“O‘zingdan chiqqan baloga...” Gabonda ag‘darilgan prezidentning amakivachchasi hokimiyatga keldi

Olam

image

Gabonda davlat to‘ntarishini amalga oshirgan harbiylar o‘tish davrida general Bris Oligui Nguyema mamlakat rahbari bo‘lishini e’lon qildi. Bu haqda kecha, 30 avgust kuni kechqurun milliy telekanalning jonli efirida xabar berildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Nguyema Gabon Respublika gvardiyasi bosh qo‘mondoni, shuningdek, mamlakatning ag‘darilgan Prezidenti Ali Bongo Ondimbaning amakivachchasi hisoblanadi.

Oradan ko‘p o‘tmay, Afrika Ittifoqi Gabondagi harbiy to‘ntarishni keskin qoraladi. Afrika Ittifoqi komissiyasi raisi Moussa Faki Mohammed tomonidan berilgan yozma bayonotda Gabondagi harbiy to‘ntarishning Afrika Ittifoqi tamoyillariga zid ekani ta’kidlandi.

“Afrika Ittifoqi komissiyasi raisi Gabondagi vaziyatni katta tashvish bilan kuzatmoqda va harbiy to‘ntarishni mamlakatdagi saylovdan keyingi inqirozga yechim sifatida keskin qoralaydi”, deyiladi bayonotda.

Shuningdek, Afrika Ittifoqi Gabon armiyasi va xavfsizlik kuchlarini o‘z vazifalarini bajarishga, Prezident, uning oilasi va hukumat a’zolari xavfsizligini ta’minlashga chaqirgan. Bayonotda mamlakat aholisining barcha qatlamlarini tinch yo‘l bilan demokratik tuzumga qaytarish so‘ralgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 30 avgust kuni Gabondagi harbiy guruh jamoat televideniyesi orqali 14 yildan beri hokimiyatda bo‘lgan va 26 avgust kuni uchinchi muddatga qayta saylangan Prezident Ali Bongoning iste’foga chiqarilishini e’lon qilgandi. Keyinchalik Ali Bongo uy qamog‘iga, o‘g‘li esa hibsga olindi. Ayni paytda davlat to‘ntarishi tashkilotchilari saylov natijalarini haqiqiy emas deb e’lon qilgan, barcha hokimiyat institutlarini tarqatib yuborgan va mamlakat chegaralarini yopib qo‘ygan.


Maqola muallifi

Teglar

Afrika davlat to'ntarishi Gabon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing