Husiylar Isroil tomon suzayotgan yana bir kemaga zarba berdi
Olam
−
15 dekabr 2023 9204 2 daqiqa
Yamandagi husiylar Isroilga ketayotgani taxmin qilingan “Maersk Gibraltar” yuk kemasiga zarba berdi. Bu haqda harakat vakili Yahyo Sariya ma’lum qildi.
“Yaman harbiy-dengiz kuchlari Isroilga yo‘l olgan “Maersk Gibraltar” konteyner kemasiga qarshi operatsiya o‘tkazdi. Kema uchuvchisiz samolyot hujumiga uchradi”, degan Sariya.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Maersk Gibraltar” ekipaji husiylarning yo‘nalishni o‘zgartirish talabiga javob bermaganidan keyin kema nishonga olingan. Shuningdek, Sariya so‘nggi 48 soat ichida husiylar Isroil portlariga yo‘l olgan bir nechta kemalarning o‘tishiga to‘sqinlik qilganini aytgan.
"Danmarks" radiosining xabar berishicha, Ummondan Saudiyaga yo‘l olgan “Maersk Gibraltar” Bob al-Mandeb bo‘g‘ozida raketa hujumiga uchragan. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan – raketa kemaga tegmagan, balki undan taxminan 50 m uzoqlikda qulagan.
Buyuk Britaniya Harbiy-dengiz kuchlarining dengiz savdosini muvofiqlashtirish markazi (UKMTO) ham Bob al-Mandeb bo‘g‘ozida joylashgan kemadan 50 metr uzoqlikda portlash sodir bo‘lganini bildirgan. UKMTO kema ekipaji o‘zlarini mamlakat dengiz floti vakillari deb da’vo qilgan shaxslardan yo‘nalishni o‘zgartirish va Yaman qirg‘oqlari tomon yo‘l olish buyrug‘ini olgani to‘g‘risida ma’lumot bergan.
G‘azo sektorida Falastin-Isroil mojarosi avj olganidan so‘ng, husiylar Isroil hududiga hujumlar uyushtirishi va unga aloqador kemalarning Qizil dengiz va Bob al-Mandeb bo‘g‘ozi suvlari orqali o‘tishiga yo‘l qo‘ymasliklarini e’lon qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Yaman husiylari Qizil dengizda Isroil yuk kemasini qo‘lga olib, Yaman qirg‘oqlariga tortib olib ketgan. Isroil mudofaa kuchlari musodarani "global miqyosdagi hodisa" deb atagan. Keyinchalik Yaman qirg‘oqlarida Isroilning Zodiac Maritime kompaniyasiga tegishli bo‘lgan “Central Park” tankeri qo‘lga olingandi. AQSHning USS Mason esminetsi noma’lum shaxslar tomonidan hujumga uchragan "Central Park" kemasining favqulodda chaqiruviga javob qaytargan. Shundan so‘ng Yamandan USS Mason esminetsi tomon ikki ballistik raketa uchirildi. Dekabr oyida husiylar Isroilning Unity Explorer va Number Nine nomli ikkita kemasiga hujum qilgan. Ilgari husiylar faqat Isroil bilan bog‘liq kemalarga tahdidlarni e’lon qilgan. Biroq, 12 dekabrda ular Norvegiyaning “Strinda” savdo kemasiga hujum qilgan. Kecha, 14 dekabr kuni esa AQSHning USS Mason esminetsi Qizil dengizda Yamandagi husiylar nazorati ostidagi hududdan uchirilgan dronni urib tushirdi.
Live
Barchasi