Amaldorlar “ovi” boshlandi...mi?
3-sahifa
−
19 dekabr 2023
2173027 noyabrdan buyon Respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Dolzarb 40 kunlik " tadbiri doirasida bir nechta jinoyatchilar qo‘lga olindi. Respublika bo‘ylab kriminogen vaziyatni yaxshilash maqsadida o‘tkazilayotgan tadbir doirasida navbat amaldorlarga keldi chog‘i, 18 dekabrdan buyon hali u hali bu Ommaviy axborot vositalari o‘z manbasiga tayanib, sobiq vazir, hokim, "zam" hokim-u soliqchilar qamoqqa olinayotganini yozmoqda. Bu safar bosh rolda IIV yoki Toshkent shahar IIBB emas balki Bosh prokuratura va DXX ekani aytilyapti. Chunki qo‘lga olinganlarning ko‘pi o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, korrupsiya bilan qamoqqa olingani aytilmoqda. Aytilmoqda deganimiz bejiz emas. Chunki amaldorlarga boshlangan ov haqida hozirgacha rasmiy ma’lumot berilganicha yo‘q.
Endi bir boshidan boshlasak. Kecha 18 dekabr kuni, sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-modda (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish)si 3-qismi “a” bandi va 205-modda ( Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish)si 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni qilganlikda gumonlanib ushlangani va unga qamoqqa olish ehtiyot chorasi tanlanib, DXX qamoqxonasida saqlanayotgani aniq bo‘ldi.
Voitov oxirgi 7 yilda qo‘lga olingan eng yirik amaldor hisoblanadi. Shu vaqtgacha shaxsan Prezident hokimlarni ishdan olgan edi. Vazir yoki uning “zam”lari dakki eshitish bilan cheklangan. Bu safar vaziyat jiddiy chog‘i qamoqqa olishni sobiq qishloq xo‘jaligi vaziridan boshlashdi.
Bugun, 19 dekabr tongidan Toshkentda yashirin tadbirkorlik sub’ektlarining noqonuniy faoliyatlariga yordam bergan soliq idoralari mansabdor shaxslari hibsga olingani haqidagi xabarlar QALAMPIR.UZ ga yetib keldi.
Unga ko‘ra, Soliq qo‘mitasining Qo‘shilgan qiymat solig‘i ma’muriyatchiligi boshqarmasining QQS to‘lovchilarini maxsus ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i hamda qo‘mitaning Soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish departamenti direktori o‘rinbosari qo‘lga olingan.
Bundan tashqari, Toshkent shahar Soliq boshqarmasi kameral soliq tekshiruvlar sho‘basi boshlig‘i ham ushlangani aytilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) hamda mansab soxtakorligi moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ushbu shaxslar gumonlanuvchi tariqasida hibsxonaga joylashtirilgan.
Shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi bosh mutaxassisi ham firibgarlik hamda pora berishda gumonlanib hibsga olingani aytilmoqda.
Nafaqat Toshkentdagi soliqchilar balki Farg‘ona viloyati Soliq boshqarmasi QQS ma’muriyatchiligi bo‘limi boshlig‘i ham qo‘lga olingani haqida xabarlar bor.
Shuningdek, Farg‘ona viloyati Soliq boshqarmasi QQS ma’muriyatchiligi bo‘limi davlat soliq katta inspektori ham Jinoyat kodeksining soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash hamda hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish moddalari bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida jalb qilingani, Farg‘ona shahar soliq inspeksiyasi sayyor soliq tekshiruvlari sho‘basi bosh inspektori pora olishda gumonlanib hibsga olingani aytilmoqda.
Qama-qamalar soliqchilar bilan tugamaydiganga o‘xshaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Buxoro tumani hokimi Xayrillo Jo‘rayev Qodirovich qamoqqa olingan. U Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) va 229-4- (o‘zboshimchalik bilan yer berish tartibini buzish) moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanayotgani aytilmoqda.
Xayrillo Jo‘rayev Buxoro tumani hokimi lavozimiga 2020 yilning 3 dekabr kuni tayinlangan va 3 yil davomida hokimlik lavozimini bajargan.
Buxorodan keyin DXX xodimlari Toshkent viloyatining Bekobod tumani hokimi Shuhrat Mirzayevni qo‘lga olgani aytilmoqda. Mirzayev lavozimga to‘rt oy avval tayinlangandi. Hokim mablag‘larni o‘zlashtirganlikda gumon qilinmoqda. Unga nisbatan ham qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangani aytildi.
Shuningdek, Markaziy bank Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i 20 mln AQSH dollari miqdorida pullarni o‘zlashtirishda ayblanib, qo‘lga olingani aytilmoqda. U jinoiy guruhlar bilan til biriktirib, kredit mablag‘lari ajratilishida ularga amaliy yordam ko‘rsatgan deydi QALAMPIR.UZ manbasi.
Manbamiz unga nisbatan o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda mansab soxtakorligi moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini qo‘shimcha qilmoqda.
Bizda hozircha shular. Yana bir bor takrorlab aytamiz, yuqorida nomlari tilga olinganlarning barchasi gumonlanuvchi tariqasida qo‘lga olingan va aybi hali isbotlanmagan. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, ularning barchasiga qamoqqa olish ehtiyot chorasi tanlangan. Amaldorlarning qo‘lga olinishi haqidagi gaplarga hozirgacha rasmiy ma’lumot berilmadi. Voqealar rivojini QALAMPIR.UZ'da kuzating.