Liftdan ayolning jasadini topgan kim?

3-sahifa

Kecha, 28 iyul kuni 32 yoshli ayol Mirzo Ulug‘bek tumani Parkent ko‘chasidagi yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarning birida elektr toki uzilishi oqibatida liftda qamalib qolib, vafot egani haqida xabar bergan edik.

QALAMPIR.UZ ayolni lift ichida o‘lik holda ko‘rib, ichki ishlar xodimlariga murojaat qilgan guvohdan voqea tafsilotlarini so‘radi. 

“7-qavatda yashayman. 27 iyul kuni kechasi oilam bilan uydan chiqdik. Lift ishlamayotgan edi. Yuqori qavatdan pastga tushayotganimizda 1-qavatda lift eshigi ochiq ekan. Lift ichida yotgan ayolga ko‘zimiz tushdi. Qo‘shnilarni chaqirdik. 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qildik, ichki ishlar xodimlari kelmaguncha lift ichiga hech kimni kiritmadim. Prokuratura xodimi kelib, suratga olib, tegishlicha chora ko‘rdi. 

Ayol dushanba (24 iyul) kuni liftga kirgan. Payshanba (26 iyul) kuni kechqurun 22:00 lar atrofida topildi. Bir necha kundan beri lift ishlamayotgan edi. Dushanba kuni liftda Error-9 yozuvi bor edi. Error-9 bu – lift 9 qavatda to‘xtaganini bildiradi. Payshanba kuni FA-1 yozuvini ko‘rdim. Liftning eshigi ochiq holatda 1-qavatda to‘xtagan edi.

Men ertalab ketib, kechqurun kelaman. Uyda ham odam bo‘lmaydi. Aynan 24 iyul kuni chiroq o‘chganmi, degan savolga kamera qaydlaridan javob olish mumkin. Ichki ishlar xodimlari kamera qaydlarini ko‘rgan vaqtida chiroq o‘chmagan edi”, deydi Akbarxo‘ja Shadixo‘jayev.

Guvohning aytishicha, lift buzilishi yoki unda odam qamalib qolish bu uyda yashovchilar uchun yangilik emas.

“Lift bir hafta ishlasa keyingi hafta yana buziladi. Bu nosozliklar odamlarning ham joniga tekkan. Kimga murojaat qilishni bilmaymiz. Uy qurgan tashkilotga qo‘ng‘iroq qilsak, TSJ ga to‘nkaydi, ular esa quruvchi tashkilotga. Liftning sozlik holatini qabul qiladigan tashkilotlar bormi yo‘qmi buni bilmadim.

Avval ham usta qamalib qolgandi. Uni yonida sherigi bo‘lgani uchun odam chaqirib chiqarib olishgan. Bir narsani aytish kerak, bu ayol eshikni taqillatgani eshitilmadi. Kunduzi ishda bo‘lgan bo‘lsak, kechqurun taqqillatsa ham eshitilgan bo‘lar edik”, deydi guvoh.

4 kun davomida liftda qamalib qolib, vafot etgan ayolning o‘limi yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot bergan Bosh prokuratura maskur holat yuzasidan tekshiruv boshlanganidan so‘ng, Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi holatga izoh berganini aytmoqda.

“Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi “28 iyul kuni mutaxassislar tomonidan joyiga chiqib o‘rganilganida, lift qurilmasining xavfsizlik moslamalari ishchi holatdaligi yuzasidan birlamchi ko‘rik ishlari amalga oshirildi va ularni ishchi holatdaligi aniqlandi” deb rasmiy munosabat bildirgan.

Vaholanki, lift 24-28 iyul kunlari ishlamayotganligini voqea guvohlari, uy yashovchilari o‘z tushuntirishlarida, shuningdek, voqea joyida xolis surishtiruv olib borgan ommaviy axborot vositalari vakillari va jurnalistlarning videoreportajlarida to‘liq o‘z tasdig‘ini topgan”, deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing