O‘zbekiston birinchi xonimi Turkiyaga bordi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning rafiqasi – birinchi xonim Ziroat Mirziyoyeva Turkiya Respublikasi birinchi xonimi Emina Erdo‘g‘anning taklifiga binoan kecha, 14 noyabr kuni Istanbul shahriga yetib bordi. Mehmonni aeroportda Turkiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Yasin Ekrem Serim kutib olgan. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ziroat Mirziyoyeva bugun, 15 noyabr kuni Turkiya Respublikasi Prezidentining rafiqasi Emina Erdo‘g‘an tomonidan dunyo birinchi xonimlari uchun tashkil etilayotgan "Falastin uchun yagona yurak" sammitida ishtirok etadi. 

Tashrifda Ziroat Mirziyoyevaga kenja qizi – Ijtimoiy himoya agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva hamrohlik qilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammitida ishtirok etgan Rajab Toyib Erdo‘g‘an 15 noyabr kuni rafiqasi dunyo birinchi xonimlari ishtirokida Falastin uchun yig‘in qilayotganini aytib, ishtirokchi davlatlar rahbarlaridan ushbu tadbirni qo‘llab-quvvatlashni so‘ragan edi

IHT sammiti bahonasida turmush o‘rtog‘iga hamrohlik qilib, Toshkentga kelgan Emina Erdo‘g‘an O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva vasiyligidagi “Zamin” fondi tomonidan tashkil etilgan "Bolalar va yoshlar harakatda – Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi" xalqaro forumida nutq so‘zlab, Falastindagi bolalar va ayollar dardini ochiq aytdi

Birinchi xonim Erdo‘g‘an qon to‘kilishini to‘xtatishning yagona yo‘li masalaga diniy va tarixiy rishtalardan, siyosiy va tijorat aloqalaridan xoli ravishda vijdon va rahm-shafqat nazari bilan qarash ekanini aytdi. 

U Myanma, Somali, Ukraina va Suriyada bo‘lgani kabi Falastinga nisbatan ham dunyodan xuddi shunday munosabatni kutayotganini bildirdi. Dunyoda hech bir shafqatsizlikni jim kuzata olmaydigan Turkiya, avval o‘t ochishni to‘xtatish, keyin esa doimiy tinchlik o‘rnatish borasidagi sa’y-harakatlarini qat’iyat bilan davom ettirishini aytdi. 

“Chunki biz bolalar o‘sib-ulg‘ayib, yer yuzini qonlari bilan emas, tabassumlari bilan bo‘yashlari mumkin bo‘lgan dunyoni xohlaymiz. Ularning nomlarini shahidlar ro‘yxatida emas, balki medallar, insoniyat manfaati uchun yaratilgan ixtirolar, kitoblar, san’at asarlarida ko‘rishni istaymiz. Osvensimda (Osvensimdagi konslager, Polsha – tahr.) oilasidan ayrilgan vijdonli yahudiylar Falastindagi qon to‘kilishini to‘xtatish uchun kurashar ekan, qirg‘inning genotsidga aylanayotganini kuzatib turmagan jamiyatlarning faryodi osmonga ko‘tarilgani sari insoniyatdan umidlarimiz ortib bormoqda”, degan Emina Erdo‘g‘an.


Maqola muallifi

Teglar

Emina Erdo'g'an Ziroat Mirziyoeva

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing