“Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning o‘g‘liga topshirildi
Jamiyat
−
30 avgust 2023
7535Bugun, 30 avgust kuni marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning o‘g‘li, shayx nomidagi masjid imom-xatibi Ismoil Muhammad Yusuf Ko‘ksaroyda Prezident Shavkat Mirziyoyevdan otasi uchun berilgan “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordenini qabul qilib oldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Aytish joizki, joriy yilning 27 iyun kuni O‘zbekiston Prezidentining Farmoni bilan shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlangan. Farmonda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf “o‘zining serqirra faoliyati hamda beqiyos ilmiy-ma’rifiy merosi bilan islomiy tafakkur va madaniyatni ravnaq toptirish, muqaddas dinimizning ulug‘ insoniy g‘oyalarini xalqimizga yetkazish, mashhur ulamolarimizning bebaho asarlarini chuqur tadqiq etish, turli mamlakat va o‘lkalarda keng targ‘ib qilish borasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, xalqaro miqyosda dinlararo muloqotni yo‘lga qo‘yish, millat va elatlar o‘rtasida hamjihatlik va ahillikni mustahkamlash, jamiyat hayotida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga qo‘shgan ulkan hissasi, diniy va dunyoviy bilimlarni puxta egallagan yetuk mutaxassislarni tayyorlash, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi alohida xizmatlari uchun” mukofotlangani ma’lum qilingan.
Ma’lumot uchun, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 1952 yilda Andijonda tavallud topgan. U Butunjahon musulmon ulamolari ittifoqi kotiblar kengashi, Jahon islom ligasi ta’sischilar kengashi, Butunjahon tasavvuf uyushmasi prezidiumi, Jahon Xalq Islom Rahbarligi Bosh Kotibiyati, Butunjahon islom da’vati kengashi prezidiumi, Qirollik Islom tafakkuri akademiyasi (Iordaniya), Islom ulamolari va jahon mutafakkirlari assambleyasi ijro byurosi (Makka), Jahon islom universiteti Ilmiy kengashi (Islomobod) va Butunjahon masjidlar assotsiatsiyasiga a’zo bo‘lgan. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 2015 yil 10 mart kuni 62 yoshida vafot etgan.
Dafn marosimi Toshkentda bo‘lib o‘tgan. Janoza Toshkentning eski shahar qismidagi Shayx Zayniddin masjidida o‘tgan. Dafn marosimida nafaqat Toshkentdan, balki O‘zbekistonning barcha viloyatlari va boshqa mamlakatlardan 200-250 mingga yaqin odam bevosita ishtirok etgan. Muhammad Yusuf vafotidan so‘ng Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Grozniy ko‘chalaridan biriga uning nomini berish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. O‘limidan bir necha kun o‘tgach, Janubiy Koreyaning Geodje-do shahridagi masjidga uning nomi berilgan. Shuningdek, 2015 yil 26 mayda Chimkent shahrida (Qozog‘iston) Muhammad Yusuf nomidagi masjid ochilgan. Toshkent shahrining Chilonzor tumanida qurilgan masjidga ham uning nomi berilgan.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15