Liftdagi ayolning o‘limi tafsilotlari
3-sahifa
−
28 iyul 2023
17722Bir necha kundan beri bedarak yo‘qolgani uchun qidirilayotgan 32 yoshli ayol yangi qurilgan uylarning liftidan jonsiz holatda topildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ayol Mirzo Ulug‘bek tumani Parkent ko‘chasidagi 269-ko‘p qavatli uyning liftiga chiqqan vaqtida chiroq o‘chib lift ichida qolib ketgan. QALAMPIR.UZ holatni o‘rganish maqsadida voqea joyiga yetib bordi.
Ma’lum bo‘lishicha voqea 24 iyul kuni sodir bo‘lgan. Vafot etgan ayol pochta xizmatchisi bo‘lgan. Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha hozirgi vaqtda holat tafsilotlari o‘rganilmoqda. Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi matbuot kotibining QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, ko‘p qavatli uyda istiqomat qiluvchi fuqarolar 3-4 kun davomida liftdan foydalanmagan.
“Ayol pochta xizmatida faoliyat olib borgan. 24 iyul, dushanba kuni Mirzo Ulug‘bek tumani sanepidqomga xat topshirgan. Keyin uni hech kim ko‘rmagan. Aynan shu kuni hamkasblari va oila a’zolari uni qidirib, 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilishgan. 27 iyul kuni esa Parkent ko‘chasi 269-uyning liftidan topilgan. Mas’ullarning fikricha, 24-27 iyul kunlari elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lmagan. Lekin bir necha marta lift ishlamay qolgan. Ayol bu manzilda istiqomat qilmagan. U o‘z ishi yuzasidan bu yerga kelgan. Fuqarolarning aytishicha 3-4 kun davomida liftdan foydalanishmagan”, deydi Ma’mur Farmonov
Holat sodir bo‘lgan pod’ezdda bir nechta xonadon sotuvga qo‘yilganiga ko‘zimiz tushdi. Odamlar yashayotgan uylar ko‘p emasligini bilish ham qiyin emas. 24 iyul kuni ko‘p qavatli uyda chiroq o‘chganmi, haqiqatdan ham liftda doimiy uzilishlar kuzatiladimi, degan savollar bilan eshik qoqdik. Afsuski fuqarolar savollarimizga javob berishni istashmadi. Hududiy elektr tarmoqlari rasmiylari esa 23-24 iyul kunlari aynan shu uy hududida elektr tarmog‘idan uzilish holatlari kuzatilmaganini aytmoqda.
“Ma’lum bo‘lishicha 23-24 iyul kunlari hududda elektr tarmog‘idan uzilish holatlari kuzatilmagan. Buni dispetcherlik xonasida mavjud bo‘lgan rejali o‘chishlarni qayd etish jurnalidan bilish mumkin. Bu yerda kelib fuqarolar bilan gaplashganimizda ham bu holat sodir bo‘lgan kuni “svet” o‘chmaganini tasdiqlashdi. Qo‘ni-qo‘shnilarning ta’kidlashicha, liftda doimiy nosozliklar kuzatilgan”, deydi Faxriddin Nuraliyev.
O‘zini tanishtirishni istamagan boshqaruv servis kompaniyasi xodimining aytishicha, sodir bo‘lgan holatdan hamma qatori xabar topgan. Tashkilotga lift ishlamagani yoki “svet” o‘chgani holati yuzasidan hech qanday murojaat kelib tushmagan. Uning qo‘shimcha qilishicha ko‘p qavatli uyni qurgan MCHJ mas’ullari xizmat ko‘rsatish tashkilotiga to‘liq hujjatlar taqdim etmagani sababli to‘liq xizmat ko‘rsatish ishlari boshlanmagan.
“Yolg‘on gapirmayman. Men ham 30 daqiqa avval xabar topdim. Boshqaruv servis kompaniyasida 24 soat ishlaydigan navbatchilik qismi bor. Bizga chiroq o‘chgani yoki lift buzilgani bilan bog‘liq hech qanday murojaat kelib tushmagan. 24 iyul kuni elektr energiyasi o‘chirilganidan xabarimiz yo‘q. Bizning kompaniyamiz bu uyga to‘liq xizmat qilmaydi. Buning asosiy sababi qurilish kompaniyasi barcha hujjatlarni bermagani bilan bog‘liq”, deydi Boshqaruv servis kompaniyasi xodimi.
LiveBarchasi