Qirg‘izistonda davlat to‘ntarishi o‘tkazmoqchi bo‘lganlar ushlandi
Olam
−
12 yanvar
12493Qirg‘izistonda davlat to‘ntarishi o‘tkazishga uringanlikda gumonlanib, qidiruvga berilgan Imomidin Toshov va Tilekmat Kurenovning safdoshlari qo‘lga olindi. Bu haqda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xabar berdi.
“Imomidin Toshov va Tilekmat Kurenovlarning respublikaning turli viloyatlaridan o‘nlab tarafdorlari va faol safdoshlari aniqlandi. Ular so‘roq qilindi va to‘liq ko‘rsatma berdi. Xususan, Imomidin Toshov tomonidan tayyorgarlik va tashkiliy tadbirlarni moliyalashtirish bo‘yicha ma’lumotlar olindi”, deyiladi qo‘mita xabarida.
Tezkor tadbirlar davomida hukumatni ag‘darishga qaratilgan jinoiy rejalarga aloqador asosiy shaxslardan biri ham qo‘lga olingan. U O‘sh va Jalolobod viloyatlari bo‘yicha koordinator vazifasini bajarishi, turli sabablarga ko‘ra odamlarni to‘plash va ommaviy norozilik namoyishlarini tashkillashtirishi kerak edi. Shuningdek, uning vazifalariga pul taqsimlash va odamlarni Bishkekka olib borishni tashkil etish ham kiritilgan.
Qo‘lga olinganlardan yana birining asosiy vazifasi Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi turli odamlardan pul o‘tkazmalarini tashkillashtirish bo‘lgan. Bundan tashqari, tekshiruv davomida Imomidin Toshovdan uning nomiga katta miqdordagi mablag‘ o‘tkazilganiga oid bir qancha faktlar aniqlangan.
Imomidin Toshovning yashash joyida o‘tkazilgan tintuvlar natijasida esa katta miqdordagi mablag‘lar, qimmatbaho boshqaruv avtomobillari va boshqa moddiy boyliklar aniqlanib, musodara qilingan.
“Hozirda barcha holatlarni aniqlash va davlat to‘ntarishini tashkillashtirishda ishtirok etgan boshqa shaxslarni qo‘lga olish bo‘yicha tergov-tezkor tadbirlari o‘tkazilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 11 yanvar kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi “KG Group” qurilish kompaniyasi direktori Imomidin Toshovni davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rishda ayblagandi. U qidiruvda bo‘lgan Tilekmat Kurenov (AQSHda bo‘lgan Qirg‘iziston fuqarosi) va boshqa shaxslar bilan birgalikda uyali aloqa vositalaridan foydalanib, ommaviy mitinglar o‘tkazish, ijtimoiy muammolarni ko‘tarish va hokimiyatni egallashni rejalashtirgani aytilgandi.
LiveBarchasi