Benzema Olmaliqqa, Neymar Namanganga keladi – Sport dayjesti

Sport

Benzema Olmaliqqa, Neymar Namanganga keladi. Ronaldu esa Tojikistonga boradigan bo‘ldi.  Sporchilarga o‘ta mehribon bo‘lgan Andijon viloyati hokimi bu safar futbolchilarni rag‘batlantirdi va bu qaysi mablag‘lar asosida amalga oshirilishi ochiqlandi. Shuningdek, Abdurahmonov yana bir o‘ziga xos qaror chiqardi. Endi viloyat Markaziy bank xodimlari har kuni ertalab badantarbiya bilan shug‘ullanadi. Kelishilgan o‘yinda qatnashgan o‘zbekistonlik hakam va futbolchilar umrbod futboldan chetlatildi. Mahmud Murodov oyog‘idan operatsiya qilindi. Shu va boshqa xabarlar bilan QALAMPIR.UZ’DA sport dayjesti.

Prezident bir guruh sportchi va murabbiylarni taqdirladi

25 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev boks bo‘yicha Jahon chempionlari Bahodir Jalolov, Abdumalik Haloqov, Hasanboy Do‘smatov va boshqalarni “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoni hamda futbol bo‘yicha milliy terma jamoa a’zolari Abbosbek Fayzullayev, Abduqodir Husanov va boshqalarni “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, bugun davlat rahbari “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi munosabati bilan yuqori natijalarga erishgan sportchi va murabbiylardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonni imzolagan. Unga ko‘ra, quyidagilar mukofotlangan:

“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan

  • Abdullayev Ruslan Anvar o‘g‘li - Boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi;
  • Do‘smatov Hasanboy Ma’rufjon o‘g‘li - Boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi;
  • Jalolov Bahodir Isomiddin o‘g‘li - Boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi;
  • Keldiyorova Diyora Baxtiyor qizi - Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi;
  • Mo‘ydinxo‘jayev Asadxo‘ja Zohidxo‘ja o‘g‘li - Boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi;
  • Turaboyev Muzaffarbek Toshtemir o‘g‘li - Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi;
  • Haloqov Abdumalik Anvar o‘g‘li - Boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi.

“Kelajak bunyodkori” medali bilan

  • Abdullayev A’loxon Ayyubxon o‘g‘li - Boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi;
  • Baratov Dilshodbek Baxtiyor o‘g‘li - Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi;
  • Boymurodov Otabek Odiljonovich - Futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zosi;
  • Jabborova Tursunoy Valijon qizi - Og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi;
  • Jafarov Saidjamshid Rustam o‘g‘li - Boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi;
  • Jo‘rayev Oybek Odilbek o‘g‘li - Boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi;
  • Yo‘ldoshev Murodjon Quvondik o‘g‘li - Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi;
  • Mullojonov Lazizbek Hasanjon o‘g‘li - Boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi;
  • Rahmonaliyev Umarali Mahamadali o‘g‘li - Futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zosi;
  • Fayzullayev Abbosbek Sayidjon o‘g‘li - Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi;
  • Husanov Abduqodir Hikmatjon o‘g‘li - Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi;
  • Yusupov Alisher Halimboyevich - Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi.

Benzema Olmaliqqa, Neymar Namanganga keladi. Ronaldu-chi?

24 avgust kuni Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahrida futbol bo‘yicha Osiyo Chempionlar ligasining yangi mavsumiga qur’a tashlandi.
Qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonning to‘rt jamoasi guruh bosqichidagi o‘z raqiblarini bilib oldi.

Toshkentning “Paxtakor” klubi “A” guruhidan joy oldi. “Sherlar”ga guruh bosqichida “Al-Fayha”, “Ahal” va “Al-Ain” jamoalari raqiblik qiladigan bo‘ldi. Qarshining “Nasaf” jamoasi esa pley-off'ga chiqish uchun “B” guruhida “Al-Sadd”, “Al-Faysali” va “Sharja” klublari bilan kuch sinashadi. Olmaliqning OKMK klubi “S” kvartetida bahslarga kirishadi. Mirjalol Qosimov shogirdlariga Benzema boshchiligidagi “Al-Ittihod”, Eronning “Sepahon” va Iroqning “Al-Quva” jamoalari raqiblik qiladi. Namanganning “Navbahor” klubi esa “D” kvartetida musobaqadagi yurishini boshlaydi. Babayan shogirdlari Neymar boshchiligidagi “Al-Hilol”, shuningdek, “Nasaji Mozandaron” va “Mumbay Siti” klublari bilan kuch sinashadi.

Krishtianu Ronaldu to‘p tepadigan “Al-Nasr” esa “E” guruhidan o‘rin egalladi. Qur’a hech qaysi o‘zbek klubini “E” guruhiga tushirmadi. “Al-Nasr” keyingi bosqichga chiqish uchun “Persopolis”, “Al-Duhail” va “Istiqlol” klublari bilan bahs olib boradi.

“Davlatimiz qashshoqlashib qolmaydi”. Andijon hokimi futbolchilarga iPhone 14 sovg‘a qildi

21 avgust kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining 17-turi doirasida “Andijon” va “Olimpik” klublari maydonda o‘zaro bahslashdi. Mazkur uchrashuv 2:1 hisobida “Andijon” foydasiga yakunlandi. 

O‘yin tugaganidan so‘ng Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov futbolchilar bilan uchrashdi va o‘yinchilar bilan g‘alabani nishonlash chog‘ida mikrofon orqali tribunadagi muxlislarga yuzlanib, sportchilar munosib rag‘batlantirilishini ma’lum qildi. 

“Bugungi g‘alaba bilan, avvalo, hamma andijonliklarni tabriklayman. Futbolchilarga nima va’da qilgan bo‘lsam, hammasini beraman. Hozir nima ekanini aytmayman. Xudo xohlasa, bularga kuch beraman, rag‘bat beraman. Sizlar u yoqdan qo‘llab-quvvatlaysizlar, men pul tomondan qo‘llab-quvvatlayman, sog‘ bo‘linglar”,  deydi Shuhrat Abdurahmonov.

Shundan so‘ng viloyat rahbari gol muallifi Rubin Hebayga istagan avtomashinasini borib tanlashini, qolgan futbolchilarga esa iPhonye 14 smartfonlarini berishni va’da qildi.

“Ertaga borib, mashinani tanlasin. Sen mashinani orzu qilganmiding, ertaga borib, o‘zing tanla. Sen qaysini tanlasang, gap bo‘lishi mumkinmas, beramiz. Qolganlarga iPhone 14”, deydi viloyat hokimi.

QALAMPIR.UZ yuqoridagi holatda futbolchilar aynan qaysi mablag‘lar hisobiga rag‘batlantirilishini o‘rganish maqsadida viloyat hokimligi bilan bog‘landi. 

Andijon viloyat hokimligi matbuot kotibi Muslimbek Ibrohimovga ko‘ra, futbolchilarni rag‘batlantirish tashabbusi bir necha hafta oldin ilgari surilgan. Uni amalga oshirishda Andijonda professonal sportni rivojlantirishga hissa qo‘shish va sportchilarni qo‘llab-quvvatlash istagini bildirgan homiylar jalb etilgan. 

“Homiylar ishtirokida mablag‘lar jamg‘arilgan bo‘lib, viloyat rahbari aynan ushbu rag‘batlar Andijon ahli nomidan sportchilarga topshirilishini ma’lum qilib o‘tgan. Bunda homiylik harakatlarini o‘z egalariga to‘liq yetkazish maqsad qilingan”, deya ma’lum qildi u.

Abdurahmonovdan navbatdagi xurmacha qaror: hamma badantarbiyaga chiqsin

Endi Andijon viloyati Markaziy bank xodimlari har kuni ertalab badantarbiya bilan shug‘ullanadi. Bu haqda viloyat Markaziy bank axborot xizmati xabar berdi.

Unda aytilishicha, kecha, 23 avgust kuni Markaziy bank Andijon viloyat Bosh boshqarmasidagi xodimlar viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning topshirig‘iga asosan ertalabki sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlarini o‘tkazgan. Bundan asosiy maqsad xodimlar orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish bo‘lgan.

Shuningdek, xabarda ushbu mashg‘ulot har kuni o‘tkazilishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilingan.

Murodov operatsiya qilindi

Chexiyada o‘zbekistonlik UFC jangchisi Mahmud Murodovning oyog‘ida jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Bu haqda sportchi o‘z Instagram sahifasida ma’lum qildi. 

22 avgust kuni sportchi tizzasidan operatsiya qilingan va amaliyot muvaffaqiyatli yakunlangan.

“Hammaga salom! Biz Chexiyaga yetib keldik va bugun oyog‘imni operatsiya qildirdik. Xudoga shukr hammasi yaxshi o‘tdi. Endi reabilitatsiya jarayonlaridan o‘tib olishim kerak. Shu yil yakuniga qadar yana bitta jang o‘tkazmoqchiman, albatta sizning qo‘llab-quvvatlashingiz bilan. Hammaga rahmat”, deydi Mahmud Murodov.

Avvalroq sportchi QALAMPIR.UZ'ga intervyu bergan edi, unda so‘nggi jangida oyog‘idan jiddiy jarohat olganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq London shahrida o‘tkazilgan UFC Fight Night  turnirida Mahmud Murodov amerikalik MMA'chi  Brayan Barberanani hakamlarning yakdil qarori bilan mag‘lubiyatga uchratgan edi. Murodov bu orqali 2 ta mag‘lubiyatli seriyasiga nuqta qo‘ydi. Bunga qadar u UFC'da 5 ta jang o‘tkazib, 3 tasida g‘alaba qozongan.

Kelishilgan o‘yinda qatnashgan o‘zbekistonlik hakam va futbolchilar umrbod futboldan chetlatildi

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Etika qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishida assotsiatsiyaning futbol faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha maxsus inspeksiyasi tomonidan taqdim etilgan “Andijon-SGS” klubi futbolchilari hamda O‘zbekiston futbol hakamlari markazi hakami Lochin Dolimovning kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etganligi to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqildi.

Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston Pro ligasida hakamlik qilib kelgan Lochin Dolimov o‘zining tanishi orqali xorijdagi A. ismli shaxs bilan Telegram'da aloqa o‘rnatib, kelishilgan o‘yinlarni tashkil etishga uringan. 

Shuningdek, Lochin Dolimov “Andijon-SGS” klubining futbolchilari Shahbozbek Jumaboyev, Dilmurod Abduqahhorov va Javohir Qilichev bilan til biriktirgan holda 2023 yil 25 may kuni Pro liga doirasidagi “Navbahor Farm” va “Andijon-SGS” o‘rtasidagi uchrashuvning natijasiga ta’sir o‘tkazib, uchinchi shaxslar yordamida bukmekerlik kontoralari orqali pul tikib, moddiy manfaat ko‘rgan.

“Andijon-SGS” klubi futbolchisi Shahbozbek Jumaboyev O‘FA Intizom kodeksining tegishli bandlariga asosan aybdor deb topilib, unga nisbatan futbol bilan bog‘liq faoliyatning barcha turidan umrbod chetlatish hamda jarima jazosi tayinlandi.

Yuqoridagilar bilan birga, futbolchilar Dilmurod Abduqahhorov hamda Javohir Qilichev O‘FA Intizom kodeksining tegishli bandlariga ko‘ra aybdor deb topilib, Dilmurod Abduqahhorovga nisbatan futbol bilan bog‘liq faoliyatning barcha turidan 2 yil muddatga chetlatish hamda jarima intizom jazosi berildi. Javohir Qilichevga nisbatan esa futbol bilan bog‘liq faoliyatning barcha turidan 1 yil muddatga chetlatish hamda jarima intizom jazosi qo‘llanildi.

“O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi kelishilgan o‘yinlarni aniqlash bo‘yicha FIFA, OFK, “Sportradar” va boshqa tegishli tashkilotlar bilan bilan muntazam ravishda hamkorlik qilib kelayotganligini ma’lum qiladi. O‘z navbatida, kelgusida aniqlanadigan holatlar yuzasidan aybdor shaxslarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi to‘g‘risida ogohlantiradi”, deyiladi O‘FA xabarida.

DXX kubogi g‘oliblari aniqlandi

Bugun, 26 avgust kuni Toshkent shahridagi JAR stadionida futbol bo‘yicha Davlat xavflisizlik xizmati (DXX) kubogi musobaqasining final o‘yini bo‘lib ot’di.

Bu yilgi musobaqa ham shiddatli va murosasiz bahslarga boy bo‘ldi. Har bir jamoa g‘oliblik uchun astoydil kurash olib bordi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, mini-futbol bahslarida g‘oliblik Qashqadaryo viloyati jamoasiga nasib etdi. Toshkent viloyati jamoasi esa kumush medallar sohibiga aylandi.

Ayollar o‘rtasidagi mini-futbol o‘yinlarida esa samarqandlik futbolchi qizlarga teng keladigan raqib topilmadi. Vitse-chempionlik esa Xorazm vakiloariga nasib etdi.

Stadioniga yig‘ilgan minglab muxlislarni hayajonda  ushlab turgan final uchrashuvida esa Toshkent viloyatining “Navbahor” va Jizzaxning “Turon” jamoalari to‘qnash keldi. Murosasiz tarzda o‘tgan o‘yinda jizzaxliklar 2:0 hisobida zafar quchib, yakunda DXX kubogi futbol bahslarining g‘olibiga aylandi.

G‘olib jamoalarni taqdirlashdan avval individual tomondan o‘zini ko‘rsatgan futbolchilar mukofotlandi. 

Respublika bosqichida o‘g‘il bolalar o‘rtasida futbol va mini-futbol bo‘yicha g‘olib bo‘lgan jamoalar mahallasiga mini-futbol maydoni, 2-o‘rinni egallagan jamoalar uchun universal sport maydoni (basketbol va voleybol o‘yinlari uchun mo‘ljallangan), 3-o‘rinni egallagan jamoalar mahallasiga

“Stritbol” (bir savatli ko‘cha basketboli) sport maydoni qurib beriladi.

Qizlar musobaqasida g‘olib va sovrindor bo‘lgan jamoalar pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Bundan tashqari barcha g‘olib va sovrindor ishtirokchilarga diplom, medal, velosiped va televizor topshirildi. 

Ta’kidlash joiz, hozirda musobaqaning dastlabki ikki bosqichida saralangan 365 nafar futbolchi O‘zbekistonning professional futbol klublari muzokara o‘tkazmoqda. DXX kubogida o‘zini ko‘rsatgan yana bir qator futbolchilar kelgusida professional futbol jamoalarida ko‘rinish berishi mumkin.
Bu QALAMPIR.UZ’da hafta sporti yangiliklari edi. Ijtimoiy tarmoqlardagi QALAMPIR.UZ’ning sport sahiflariga obuna bo‘ling.


Maqola muallifi

Teglar

Ronaldu Benzema sport dayjesti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made