi. Mahkumlar 65 metr uzunlikdagi tunnel qazib, yog‘ochlarga ishlov beradigan hudud orqali chiqqan va qochib ketgan. Qochgan mahkumlar ikki joydan tunnel qazigan. Dastlab, tashlandiq sexda ichki taqiqlangan hududga olib boruvchi tunnel ochilgan. Keyin ular yana bir tunnelni devor ostidan qazigan va qochishga muvaffaq bo‘lgan. Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari va “Perexvat” operatsiyasi natijasida ularning to‘rt nafari qo‘lga olingan.
LiveBarchasi