Tinchlik minbaridagi “urush qiyqiriqlari”: BMTning sessiyasida do‘zax tahdidlari qilindi
Tahlil
−
21:26 678 14 daqiqa
Donald Tramp BMT minbaridan turib Eronni yo‘q qilib yuborish bilan tahdid qildi. Rostdan. Dunyoda urushlarni oldini olish va tinchlikni saqlash kabi missiya bilan tuzilgan tashkilot sessiyasida bunday gapni aytish BMT obro‘sini ochiqchasiga yerga urishdan boshqa narsa emas.
Turkiya Prezidenti Erdo‘g‘an ham BMTni o‘zining birlamchi va muqaddas vazifasini – tinchlikni saqlash funksiyasini bajara olmayotganlikda va kuchsizlanib borayotganlikda aybladi.
Tramp bo‘lsa Vladimir Putin va Binyamin Netanyaxuni hibsga olishga order bergan Xalqaro jinoiy sudni “nazoratdan chiqqan institut” deb atadi. Barcha davlatlarni uning tarkibidan chiqishga chaqirdi. Xullas, BMTning navbatdagi sessiyasi qiziq o‘tyapti. Jarayonlarni qisman ko‘rib chiqamiz.
“Eronni do‘zaxga mahkum etaman”
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida Bosh Assambleyaning 81-sessiyasi o‘z ishini boshladi. “Ishonchni tiklash va o‘zgarishlarni boshqarish” deya nomlangan ushbu oliy darajadagi anjumanni, jahon yetakchilarining ayrimlari, afsuski, xalqaro xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash manbai emas, o‘zaro ziddiyatlar, ochiqdan-ochiq tahdidlar hamda geosiyosiy savdolashuvlar maydoniga aylantirib yuboryapti.
O‘zining 81 yillik tarixida BMT dunyoda tinchlik va totuvlikni saqlash borasida jiddiy sinovlarni boshdan kechirgan, biroq 22 sentyabr kuni minbarga chiqqan AQSH Prezidenti Donald Trampning bayonotlari tashkilotning tub mohiyatiga zid chiqish bo‘ldi. Asosiy va yagona maqsadi yer yuzida urushlarni oldini olish, barqarorlikni ta’minlash bo‘lgan xalqaro tashkilotning bosh minbaridan turib, Oq uy rahbari Eron kabi suveren bir davlatni “yo‘q qilib tashlash” bilan tahdid qildi.
“Men muhim qaror qabul qilishim kerak. Eron bilan kelishuvga erishib, ularga tiklanish va avvalgiga qaraganda ancha buyukroq mamlakatni barpo etish imkonini beramanmi? Yoki men Eronni yo‘q qilamanmi va buni tezda, ularga yana odamlarni o‘ldirish va mamlakatlarni vayron qilish imkoniyatini bermasdan qilamanmi? Yoki men ularni tirik qolish imkoniyatisiz va kelajak avlodlar uchun buyuklik umidisiz do‘zaxga mahkum etamanmi?”, deydi AQSH prezidenti.
Zaldagilar tinchlik va adolat haqidagi ma’ruzalar kutib turgan bir paytda, ushbu tahdid xalqaro hamjamiyatda keskin reaksiyaga sabab bo‘ldi. Tramp o‘z nutqida Eron bilan kelishuv 3 noyabrdagi AQSH oraliq saylovlaridan keyin, balki undan ham oldin tuzilishi mumkinligiga shama qildi. Ammo savol tug‘iladi: do‘zaxga mahkum etish tahdidi ostida olib borilayotgan muzokaralarni qanchalik “konstruktiv” deb bo‘ladi? Eron Qurolli kuchlari vakillari Trampning ushbu chiqishini navbatdagi targ‘ibot va propaganda deb atab, Islom Respublikasi “tajovuzkorlarga yanada og‘ir, vayron qiluvchi va oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan zarbalar berishga to‘liq tayyor” ekanini bildirdi.
Qiziq tomoni, minbardagi tahdidlar bir tomonda qolib, undan keyingi uchrashuvlar ortida mutlaqo boshqa manzara shakllanmoqda. Trampning nutqida Eron delegatsiyasi zalni namoyishkorona tark etgan bo‘lsa-da, shu kunning o‘zida Nyu-York mehmonxonalarida vositachilar orqali parda orti diplomatik “marafoni” avj oldi. AQSHning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va jared Kushner hamda Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi o‘rtasida Qatar va Pokiston vositachiligida uzoq muloqotlar bo‘lib o‘tdi. Taxminan uch soat davom etgan bu qatnov muzokaralarini Trampning o‘zi “juda samarali” deb baholadi. Eron esa Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish va qatnovni tiklash uchun AQSHdan dengiz blokadasini zudlik bilan bekor qilish, sanksiyalar sababli muzlatilgan aktivlarni bo‘shatish va harbiy harakatlarni to‘xtatishni talab qilmoqda. Eronning yuqori martabali rasmiylari “Reuters” agentligiga bergan intervyusida, agar Vashington harbiy va iqtisodiy bosimni yumshatsa, bo‘g‘oz bir necha kun ichida ochilishini ma’lum qildi. Demak, BMT minbaridagi “qilich charxlash” amalda Vashingtonning muzokaralar stolida o‘z shartlarini o‘tkazib olish uchun ishlatayotgan geosiyosiy dastagidan boshqa narsa emas.
“Kuba davlati tez orada qulaydi”
AQSH Prezidenti nutqi davomida Kuba davlatining kommunistik rejimini keskin tanqid qilib, uni “barbod bo‘lgan davlat” deb atadi hamda mamlakat doimiy diplomatik va iqtisodiy bosim ostida ekanini va bu rejim tez orada barham topishini ta’kidladi. U AQSHning asosiy maqsadi orolda “tub o‘zgarishlar” qilish va “ozodlikni qaror toptirish” ekanini bildirdi.
“Mening ma’muriyatim, shuningdek, kommunistik rejim o‘z tarixidagi eng kuchli bosim ostida bo‘lgan Kubadagi vaziyatni tubdan o‘zgartirishga intilmoqda. Bu mutlaqo barbod bo‘lgan davlat... U har qachongidan ham ko‘proq muvaffaqiyatsizlikka uchramoqda va u tez orada qulaydi”, dedi Tramp.
Bu gaplardan keyin Kuba delegatsiyasi majlislar zalini namoyishkorona tark etdi. Ushbu voqea zaminida chuqur siyosiy omillar yotadi. Tramp ma’muriyati Kubaga nisbatan qat’iy sanksiyalar siyosatini, xususan energetika blokadasini qo‘llash orqali mamlakatdagi ichki va iqtisodiy muammolarni xalqaro hamjamiyat e’tiboriga olib chiqishga urinyapti. Kuba rahbariyati esa bu bayonotlarni mustaqil davlatning suverenitetiga tajovuz va soxta ayblovlar deb baholadi. Zalni tark etish orqali Gavana AQSH bosimiga taslim bo‘lmasligini va o‘z siyosiy yo‘lida qolishini ko‘rsatib qo‘ydi.
Tramp Grenlandiya bo‘yicha niyatiga yetdi
AQSH prezidenti faqat Eron masalasi bilan cheklanib qolmadi. U Nyu-Yorkda Yaqin Sharq va Fors ko‘rfazi davlatlari rahbarlari bilan ham qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Eron bilan harbiylashgan mojaro yuzaga kelgan taqdirda, aynan shu mamlakatlardagi Amerika harbiy bazalari birinchi bo‘lib nishonga aylanishi aniq ekani hisobga olinsa, ushbu mintaqaviy yetakchilarning xavotirini tushunish qiyin emas.
Ayni shu BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi doirasida “ishtahasi karnay” Vashington o‘zining Arktika bo‘yicha ko‘p yillik strategik maqsadlarini rasmiylashtirib oldi. 22 sentyabr kuni Donald Tramp, Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen va Grenlandiya Bosh vaziri Yens-Frederik Nilsen Grenlandiyada Amerika harbiy ishtirokini oshirishga oid tarixiy bitimni imzoladi. Bir necha yil oldin Grenlandiyani to‘g‘ridan-to‘g‘ri “sotib olish”ni taklif qilib, rad javobini olgan va hatto harbiylashtirilgan bosqin ehtimolini ham inkor etmagan Tramp, bu safar diplomatiya orqali o‘z niyatiga erishdi.
Muddatsiz xarakterga ega bo‘lgan ushbu yangi kelishuvga ko‘ra, AQSH Grenlandiyada darhol ikkita yirik harbiy baza qurishni va harbiy kontingentni joylashtirishni boshlaydi. Kelishuvda Narsarsuak hamda Mesters-Vigdagi sobiq va mavjud bazalar ko‘rsatib o‘tilgan, qolaversa, AQSH zarurat tug‘ilganda yangi bazalar ochish huquqini ham o‘zida saqlab qoladi. Amerika harbiy samolyotlari, kemalari va dronlari orol bo‘ylab erkin harakatlanadi. Eng qizig‘i, shartnomada NATOga a’zo bo‘lmagan har qanday davlatning Grenlandiyada harbiy ishtirok etishi taqiqlanadi hamda Rossiya va Xitoydan yo‘naltiriladigan investitsiyalarni bloklash mexanizmi joriy etiladi.
“Biz tegishli hududlarda sezilarli harbiy ishtirokni o‘rnatishni darhol boshlaymiz. Biz ikkita juda yirik harbiy baza quramiz. AQSH raqiblaridan hech biriga bundan buyon bizning yozma ruxsatimizsiz Grenlandiyada harbiy ishtirok yoki u yerda nozik investitsiyalarni amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi”, deydi Tramp Oq uyning to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiyasida.
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio esa bu harakatlarni izohlab, Grenlandiyadagi bazalar AQSH raketaga qarshi mudofaasining birinchi chizig‘iga aylanishini, chunki ehtimoliy raketa zarbalari aynan Arktika orqali kelishi mumkinligini ta’kidladi.
Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen ham Trampning yonida turib ushbu hujjatni “keng qamrovli va abadiy bo‘lishi mumkin bo‘lgan bitim” deb atadi hamda bu Yevropa va NATO xavfsizligi uchun foydali ekanini qo‘shimcha qildi.
“Bu kelishuv AQSH, Grenlandiya, Daniya va NATO uchun, demak, Yevropa uchun ham manfaatlidir. Tramp raqiblarning juda yaqinlashishini istamaydi. Men to‘la qo‘shilaman. Biz ularga Grenlandiya ustidan har qanday nazoratni qo‘lga kiritishga yoki u yerda sezilarli ta’sirga ega bo‘lishga yo‘l qo‘yilmasligiga erishyapmiz. Shu bilan birga, biz Arktikada ko‘proq ittifoqchilar ishtirok etishini ta’minlamoqdamiz”, deydi Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen Trampga murojaat qilar ekan.
Grenlandiya Bosh vaziri Yens-Frederik Nilsen esa “Sizning xavfsizligingiz – bizning xavfsizligimiz” dedi. Yoki shunday deyishdan boshqa chorasi qolmadi. Aslida esa, AQSHning faqat bitta baza bilan cheklanishini va Grenlandiya hukumatining teng huquqli roziligini ko‘zda tutuvchi 1951 hamda 2004 yildagi kelishuvlarni bir chetga surib qo‘yib, Vashington ikkita yangi yirik baza qurish, erkin harbiy harakatlanish va uchinchi davlatlar investitsiyalariga veto qo‘yish huquqi orqali hech qanday moliyaviy xarajatlarsiz strategik muhim Arktika oroli ustidan to‘liq harbiy-siyosiy nazoratni o‘z qo‘liga oldi.
“Sun’iy intellekt” emas, “super intellekt”
Tramp faqatgina siyosiy mavzular bo‘yicha fikr bildirmadi. Oq uy rahbari doimgidek barcha sohalarga “o‘z lug‘atini” singdirishga urindi. U texnologiya sohasiga to‘xtalar ekan, AQSH rasmiy hujjatlarida “sun’iy intellekt” atamasini taqiqlab, uni “super-intellekt” deb qayta nomlashini e’lon qildi.
“Bundan buyon AQSH hujjatlarida va umid qilamanki, butun dunyo “sun’iy” o‘rniga ancha aniqroq “super” atamasidan foydalanadi. Men sanoat inqilobidan ham ko‘lamliroq bo‘ladigan narsaning o‘sishini to‘xtatmoqchi emasman”, deydi Tramp.
Putin va Netanyaxu hibsga olinmaydi
Global huquq-tartibot masalasida esa Tramp kutilmagan va ochiqdan-ochiq tajovuzkor chaqiriq bilan chiqdi. U Vladimir Putin va Binyamin Netanyaxuni hibsga olishga order bergan Xalqaro jinoiy sudni (XJS) “nazoratdan chiqqan institut” va “yovuzlik qilayotgan odamlar guruhi” deb atadi hamda tashkilotga a’zo barcha davlatlarni undan zudlik bilan chiqishga chaqirdi.
“Men XJSga a’zo bo‘lgan barcha mamlakatlarni ushbu institutga a’zolikni zudlik bilan rasman to‘xtatishga chaqiraman”, deydi u.
AQSH va Isroil XJS yurisdiksiyasini tan olmaydi. Avgust oyida Marko Rubio XJS raisi Tomoko Akane va katta prokurori Abdulla Seyega nisbatan AQSH sanksiyalarini joriy qilgan edi. Bunga sudning amerikalik va isroillik harbiylarga nisbatan tergov boshlagani, shuningdek, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu, sobiq mudofaa vaziri Yoav Galant hamda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga nisbatan hibsga olish orderini chiqargani sabab bo‘lgan. Vashington Gaaganing ushbu harakatlarini “suverenitetga tahdid” deb baholamoqda va xalqaro huquq normalari bilan hisoblashishni istamayotganini namoyish etmoqda.
Urush hamma o‘ylaganidan tezroq tugaydi
Nyu-Yorkdagi diplomatiyaning yana bir muhim qismi Ukraina neytralligi va urushni tugatish masalasiga qaratildi. Tramp Rossiya va Ukraina rahbarlari bilan yaqindan hamkorlik qilayotganini va mojaro “hamma o‘ylagandan ko‘ra, tezroq” hal bo‘lishini ma’lum qildi. U Lindsi Grem qonuniga asoslanib, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yanada kengaytirishga tayyorligini bildirdi.
BMT doirasida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Donald Tramp o‘rtasida o‘tgan yopiq muloqotdan so‘ng, Zelenskiy urushni qishgacha tugatishga umid bildirdi. Zelenskiyning ta’kidlashicha, agar Moskva ham shunday majburiyat olsa, Kiyev Rossiya energetika ob’ektlariga zarba berishni to‘xtatishga va energetika sulhiga rozi. Qolaversa, Zelenskiy Vladimir Putin bilan “istalgan vaqtda” uch tomonlama uchrashuvga tayyorligini bildirdi. Zelenskiy, shuningdek, AQSH Ukrainada Patriot raketalarini birgalikda ishlab chiqarish bo‘yicha litsenziya berish loyihasini qo‘llab-quvvatlayotganini qo‘shimcha qildi.
G‘azo eng katta qabristonga aylandi
Trampning tahdid to‘la chiqishi fonida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an BMT minbaridan so‘zlagan nutqida xalqaro jamiyatning og‘riqli nuqtalariga barmoq bosdi. Erdo‘g‘an BMTni o‘zining birlamchi va muqaddas vazifasini – tinchlikni saqlash funksiyasini bajara olmayotganlikda va kuchsizlanib borayotganlikda aybladi.
“G‘azo bugun nafaqat dunyodagi eng katta qabriston, balki dunyoda amputatsiya ko‘rsatkichi eng yuqori bo‘lgan mintaqadir. G‘azo – davrimizning eng insoniylikka zid, eng uyatli qirg‘inidir. Hammamizni larzaga solishi kerak bo‘lgan bu manzaraning bizga aytayotgan gapi shu: bundan 81 yil oldin tinchlik va xavfsizlikni saqlash uchun tuzilgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti bugungi kunga kelib bu vazifasini bajara olmaydigan holatga kelib qoldi. Tashkilot kuchsizlanishda davom etmoqda”, dedi Erdo‘g‘an.
Erdo‘g‘an Falastin Prezidenti Mahmud Abbosning ketma-ket ikki yildirki BMT zaliga kiritilmayotganini “vijdonlarni yaralayotgan adolatsizlik” deb atadi va Turkiya ozod Falastin ovozi bo‘lishini aytdi.
“Kechirasiz, lekin bu Toyib Erdo‘g‘anning shaxsiy masalasi emas. Bu gumanitar masala. Bu barchamiz uchun vijdon masalasi. Biz o‘ldirishdan hech qachon to‘ymaydigan genotsid tafakkuriga duch kelyapmiz. BMT zaiflashishda davom etyapti. Falastinda, Livanda, Sudanda va boshqa inqirozli hududlarda BMTga umid bog‘laganlarning hafsalasi pir bo‘lyapti. Ammo shuni eslatib o‘tmoqchimanki, bir kun kelib hamma insoniyatning umumiy vijdonidan panoh izlashga majbur bo‘ladi. Bugun biz o‘zimizni xavfsiz, farovon va tinch his qilishimiz mumkin. Bugun biz mojarolar va inqirozli hududlardan uzoqda, qulay sharoitlarda yashashimiz mumkin. Ammo hech birimiz ertaga nima bo‘lishini yoki boshimizga nima tushishini bilmaymiz”, dedi Erdo‘g‘an.
Turkiya yetakchisi Xavfsizlik Kengashini tubdan isloh qilish va doimiy 5 ta a’zo (AQSH, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Fransiya)ning veto huquqini butunlay bekor qilishga chaqirdi. Erdo‘g‘anning fikricha, Ikkinchi jahon urushidan so‘ng shakllangan bu tuzilma zamonaviy voqelikka mutlaqo javob bermaydi va dunyo taqdiri “bir nechta poytaxt”ning qaroriga bog‘liq bo‘lib qolmasligi kerak.
“190 dan ortiq mamlakat irodasi atigi 5 ta mamlakat injiqligiga bo‘ysunadigan tizim adolatli tizim emasligini va u to‘liq ishonch uyg‘otishga yoki o‘rnatishga qodir emasligini tan olishimiz kerak. Xavfsizlik Kengashi “dunyo beshtadan kattadir” tamoyiliga muvofiq mutlaqo isloh qilinishi kerak. Veto huquqini bekor qilish har qanday mazmunli islohotning ham boshlang‘ich nuqtasi, ham asosiy strategik maqsadiga aylanishi kerak. Islohot xuddi shu imtiyozning boshqa davlatlarga ham tarqatilishidan iborat bo‘la olmaydi”, deydi Turkiya Prezidenti.
Rajab Toyib Erdo‘g‘an G‘azoni tiklash masalasini ham ko‘tardi. Qolaversa, u poytaxti Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlati barpo etilishiga ishonishini bildirdi.
“Biz bir yil avval Sharm al-Shayxda imzolagan kelishuvga sodiq qolamiz. Endi biz G‘azoni qayta tiklashni imkon qadar tezroq boshlashimiz kerak. Shu munosabat bilan men sizlarni Isroilga yanada ko‘proq bosim o‘tkazishga chaqiraman. Hamma quyidagilarni tushunsin va qabul qilsin: Falastin davlatini bo‘g‘ishga urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Inshaalloh, 1967 yilgi chegaralarga asoslangan, hududiy yaxlitlikka ega va poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlati barpo etiladigan o‘sha yaxshi kunlarni ko‘ramiz”, dedi prezident.
Turkiya rahbarining eng muhim, hozirda dunyo mediasida tinmay muhokama qilinayotgan gaplari nutqining oxirida aytildi. U o‘zi ko‘targan masala ayrim toifaning g‘ashiga tegishini, unga qarshi choralar ko‘rishlarini, lekin nima bo‘lsa ham mazlumlar tarafida turishini bildirdi.
“Bugun bu yerda chin yurakdan aytgan haqiqatlarim, albatta, ba’zi odamlarni bezovta qiladi, ularning huzur-halovatini buzadi va yolg‘onlarining niqobini yechadi. Shuningdek, ular ovozimizni o‘chirishga urinib, har xil idrokni boshqarish operatsiyalariga murojaat qilishlarini ham yaxshi bilaman. Marhum shoir Sezai Karako‘ch shunday degan edi: “Ular biz jim tursak, masala yo‘q bo‘lib ketadi, deb o‘ylashadi. Ammo biz jim tursak ham, tarix jim turmaydi. Tarix jim tursa ham, haqiqat jim turmaydi. Ular bizdan qutulsalar, muammo hal bo‘ladi, deb ishonishadi. Biroq ular bizdan qutulsalar ham, o‘z vijdonlari azobidan qutula olmaydilar. Vijdonlari azobidan qutulsalar ham, tarix azobidan qutula olmaydilar. Tarix azobidan qutulsalar ham, Xudoning jazosidan qutula olmaydilar”. Men, Rajab Toyib Erdo‘g‘an, vijdoni, tarixi va rahm-shafqati yo‘l ko‘rsatgan buyuk millatning prezidenti sifatida, inshaalloh, Alloh menga umr berar ekan, shu minbardan turib, mazlumlarning, jabrdiydalarning va ovozsizlarning huquqlarini himoya qilishda davom etaman. Ularning ovozi bo‘lishda, ular nomidan gapirishda va ular uchun kurashishda davom etaman. Agar kerak bo‘lsa, qiyinchilikka chidaymiz, agar kerak bo‘lsa, badalini to‘laymiz, lekin adolatsizlik qarshisida jim turmaymiz va zulmga hech qachon rozi bo‘lmaymiz”, dedi Turkiya yetakchisi.
Makron jim turmadi
Fransiya Prezidenti Emmanuyel Makron avvaldan chiqishlarida va xalqaro minbarlarda G‘azodagi inqiroz bo‘yicha o‘zining keskin va qat’iy pozitsiyasini bildirdi. U BMT Bosh Assambleyasidagi nuqtida ham bu ishini davom ettirdi. Falastin fojiasini “barchamizni uyaltiradigan tomosha” deb atadi hamda ushbu inqiroz qarshisida xalqaro hamjamiyatning jimligini va uni hech narsa qila olmayotganini ochiqchasiga tanqid qildi. Makron o‘z nutqida zalga ta’sirchan so‘zlarni aytdi:
“Bir yil avval, xuddi shu yerda, Falastinni rasman tan olgan o‘nlab davlatlar qatorida edik. Men ba’zilarning “bular shunchaki qog‘ozdagi tan olishlar, real voqelik boshqacha”, degan pichinglarini eshitmayapmanmi? G‘azo fojiasi qarshisida qo‘l qovushtirib turaversak, xalqaro hamjamiyat sifatida bizning obro‘yimiz, ishonchimiz qayerda qoladi? Ba’zilar go‘yoki tinchlikka erishgandek keriladi. Lekin bu “tinchlik” biror soniyaga bo‘lsa-da gumanitar yo‘laklarni ocha oldimi? Nahotki barchamizni uyaltirayotgan ushbu mudhish manzarani jim kuzatib turishga mahkum bo‘lsak? Aslo va hech qachon! Bugun sodir bo‘layotgan voqealarga ochiq ko‘z bilan qarang. G‘arbiy Sohilda har kuni ochiqdan-ochiq qonunbuzarliklar sodir etilmoqda. Xo‘sh, nima sabab? Axir Hamas G‘arbiy Sohilda hech qachon faoliyat olib bormagan-ku! Bu harakatlar – Falastin xalqining mavjud bo‘lishga bo‘lgan qonuniy huquqlarini har kuni qadamma-qadam yo‘qqa chiqarish va mustaqil davlat qurish imkoniyatini tamoman barbod qilishdan boshqa narsa emas”, dedi prezident.
BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasidagi manzaralar shuni ko‘rsatadiki, bugungi kunda hamma shusiz ham tushunib turgan xalqaro diplomatiyaning chuqur inqirozi katta minbarlarda ham rad qilib bo‘lmaydigan darajaga yetdi. Asosiy maqsadi barcha millatlarni bir stol atrofida tenglik va tinchlik tamoyillari asosida birlashtirish bo‘lgan platforma, afsuski, qudratli davlatlarning harbiy baza qurish shartnomalarini rasmiylashtiradigan, suveren davlatlarni yo‘q qilish bilan tahdid qiladigan va xalqaro huquq institutlarini toptaydigan minbarga aylanib bormoqda.
Live
Barchasi