Diqqat! Hokimga gap qaytarsang qamalasan
Tahlil
−
05 avgust 2023
16258Haqiqat achchiq bo‘ladi va hech kimga yoqmaydi. Buni 3 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi 28-maktabning sobiq direktori viloyat hokimi bilan janjallashgani aks etgan videodan ham ko‘rish mumkin. Sobiq direktor “hokimbuva”ga muammolarni shartta-shartta aytarkan, viloyat “kattasi” muammoga emas, uning ovoz toni, gap qaytarishi, hammaning oldida janjal ko‘targaniga e’tibor qaratdi.
Toshkent shahrining sobiq prokurori hozirgi Surxondaryo viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov sobiq maktab direktorini o‘rnidan turg‘azib, uni “maktabdagi muhitni buzganlik”da, “viloyatni butun dunyoga sharmanda qilganlik”da ayblagan.
Ayol viloyatni butun dunyoga sharmanda qilganmi, yo‘qmi bilmadikku, bu voqea ish boshlaganiga hali ko‘p bo‘lmagan Ulug‘bek Qosimovning karerasida dog‘ bo‘lib qolish ehtimoli yo‘q emas.
“Mening nima aybim borki, ishdan olyapsiz? Muhitni buzding, deysiz nima muhitni buzdim men? Maktabning tomorqasigacha sotib yuborishyapti, indamaysiz. Ahvolni o‘rganadigan odam yo‘q, hammasining tili bir. O‘zi 20 fevralda ishga kelgan bo‘lsam, nima qilibman men?" degan maktab direktori.
Shundan so‘ng viloyat hokimi uning e’tirozlariga qarshi chiqib, direktorning bunday gapirishga “haqqi yo‘qligini” uqtirgan.
“Nima uchun haqqim yo‘q ekan? Miltiq bo‘lsa, otib tashlang meni. Avval borib ko‘ring, maktabning nima muammosi borligini biling. Bularning hammasini tili bir, meni sudlangan deyapti. Qachon sudlandim men?
Janob viloyat hokimi, miltiqni olingda, meni otib tashlang. Sizga to‘g‘ri ma’lumot kiritadigan odamning o‘zi yo‘q ekan yoningizda. Haqiqatni endi men aytaman, shu yerda oxirigacha o‘tiraman va hamma gapni eshitaman. Viloyat hokimiga to‘g‘ri ma’lumot kiritish kerak edi” , deya o‘z e’tirozini bildirishda davom etgan sobiq maktab direktori.
Videoni ko‘rgan bo‘lsangiz ayolning maqsadini tushunish qiyin emas. U maktabdagi muammolar haqida gapiryapti. Qolaversa, muammolar "hokimbuva"ga boshqacha yetkazilgani uchun e’tiroz qilmoqda. Balki bu haqiqatdir. Ammo hammaning oldida hokimga qattiq gapirib bo‘ladimi? Albatta yo‘q. Majlisning o‘zida ichki ishlar xodimlari ayolni zaldan chiqarishga urindi. Atrofdagilardan birorta mard turib, “kechirasiz janob hokim, ayol kishiga bunday muomala qilolmaysiz, u sizga haqiqatni gapiryapti”, demadi. Deya olmaydi ham. Muammo bo‘lsa ham, haqiqatga ko‘z yumsa ham, nohaqliklarga chidasa ham ishlashadi. Muhimi hokimlarning ko‘ziga yomon ko‘rinib qolmasa bo‘lgani.
Selektordagi janjal shu bilan tugamadi. Janob hokim direktorni ishdan oldi va ayol hibsga olindi. Shuningdek, uning maktabga direktorlik qilgan davrini qayta tekshiruvdan o‘tkazish boshlangani ham aytildi.
Mojaroning sababi nima?
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu mojaroning asl ildizi 2021 yilgi voqealarga borib taqaladi. O‘shanda Sariosiyo tumanidagi 28-maktabning bir guruh o‘qituvchilari maktab direktori o‘qituvchilarga zug‘um o‘tkazib, ularning dars soatlarini qisqartirib yuborgani hamda malakali kadrlarni ishdan bo‘shatganini aytib, respublika rahbariyatiga murojaatlar yo‘llagan. O‘qituvchilar mahalliy internet nashrlaridan birini maktabga taklif qilib, undan holatni o‘rganishni so‘ragan. Direktor maktabga borgan jurnalistlarni haydab chiqarib, ularning kamerasini sindirib tashlagan. Ushbu holat jamoatchilik o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘lganidan so‘ng direktorga nisbatan o‘z lavozim majburiyatlariga sovuqqonlik bilan yondashib, fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashda ijro intizomini va odob-axloq qoidalarini buzganligi uchun "hayfsan" chorasi qo‘llangan. 2021 yilning 10 dekabrida esa u ishdan bo‘shatilgan. Biroq, 2022 yil 10 fevral kuni uning ishdan olinishi noqonuniy bo‘lgan, degan xulosaga kelinib, maktab direktorligiga qayta tayinlangan.
Hokimning ishdan bo‘shatish vakolati bormi?
Viloyat hokimi direktorni ishdan bo‘shatgani keskin noroziliklarga sabab bo‘ldi. Xo‘sh, viloyat “kattasi” istalgan o‘qituvchi, direktor yoki boshqalarni ishdan bo‘shatish vakolatiga egami?
Maktab direktoriga ish beruvchi – Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 170-moddasida “Mehnat shartnomasini bekor qilish ishga qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi va ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi”, deb yoziladi. O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, viloyat hokimining maktab direktorini ishdan bo‘shatish vakolati yo‘q.
Inson huquqlari faoli, “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov holatga munosabat bildirib, “hokim maktab direktorini ishdan bo‘shatish haqidagi buyrug‘i bilan mansab vakolatidan chetga chiqish va uni suiiste’mol qilish jinoyatini sodir etdi”, deb yozmoqda.
Ayolning ozod qilinishida Hilola Umarovaning qo‘li bormi?
Holatga munosabat bildirgan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova sobiq direktorning hibsga olinganini tasdiqladi.
“Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi 28-maktab direktori bilan bog‘liq vaziyatni shaxsan o‘z nazoratimga oldim. Maktab direktori ayni damda ma’muriy qamoq jazosidan ozod etildi”, degan vazir.
Shuningdek, u ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan har bir shaxs o‘z muomala madaniyati bilan barchaga o‘rnak bo‘lishi lozimligini ham eslatib o‘tgan.
4 avgust kuni vazir Umarova sobiq direktor bilan telefon orqali muloqot qilgani aks etgan video tarqaldi. Unda Umarovaning ayoldan hol-ahvol so‘ragani aks etgan. Hilola Umarovaning chiqishlaridan keyin tarmoqlarda sobiq direktor vazir aralashuvidan keyin qamoqdan chiqarilibdi, degan gaplar bolaladi.
QALAMPIR.UZ'dagi ma’lumotlarga ko‘ra aslida unday emas. Videodagi holat 26 iyul kuni sodir bo‘lgan. Shu kunning o‘zida ayol hokim buyrug‘i bilan qo‘lga olinib, 12-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining majlislar zalida majlis ishtirokchilari oldida, ya’ni jamoat joyida baqir-chaqir qilib, jamoat tartibi va fuqarolarning tinchligini buzib mayda bezorilik qilib, ichki ishlar organlari xodimining ushbu huquqbuzarlik harakatini to‘xtatish haqidagi qonuniy talabini bajarmasdan, o‘zining bu xatti-harakati uchun O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 194- (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) moddasining 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topilgan. Sobiq direktor o‘rinbosariga MJtKning 183-moddasi bilan 10 (o‘n) sutka ma’muriy qamoq jazosi, bazaviy hisoblashning 5 (besh) baravari miqdorida, ya’ni 1 650 000 so‘m jarima jazosi tayinlangan.
Sudning 26 iyuldagi qarori ustidan 27 iyul kuni appelyatsiya instansiyasiga murojaat qilingan. 28 iyul kuni sud majlisi bo‘lib apellyatsiya shikoyati rad etilgan. 1 avgust kuni Oliy sudga ishni kassatsiya instansiyasida ko‘rib chiqish uchun topshirilgan ariza qanoatlantirilib, 10 kunlik qamoqda saqlash muddati 7 kunga qisqartirilgan.
Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, ayol muddatidan oldin qamoqdan chiqishi vazirning buyrug‘i yoki ko‘rsatmasi bilan emas, kassatsiya instansiyasining birinchi instansiya sudi qarorini o‘zgartirishi bilan bog‘liq.
“Hokimbuva” jazosiz qoladimi?
Holat yuzasidan bir necha advokatlar bilan suhbatlashdik. Professionallarning aytishicha, direktor ayolning xatti-harakatlarida sud qarorida aytilgan mayda bezorilik (MJtKning 183-modda), yoki ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik (194- madda) alomatlari mavjud emas.
Nima bo‘lganda ham ayolni aybdor qilishdi va u 7 kun qamoqda o‘tirdi. Endi savol tug‘iladi “qonunlar ishlaydi” deyilgan O‘zbekistonda mansab vakolatidan foydalanib, maktab direktorini ishdan bo‘shatgan hokim nima bo‘ladi, u jazosiz qoladimi? Bu nafaqat bizning, balki bugun butun jamoatchilik berayotgan savol desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Bir necha kundan beri takrorlanayotgan yana bir gap bor: “O‘qituvchining ortida Prezident turibdi”.
Kechirasiz, hech kimning ortida Prezident turishi kerak emas. Hammani, qonunlar himoya qilishi lozim. Bu holat mustaqil deyayotganimiz sudni, prokuratura, ichki ishlar hatto maktablarni ham hokim boshqarishini ko‘rsatdi. U istagan odamni bo‘shatadi, istagan odamni qamatadi. Yashasin adolat.
Surxondaryo viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov maktab direktorini ishdan bo‘shatgani va maktabda tekshiruv boshlatganini yuqori turuvchi organlar tekshirishi va qonuniy baho berishi lozim.
LiveBarchasi