Farg‘ona sanoat o‘sishi bo‘yicha 12-o‘ringa tushib qolgan
Jamiyat
−
27 iyul 2023
4330Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida Qoraqalpog‘iston rahbariyati, barcha viloyat va tumanlar hokimlari ishtirokidagi yig‘ilish o‘tkazayotgani haqida xabar bergan edik. Yig‘ilishda davlat rahbari Farg‘ona viloyati bir paytlar sanoat o‘sishi bo‘yicha peshqadamlardan biri bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan olti oyda viloyatda sanoat hajmi 4,2 foizga o‘sib, respublikada 12-o‘ringa tushib qolganini ta’kidladi.
Sanoat salohiyati hamma tumanda ham birdek ishga solinmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Misol uchun, birinchi yarim yillikda sanoat hajmi Toshloqda 17, Qo‘qonda 3 foizga, Oltiariqda 1,3 foizga va Quvada 1,2 foizga kamaygan.
Viloyatda aholini arzon va sifatli uy-joylar bilan ta’minlash bo‘yicha ham ahvol yaxshi emasligi aytildi. Joriy yilda viloyatda qurilishi rejalashtirilgan 212 ta uy-joydan bugungi kungacha 42 tasi foydalanishga topshirilgani ta’kidlandi.
Mebelchilikda viloyatda o‘tgan olti oy davomida 250 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa-da, Oltiariq, Rishton, Dang‘ara, Furqat, Yozyovon va Farg‘ona tumanlaridagi jami mebel mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 10 milliard so‘mga ham yetmagani urg‘ulandi.
Shu bilan birga, viloyatda xizmatlar sohasini rivojlantirish borasidagi ishlar ahvoli ham qoniqarli emasligi tanqid ostiga olindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident tomonidan hududida ishlarni lozim darajada tashkil etmagani uchun Farg‘ona viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari A. O‘rinboyev, viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i A.Tillavoldiyev, Rishton tumani hokimi S. Soliyev, Marg‘ilon shahar hokimi A. Ziyovutdinov va soliq boshlig‘i T. Husanov egallab turgan lavozimidan ozod qilingandi.
Shuningdek, viloyat hokimining qurilish hamda investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari, Bag‘dod, Quva va Buvayda tumanlari hokimlariga hayfsan e’lon qilindi.
Farg‘ona shahri hokimi va sektor rahbarlarining lavozimi 3 oy sinov muddati bilan o‘z vazifasini bajaruvchi darajasiga tushirildi.
Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev viloyat IIB boshlig‘i Muhiddin Jo‘rayevni lavozimidan ozod etdi.
LiveBarchasi