Rishtonlik Dima Qayumning kutubxonasi buzilyapti. Pechkachi Allamjonovga maktub yo‘lladi

Jamiyat

image

Dima Qayum (Dilshod Boltaboyev)ni ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari yaxshi taniydi. Farg‘ona viloyati Rishton tumanida Dehqon bozorida kutubxona tashkil etib, o‘quvchilarni, kitobsevarlarni turli adabiyotlar bilan beminnat ta’minlab kelayotgan Dima Qayumning kutubxonasi noqonuniy qurilma ekani aytilib, bozor ma’muriyati tomonidan buzib tashlanishi aytilib, bir necha bor tahdid qilindi. O‘tgan safar bu masala jamoatchilik, deputatlar va o‘sha vaqtdagi Prezident Matbuot xizmati rahbari Komiljon Allamjovning aralashuvi bilan kun tartibidan chiqqandi va Dima Qayumning kutubxonasi saqlab qolindi.

Oradan vaqt o‘tib, rishtonlik oddiy pechkachiga oid kutubxona mansabdorlarga yana halal berishni boshlagan ko‘rinadi. Dima Qayum kutubxonasi buzib yuborilayotgani haqida Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komiljon Allamjonovning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga maktub yo‘llagan. U shunday deb yozadi:

Mazkur maktubdan so‘ng, Allamjonov holat yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda bayonot bilan chiqdi. Allamjonov quyidagilarni qayd etgan: 

"Menga Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali Dima Qayum taxallusi bilan tanilgan rishtonlik tadbirkor va bloger Dilshod Boltaboyevdan siz suratda ko‘rib turgan murojaat kelib tushdi.

Dima Qayum, eng avvalo, sizga kitob mutolaasi va uning targ‘iboti yo‘lida qilayotgan sa’y-harakatlaringiz, Prezidentimiz siyosatini targ‘ib etib, bizga bu borada ko‘makchi bo‘layotganingiz uchun rahmat. Hech shubhasiz, kitobxonlik va mutolaa bugungi kunning eng muhim hamda dolzarb masalalardan biridir”.

Allamjonov Dima Qayumning maktubiga ochiq xat ko‘rinishida javob berarkan, mazkur masala nazoratga olingani va ijobiy hal etilishini qayd etadi.  

"Murojaatingizda aytilgan masala atroflicha o‘rganildi va uni hal etish choralari ko‘rilyapti. Sizga telefon orqali qo‘ng‘iroq qilib aytganimdek, bugungi kunda tumanda bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari boshlangan. Biz viloyat hokimi Shuhrat Madaminovich bilan kelishgan holda, sizning kutubxonangiz o‘z faoliyatini davom ettirishi uchun kerakli choralarni ko‘ryapmiz. Kutubxona uchun tumandagi eng yaxshi joyni tanlasangiz, o‘sha yerda birgalikda kutubxona quramiz", deydi Allamjonov. 

Agentlik direktori so‘zini yakunlarkan, "Shuni alohida ta’kidlamoqchiman — Agentlik kitobxonlikni targ‘ib qilishga bel bog‘lagan har bir kishini himoya qilishga, qo‘llab-quvvatlashga va yordam berishga tayyor. Siz va siz kabi kitobxonlikka befarq bo‘lmagan, bu borada o‘zining beg‘araz xizmatini ayamayotgan  insonlar bilan hamisha birgamiz", deya qo‘shimcha qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Komiljon Allamjonov Dima Qayum Dilshod Boltaboev

Baholaganlar

71

Reyting

3.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing