Islom olami Isroilga qarshi birlashadimi?
Tahlil
−
13 noyabr 2023
751711 noyabr kuni Saudiya Arabistonida Islom hamkorlik tashkiloti va Arab davlatlari ligasining navbatdan tashqari qo‘shma sammiti bo‘lib o‘tdi. Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud tomonidan tashkillashtirilgan mazkur sammitda ko‘plab davlatlar rahbarlari, xususan, Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, Suriya Prezidenti Bashar Asad, Iordaniya Qiroli Abdulla II, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov kabi yetakchilar qatnashdi. O‘zbekiston delegatsiyasiga esa Bosh vazir Abdulla Aripov boshchilik qildi.
Arab davlatlari ligasi va Islom hamkorlik tashkiloti qo‘shma sammitining yakuniy bayonoti qabul qilindi. Unda bir nechta masalalar bo‘yicha Arab va Islom davlatlarining yakdil pozitsiyasini ko‘rish mumkin.
Jumladan, Arab va islom davlatlari G‘azo sektoridagi janglarni to‘xtatish uchun Xalqaro gumanitar huquqni buzuvchi bosqinchi davlat tomonidan tajovuzni to‘xtatish bo‘yicha yakuniy va qonuniy kuchga ega qaror qabul qilish maqsadida BMT Xavfsizlik Kengashiga murojaat qilishini bildirdi.
Sammit ishtirokchilari BMT Bosh Assambleyasining Falastin anklavida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyasi muhimligini ta’kidlagan. Ularning fikricha, bu talabga e’tibor bermaslik Isroilga begunoh odamlar, bolalar, qariyalar va ayollarni o‘ldirish, G‘azo sektorini xarobaga aylantirish orqali o‘zining shafqatsiz tajovuzini davom ettirishga imkon beradi.
Sammit ishtirokchilari xalqaro hamjamiyatni Isroilga qurol eksport qilishni to‘xtatishga chaqirgan.
"Biz barcha mamlakatlarni armiya va ko‘chmanchilar Falastin fuqarolarini o‘ldirish va ularning uylari, shifoxonalari, maktablari, masjidlari va cherkovlarini vayron qilish uchun ishlatadigan bosqinchi hokimiyatlarga qurol va o‘q-dorilarni eksport qilishni to‘xtatishga chaqiramiz", deyiladi hujjatda.
Shuningdek, ular Xalqaro jinoiy sud prokuroridan Isroilning G‘azo sektorida sodir etgan “harbiy jinoyatlari”ni tekshirishni so‘ragan.
Sammit ishtirokchilari Arab Ligasi va Islom hamkorlik tashkiloti kotibiyatlariga Isroil armiyasi Falastin anklavida sodir etishi mumkin bo‘lgan harbiy jinoyatlar dalillarini hujjatlashtirishni topshirgan. Bayonotga ko‘ra, hududiy tashkilotlar kotibiyatlari tomonidan OAV faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha ikkita komissiya tuziladi. Tashkil etilganidan keyin 15 kun ichida ular Tashqi ishlar vazirlari darajasidagi Arab Ligasi va Islom hamkorlik tashkiloti Kengashlariga o‘z faoliyati to‘g‘risida hisobot taqdim etishi kerak. Keyin har oyda ehtimoliy harbiy jinoyatlar haqida dalillar taqdim etiladi.
Shuningdek, xujjatda Arab Ligasi va Islom hamkorlik tashkiloti davlatlari Yaqin Sharqdagi mojaroning so‘nggi avj olishi oqibatida garovga yoki hibsga olingan barcha odamlarni ozod qilishga chaqirgan.
“Biz ishg‘olchi armiya (Isroil mudofaa kuchlari nazarda tutilmoqda), yahudiy ko‘chmanchilar tomonidan sodir etilgan qotilliklarni, shuningdek, Al-Aqso masjidi hamda barcha islom va nasroniy ziyoratgohlariga qilingan hujumlarni to‘xtatishga chaqiramiz. Biz xalqaro hamjamiyatga yahudiy radikal guruhlarini terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritishni so‘rab murojaat qilamiz”, deyiladi hujjatda.
Yakuniy bayonotda taqiqlangan qurollardan foydalanish masalasi ham bor.
Arab ligasi va Islom hamkorlik tashkiloti davlatlari Kimyoviy Qurollarni Taqiqlash Tashkilotidan Isroilni xalqaro konvensiyalarda taqiqlangan qurollardan foydalangani uchun tekshirishni so‘ragan.
"Isroilning G‘azo sektori va Livanga hujumlarida xalqaro miqyosda taqiqlangan oq fosforli o‘q-dorilardan foydalanganini hamda Livanni "tosh davri"ga qaytarish haqidagi bir necha bor bayonotlari va tahdidlarini qoralagan holda, tegishli tekshiruv o‘tkazish uchun Kimyoviy Qurolni Taqiqlash Tashkilotiga murojaat qilishni zarur deb hisoblaymiz", deyiladi hujjatda.
Sammit ishtirokchilari, shuningdek, “Isroil bosqinchi hukumati a’zolarining ekstremistik va misantropik bayonotlari, jumladan, vazirlardan birining G‘azo sektorida Falastin xalqiga qarshi yadro qurolini qo‘llash tahdidi”ni ham qoralagan. Shu munosabat bilan bayonot mualliflari konferensiyaning navbatdagi sessiyasini Yaqin Sharqda yadro quroli va ommaviy qirg‘in qurollarining boshqa turlaridan xoli hudud yaratish masalasi bo‘yicha o‘tkazish zarurligini ta’kidlagan.
Shuningdek, ishtirokchi davlatlar Falastin hukumati va BMTning Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlarga yordam agentligiga moliyaviy va gumanitar yordam ko‘rsatish uchun islomiy moliyaviy xavfsizlik tarmog‘ini ishga tushirish niyatida ekanini tasdiqlagan. Qayd etilishicha, moliyaviy xavfsizlik tarmog‘i mojaroning qizg‘in bosqichi tugagandan so‘ng, G‘azo sektorini qayta qurish va Isroil agressiyasining halokatli oqibatlarini bartaraf etishda xalqaro hamkorlarni jalb qilish zarurligini ko‘rsatadi.
Bayonotda G‘azoga nisbatan ikki tomonlama standartlar siyosati olib borilayotgani ham aytilgan.
Unga ko‘ra, Arab Ligasi va Islom hamkorlik tashkiloti davlatlari Isroil va G‘azo sektoriga nisbatan ikki tomonlama standartlar siyosatini qoralaydi. Ta’kidlanishicha, bu ikkilik siyosati Isroilni himoya qiladigan va uni qonundan ustun qo‘yadigan davlatlarga ishonchni yo‘qotadi.
“Biz xalqaro hamjamiyatni Isroilni bosqinchi davlat sifatidagi majburiyatlarini bajarishga jalb qilishga va Falastin xalqiga gumanitar yordamdan zudlik bilan, xavfsiz va barqaror foydalanish imkoniyatini berishga chaqiramiz”, deyiladi hujjatda.
Arab davlatlari ligasi va Islom hamkorlik tashkiloti qo‘shma sammitining yakuniy bayonoti o‘z-o‘zidan qabul qilingani yo‘q. Bu bayonotga qadar sammitda ishtirok etgan davlat va hukumat rahbarlari o‘z pozitsiyalarini bildirib chiqish qilgan. Chiqishda ilgari surilgan fikrlar esa yakuniy bayonotda o‘z aksini topgan. Jumladan, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy Xalqaro sudni G‘azo sektorini o‘qqa tutgani uchun Isroil va AQSHni jazolashga chaqirgan.
“Sionist va amerikalik jinoyatchi yetakchilarni ta’qib qilish va jazolash uchun xalqaro sud tashkil etish zarur”, deydi Eron Prezidenti.
Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud esa BMT Xavfsizlik kengashini G‘azo sektoridagi jangovar harakatlarni to‘xtatish uchun Isroilga ta’sir o‘tkaza olmaganlikda aybladi. U, shuningdek, G‘azo sektoridagi janglarni to‘xtatish va HAMAS tomonidan garovga olinganlarni ozod qilishga chaqirgan.
“Biz gumanitar falokatga duch keldik, bu BMT Xavfsizlik Kengashi va xalqaro hamjamiyat Isroil jinoyatlariga chek qo‘ya olmaganidan dalolat beradi, bu ikki tomonlama standartlar siyosatining namoyonidir. Biz yana Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotlarini zudlik bilan to‘xtatishni talab qilamiz va asirga olinganlarni ozod qilishga chaqiramiz”, degan valiahd shahzoda.
Bundan tashqari, Muhammad bin Salmon Yaqin Sharqdagi mojaroni to‘xtatishning yagona yo‘li falastinliklarning poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan o‘z mustaqil davlatiga ega bo‘lish huquqini ta’minlash ekanligini ta’kidlagan.
O‘z navbatida, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an har doim inson huquqlari va erkinliklari haqida gapiradigan G‘arb davlatlari falastinliklarning davom etayotgan o‘ldirilishi oldida sukut saqlayotganini aytgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb va o‘zini G‘arbning quloqsiz bolasidek tutayotgan Isroil falastinliklarga yetkazilgan zarar va vayronagarchilikni qoplashi kerak. Erdo‘g‘anga ko‘ra, bir necha soatlik jangovar harakatlarni to‘xtatish emas, balki doimiy o‘t ochishni to‘xtatish zarur.
Bu masalada Tojikiston Prezidenti ham jim turgani yo‘q. Uning takidlashicha, Tojikiston ushbu hududda minglab tinch aholi, jumladan, bolalar va ayollarning o‘limiga, ko‘p sonli odamlarning yaralanishi va hayotiy muhim infratuzilmaning vayron bo‘lishiga sabab bo‘lgan fuqarolik ob’ektlariga qilingan hujumni keskin qoralaydi. Shuningdek, u Tojikiston tarixidagi fuqarolar urushini ham eslagan.
“O‘zining zamonaviy tarixida buzg‘unchi fuqarolar urushini boshidan kechirgan Tojikiston tinchlikparvar qadamlar va barcha jahon muammolari va mojarolarini tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori”, deya xulosa qilgan Imomali Rahmon.
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov esa Xalqaro hamjamiyat G‘azo sektorida tinch aholiga qilingan hujumlarni keng miqyosda qoralashi kerak deb hisoblaydi.
Arab va islom dunyosi davlatlarini G‘azo sektoridagi jangovar harakatlarni to‘xtatish uchun Isroil bilan munosabatlarni to‘xtatishga chaqirganlar ham bo‘ldi. Bu Suriya Prezidenti Bashar Asad edi.
"Agar bizda bosim uchun haqiqiy vositalar bo‘lmasa, keyingi qadamlar qo‘yishdan ma’no bo‘lmaydi. Hech bo‘lmaganda bizda siyosiy vositalar bor. Avvalo, biz sionistik birlashma bilan har qanday siyosiy aloqalarni to‘xtatishimiz kerak. Birinchi navbatda iqtisodiy aloqalarni", deydi Suriya Prezidenti.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil bilan munosabatlarni tiklash sharti G‘azo sektoridagi "tajovuzni to‘xtatish" bo‘lishi kerak.
Sammitda O‘zbekiston nomidan qatnashgan Bosh vazir Abdulla Aripov ham chiqish qilib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bir necha bor ta’kidlaganidek, Falastinning mustaqil davlat barpo etish huquqini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
“Birgalikda ekanimizni yana bir bor qat’iy bildiramiz. O‘zbekiston Falastinning BMT, Islom hamkorlik tashkilotining muqaddam qabul qilingan rezolyutsiyalariga muvofiq o‘z mustaqil davlatini barpo etishga bo‘lgan huquqini qo‘llab-quvvatlaydi”, deydi Bosh vazir.
Aripov tomonlarni gumanitar maqsadlarda zudlik bilan keng qamrovli murosaga kelishga, harbiy harakatlarni to‘xtatishga va mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga chaqirgan. Shuningdek, u O‘zbekiston Islom hamkorlik tashkiloti va unga a’zo davlatlar doirasida ushbu muammoni hal qilishga qaratilgan konstruktiv tashabbuslar va diplomatik sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan.
“Musulmon ummatining tinchligi, farovon turmushi va ravnaqi yo‘lida olib borayotgan sa’y-harakatlarimizda Allohning O‘zi madadkor bo‘lsin. E’tiboringiz uchun rahmat”, deya xulosa qilgan Abdulla Aripov.
Qozog‘iston tomoni esa G‘azo sektori aholisiga oziq-ovqat bilan bog‘liq gumanitar yordam dasturini amalga oshirish uchun Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha Islom hamkorlik tashkilotidan foydalanishni taklif qilgan.
Mamlakat TIV rahbari Murat Nurtleu hozirda G‘azo sektorida bo‘lgan Qozog‘istonning 150 dan ortiq fuqarosi, jumladan, ayollar va bolalar Rafah nazorat-o‘tkazish punkti orqali hududni tark eta olmayotganidan xavotir bildirdi. U Misr va barcha manfaatdor tomonlarni Qozog‘iston fuqarolari, ularning oila a’zolari va boshqa xorijliklarni G‘azo sektoridan evakuatsiya qilishga ruxsat berishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston respublika fuqarolari Rafahdan o‘tishga ruxsat berilgan zahoti darhol ularni o‘z vataniga qaytishini ta’minlash choralarini ko‘rgan.
LiveBarchasi